O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ
Ibora to'liq holda
 
Yubiley tangalari

Banknotlar va tangalar

Foydali manbalar

Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Davlat dasturlari > 2011 yil - "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili" >

24.12.2011 Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kreditlash hajmi yillik prognoz ko'rsatkichlaridan oshib ketdi

Yangilangan sana: 29.12.2011

Respublika Markaziy banki tomonidan O'zbekiston Banklar Assotsiatsiyasi bilan birgalikda Milliy matbuot markazida "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash, ularni imtiyozli kreditlar bilan ta'minlash borasidagi ishlar sarhisobi” mavzuida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o'tkazildi.

Tadbirda "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili davlat dasturi” doirasida banklar tomonidan tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlik tuzilmalariga imtiyozli kreditlar ajratish shart-sharoitlari, biznes loyihalarni imtiyozli moliyalashtirishni kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar to'g'risida so'z yuritildi.

Ta'kidlash joizki, avvalambor Markaziy bank va tijorat banklari mikromoliyalash sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga e'tibor qaratishdi. Xususan, “Kredit axboroti almashinuvi to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. “Xususiy banklar va moliya institutlari hamda ularning faoliyati kafolatlari to'g'risida” hamda “Garov reestri to'g'risida”gi Qonunlar loyihalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 11 martdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga kredit berishni ko'paytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 19 martdagi “Vazirlar Mahkamasining “Tijorat banklarining kichik tadbirkorlikni rivojlantirishda qatnashishini rag'batlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2000 yil 19 maydagi 195-son qaroriga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarga muvofiq:

tijorat banklarining Imtiyozli kredit ajratish maxsus jamg'armasi resurslari hisobidan kredit ajratishdan oladigan daromadlari bo'shaydigan mablag'larni mazkur jamg'armaning resurs bazasini oshirishga maqsadli yo'naltirish sharti bilan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'idan 2016 yilning 1 yanvarigacha ozod qilinishi imtiyozli kreditlar hajmini oshirishga sharoit yaratdi;

jamg'arma mablag'lari ustuvor ravishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi yuqori texnologiyali va innovatsiya loyihalarini, uzoq va borish qiyin bo'lgan tumanlarda, shuningdek mehnat resurslari ortiqcha bo'lgan tumanlar va shaharlarda joylashgan ishlab chiqarish mikrofirmalarini, kichik korxonalarni, dehqon va fermer xo'jaliklarini moliyalashtirish uchun ajratilishi belgilandi;

tijorat banklariga kichik tadbirkorlik sub'ektlariga kredit berishda kreditning umumiy summasida qarz oluvchining garov ta'minotini rasmiylashtirish bilan bog'liq xarajatlarni hisobga olish huquqi berildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 16 iyundagi 175-sonli qarori bilan O'zbekiston Banklar uyushmasi huzurida Investitsiya loyihalari bo'yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg'armasi tashkil etildi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarida loyiha g'oyalarini tanlov bo'yicha tanlash va ularning loyiha hujjatlari ishlab chiqishni moliyalashtirish, kredit tashkilotlari tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirilishini tashkil etishga ko'maklashish uning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Mamlakatimiz Prezidentining "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni bilan 2011 yil 1 sentyabrdan boshlab kichik biznes subektlaridan tijorat banklarida milliy valyutada hisobraqami ochganlik uchun to'lov undirish bekor qilindi; ularning kreditlar ajratish haqidagi arizalari banklar tomonidan uch bank kunida ko'rib chiqish amaliyoti joriy etildi.

 Mazkur farmon asosida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha kafolatlash fondini tashkil etish to'g'risida” Prezident qarori loyihasi tayyorlandi. Tuzilajak jamg'arma, shubhasiz, kichik biznes sub'ektlari va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ko'rilgan izchil chora-tadbirlar o'z samarasini bermoqda. 2011 yilning o'tgan o'n oyi davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga barcha moliyalash manbalari hisobidan qariyb 3 trln. 572 mlrd. so'm yoki o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko'p miqdorda kreditlar ajratildi.

Shu yil noyabr oyiga qadar ajratilgan mikrokreditlar hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko'p yoki salkam 655 mlrd so'mni  tashkil etdi. Shundan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining salkam 22 mlrd so'mga (3,5 baravar ko'p) teng loyihalari moliyalashtirildi. Shaxsiy tomorqa va dehqon xo'jaliklarining qoramol xarid qilishlari uchun 51,5 mlrd so'm (1,4 baravar ko'p) kredit resurslari ajratildi. Banklar tomonidan “AgroMiniTechExpo” ko'rgazma savdolarida tadbirkorlik sub'ektlarining minitexnologiya va ixcham uskunalar sotib olishlari uchun imzolangan 26,9 mlrd so'mlik (3,3 baravar ko'p) shartnomalar bo'yicha lizing xizmatlari ko'rsatildi.  

Shuningdek, oziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga 615,2 mlrd. so'm (1,3 baravar ko'p), tijorat banklarining imtiyozli kreditlash maxsus jamg'armalari resurslaridan 21,8 mlrd (2,3 baravar ko'p), oilaviy tadbirkorlik va hunarmandlikni rivojlantirish uchun 49,4 mlrd. so'm (2,3 baravar ko'p), xizmat ko'rsatish va servis sohasini rivojlantirishga salkam 318 mlrd. so'm (1,4 baravar ko'p) imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.

Shu bilan birga kichik biznes sub'ektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining kredit liniyalari hisobidan 111,3 mln dollar (1,3 baravar ko'p) miqdorida mablag' ajratildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining kredit resurslariga bo'lgan asosli talablarini to'liq qondirish uchun yil oxirigacha qo'shimcha 210 mlrd so'mga yaqin resurslar ajratish ko'zda tutilmoqda.

Tijorat banklari soha sub'ektlarini kredit resurslari bilan faol qo'llab-quvvatlashida axborot bilan ta'minlash borasida olib borgan ishlari katta samara berdi. “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturida bank tizimi oldiga qo'yilgan vazifalarning so'zsiz bajarilishini ta'minlash, ularga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tijorat banklarining barcha filiallar va mini banklarida “Tadbirkorlar xonasi” tashkil etildi. Bu erda malakali mutaxassislar tomonidan ishbilarmonlarning kredit va boshqa bank xizmatlaridan foydalanish, o'z biznesini tashkil etish va rivojlantirish bo'yicha zarur maslahatlar olishi yo'lga qo'yildi.

Fililallar va minibanklarda tashkil etilgan “Tadbirkorlar burchagi”da taklif etilayotgan bank xizmatlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan imtiyozlar va shart-sharoitlar haqida axborotlar berib borildi.

Banklarning muntazam yangilanib boradigan veb-sayt va portallari orqali interaktiv xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yildi. 

Markaziy va tijorat banklari yil davomida manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda joylarda amaliy seminarlar tashkil etib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, imtiyoz va preferentsiyalarni keng targ'ib qilib bordi. Tijorat banklarining joylardagi filiallari tomonidan har bir mahalla fuqarolari yig'inlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xususan oilaviy biznes va hunarmandlikni rivojlantirish borasida aholi vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rag'batlantirish va aholi bandligini ta'minlash, yosh avlodning biznes g'oyalarini amalga oshirish maqsadida manfaatdor tashkilotlar bilan qator tadbirlar o'tkazildi. Xususan, “Yosh tadbirkor - kelajakka poydevor”, “Diplom bilan biznesga”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yaxshi ishlab chiqarish loyihasi”, “Eng yaxshi yosh tadbirkor loyihasi”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol loyihasi” va boshqa nominatsiyalarda tanlovlar tashkil etildi. Mazkur tadbirlar doirasida tanlab olingan biznes-loyihalar tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga moliyalashtirildi.