O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ
Ibora to'liq holda
 
Yubiley tangalari

Banknotlar va tangalar

Foydali manbalar

Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Prezident qarorlari >

Yangilangan sana: 12.04.2011

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
2007 yil 7 noyabr, PQ-726-son

Bank tizimini yanada rivojlantirish va bo'sh pul mablag'larini bank aylanmasiga jalb etish chora-tadbirlari to'g'risida

Qayd etib o'tilsinki, mustaqillik yillari mobaynida bank tizimini izchil va aniq maqsad yo'lida isloh qilish banklarning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishdagi rolini kuchaytirishga, ularning kapitallashuv darajasini oshirishga, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash ko'lamlarini kengaytirishga hamda ko'rsatilayotgan bank xizmatlari sifatini yaxshilashga imkoniyat yaratdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo'llab-quvvatlash hajmlari oshib bormoqda, aholiga, shu jumladan yosh oilalarga ipoteka va iste'mol kreditlari berish miqyoslari tobora kengaymoqda.

Hozirgi vaqtda tijorat banklari aktivlari va jami kapitalining hajmlari 2000 yilga nisbatan tegishli ravishda 7,6 va 7,4 baravar ko'paydi. Aholining omonat qo'yilmalari hajmi 38 baravar, bank kassalariga naqd pul mablag'larining tushumlari — 8,1 baravar, iqtisodiyotning real sektoriga kredit qo'yilmalari — 5 baravar ko'paydi.

Shu bilan birga, tijorat banklari hamon samarali investitsiya markazlariga aylangani yo'q, korxonalarni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashda o'z kapitali bilan sust qatnashmoqda. Banklarning kapitallashuv darajasini keskin oshirish, bank tizimi barqarorligi, ishonchli pul muomalasi, banklar tomonidan naqd mablag'lar to'siqsiz va to'liq berilishi kafolatlarini yaratish vazifalari dolzarbligicha qolmoqda.

Markaziy bank va tijorat banklari, soliq organlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan bankdan tashqari aylanmani qisqartirish hamda naqd pullarni bank kassalariga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar etarli darajada emas.

Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish, tijorat banklarining raqobatdoshligi, moliyaviy barqarorligi va investitsiyaviy faolligini kuchaytirish, bankdan tashqari aylanmani kamaytirish, jumladan oziq-ovqat (dehqon) bozorlaridagi naqd pullarni bank aylanmasiga jalb etish hamda naqd pulsiz hisob-kitoblar ko'lamini kengaytirish maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo'mitasi O'zbekiston Banklari uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

2007—2010 yillarda O'zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va rivojlantirish dasturi 1-ilovaga* muvofiq;

Bo'sh pul mablag'larini bank aylanmasiga yanada jalb qilish va naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmining o'sishini ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlar kompleksi 2-ilovaga* muvofiq ma'qullansin.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Davlat soliq qo'mitasi, tegishli vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar belgilangan muddatlarda sifatli va to'liq bajarilishini ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bank tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish bo'yicha ushbu chora-tadbirlarning bajarilishini har chorakda o'z majlislarida ko'rib borsin.

* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

2. 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab yangi tashkil etilayotgan banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini belgilash to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining quyidagi takliflari qabul qilinsin:

tijorat banklari uchun — so'm ekvivalentida 5 mln. evro miqdorida;

xususiy banklar uchun — so'm ekvivalentida 2,5 mln. evro miqdorida.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2008 yil mobaynida tijorat va xususiy banklarning ustav kapitallarini ko'rsatib o'tilgan talablarga muvofiqlashtirish tadbirlarini o'z vaqtida ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda amalga oshirishni ta'minlasin.

3. Belgilab qo'yilsinki, bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo'lgan tijorat banklari qimmatli qog'ozlar bozorida investitsiya vositachisi, investitsiya aktivlarini boshqaruvchi va investitsiya maslahatchisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirishga haqlidir. Bunda tijorat banklari tomonidan mazkur faoliyat turlarini amalga oshirishga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi.

4. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va sug'urta kompaniyalariga bir oy muddatda quyidagilar bo'yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish tavsiya etilsin:

bank muassasalari, shu jumladan mini-banklar, maxsus kassalar, valyuta ayirboshlash shoxobchalari tarmoqlarini oziq-ovqat (dehqon) bozorlari hududlarida joylashtirgan holda kengaytirish hamda dam olish va bayram kunlarida belgilangan tartibda ishlashini majburiy ta'minlash;

oziq-ovqat (dehqon) bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari va jismoniy shaxslarning pul mablag'larini jamg'arma hamda muddatli depozitlarga, shu jumladan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini sotishdan tushadigan bo'sh pul mablag'larni omonatchilarga mablag' saqlanadigan har bir kuni uchun foizli daromad qo'shgan holda vaqtincha saqlashga jalb etish;

dehqon xo'jaliklari, savdo-xarid firmalari va boshqa kichik biznes hamda tadbirkorlik sub'ektlariga kreditlar berish va mikromoliya, shuningdek oziq-ovqat (dehqon) bozorlarida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etkazib berish, saqlash va sotish bilan bog'liq tavakkalchiliklarni sug'urtalash bo'yicha xizmat ko'rsatish.

5. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi, Markaziy banki va tijorat banklari bir oy muddatda hududlar doirasida har bir tushum manbalari bo'yicha pul oqimining o'zgarishi, shuningdek xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning naqd pul tushumini to'liq topshirgani va topshirishdan bo'yin tovlagani to'g'risidagi ma'lumotlar o'z aksini topishi ta'minlangan tezkor axborotni kundalik ayirboshlashning umumrespublika yagona elektron tarmog'ini joriy etsin.

6. Quyidagilar 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab 3 yil muddatga:

yuridik shaxslarning tijorat banklarining depozitlariga va qarz qimmatli qog'ozlariga 1 yildan ortiq muddatga joylashtirishdan olingan foizli daromadlari soliq solishdan;

Respublika inkassatsiya birlashmasi — bo'shaydigan mablag'larni inkassatsiya xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo'naltirish sharti bilan qo'shilgan qiymat solig'i va mulk solig'i to'lashdan ozod etilsin.

7. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari R.S. Azimov va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. KARIMOV

Toshkent sh.