Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Obligatsiyalar o‘zi nima va qanday maqsadlarda chiqariladi?

Yangilangan sana:  18 Fev 2020, 08:59
7 Fev 2020

Ma’lumki, 2020 yil yanvar oyidan boshlab Markaziy bank obligatsiyalari muomalaga chiqarila boshlandi. Xususan, o‘tgan vaqt mobaynida qariyb 1,4 trln. so‘mlik obligatsiyalar chiqarilib, tijorat banklariga joylashtirildi.

Markaziy bank obligatsiyalari – pul-kredit siyosati instrumenti bo‘lib, foiz stavkalarini tartibga solish va tijorat banklarida mavjud ortiqcha likvidlilikni nisbatan uzoqroq muddatga jalb etish maqsadida chiqariladi.

Xalqaro amaliyotda markaziy banklar tomonidan obligatsiyalar joylashtirish keng tarqalgan.

Hukumat va korporativ qimmatli qog‘ozlardan farqli ravishda Markaziy bank obligatsiyalarining asosiy maqsadi qarz majburiyatlarini jalb qilish emas, balki bank tizimi likvidliligini boshqarish samaradorligini oshirish hisoblanadi. Obligatsiyalar qisqa muddatli bank likvidliligini jalb qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, 1 yilgacha bo‘lgan muddatga chiqariladi.

Bunda, tijorat banklari likvidlilik bo‘yicha o‘rnatilgan normativlarni bajarish uchun, shu jumladan, moliyaviy bozorlar yaxshi rivojlanmagan va boshqa likvid instrumentlar yetishmagan holatda, ma’lum miqdordagi mablag‘larni bank kassasida yoki Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘ida saqlab keladi.

Biroq, mazkur mablag‘lar hech qanday daromad olib kelmaydi. Markaziy bank obligatsiyalarining muomalaga chiqarilishi esa tijorat banklari uchun yuqori likvidli aktivga ega bo‘lish bilan bir qatorda, ma’lum miqdorda daromad olish imkoniyatini beradi.

Markaziy bank obligatsiyalari tijorat banklari uchun yetarlicha jozibador instrument hisoblanadi, chunki mazkur obligatsiyalar xatarlarsiz ma’lum miqdordagi kafolatlangan daromad olish imkonini beradi. Obligatsiyalar, yuqori likvidlik bozor instrumenti yoki garov ta’minoti bo‘lganligi uchun, tijorat banklarining kreditlash imkoniyatlarini cheklamaydi.

Obligatsiyalarni joylashtirish erkin bozor sharoitida auksion o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Tijorat banklari  sotib olish zaruriyati va hajmi to‘g‘risidagi qarorlarini mustaqil qabul qiladilar.

Agar tijorat banklarida qo‘shimcha likvidlilikka bo‘lgan talab obligatsiyani so‘ndirish muddatidan oldin yuzaga kelsa, ushbu obligatsiyalardan garov sifatida foydalanib Markaziy bankdan yoki boshqa tijorat banklaridan kredit olishi mumkin. Bundan tashqari, istalgan paytda banklar ushbu obligatsiyalarni ikkilamchi bozorda yoki Markaziy bankning o‘ziga qayta sotishlari mumkin.

Umuman olganda, Markaziy bank obligatsiyalari quyidagi asosiy maqsad va vazifalarni uchun xizmat qiladi:

birinchidan, pul bozori foiz stavkalarini boshqarishga va ularning Markaziy bank asosiy stavkasiga yaqin darajada shakllanishiga xizmat qiladi;

ikkinchidan, tijorat banklari uchun belgilangan normativlar doirasida likvidlilikni samarali boshqarish hamda bir vaqtning o‘zida daromad olish imkonini beradi va bu bankning kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarini tushirishga imkon beradi;

uchinchidan, moliya bozorining rivojlanishi va “daromadlilik egri chizig‘i”ning shakllanishi uchun zarur bo‘lgan, foiz stavkalarni belgilash bo‘yicha asos (benchmark) bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: “daromadlilik egri chizig‘i”  moliyaviy instrumentlarning (masalan, obligatsiyalarning) muomala muddatiga bog‘liq foiz stavkalaridagi o‘zgaruvchanlikni ko‘rsatadi. Odatda, obligatsiyalarning muomala muddati qanchalik uzoq bo‘lsa, uning daromadligi shunchalik yuqori bo‘ladi.  

to‘rtinchidan, Markaziy bank obligatsiyalarining muomalaga chiqarilishi pul va moliya bozorining boshqa tarmoqlari rivojlanishiga imkoniyat yaratuvchi asosiy instrument sifatida qaraladi.

Arsen ALIYEV,
Pul-kredit siyosati departamentining Bosh iqtisodchisi


USD = 12697.00
+2.04
EUR = 13547.70
+38.99
RUB = 135.05
+0.39
GBP = 15836.97
+11.43
JPY = 82.23
+0.12
CHF = 13966.56
+37.48
CNY = 1753.95
-0.18
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X