Bosh sahifa >
Bank tizimiga oid qonun hujjatlari >
Prezident qarorlari >
Yangilangan sana: 12.04.2011
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
2006 yil 27 sentyabr, PQ-475-son
«Qimmatli qog'ozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»
Qimmatli qog'ozlar bozorini yanada rivojlantirish, uning oshkoraligi va barqaror faoliyatini ta'minlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan investitsiyalar jalb etilishini faollashtirish, aktsiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish hamda aktsiyadorlarning huquqlari himoya qilinishini ta'minlash maqsadida:
1. O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi aktsiyadorlik kompaniyalari hamda fond tuzilmalari bilan birgalikda ishlab chiqqan 2006-2007 yillarda qimmatli qog'ozlar bozorini rivojlantirish dasturi ilovaga* muvofiq ma'qullansin, unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutiladi:
* Ilova berilmaydi.
korxonalarni to'liq davlat tasarrufidan chiqarish va yangi aktsiyadorlik jamiyatlari tuzish hisobiga qimmatli qog'ozlar birlamchi bozorini yanada rivojlantirish;
qimmatli qog'ozlar ikkilamchi bozori miqyoslarini jadal rivojlantirish va kengaytirish;
fond bozorining zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
aktsiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish;
qimmatli qog'ozlar bozori uchun kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilishni yaxshilash.
O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi ijro etuvchi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Dasturdagi chora-tadbirlar belgilangan muddatlarda so'zsiz bajarilishini ta'minlasin.
2. Shunday tartib o'rnatilsinki, bunda korporativ obligatsiyalar chiqarish faqat ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan:
obligatsiyalar chiqarish to'g'risida qaror qabul qilingan kunga auditor tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlangan o'z shaxsiy kapitali miqdori doirasida;
keyingi uch yil ichida rentabellik, to'lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlik jihatidan ijobiy ko'rsatkichlarga ega bo'lgan, auditor tashkilotining xulosalari bilan tasdiqlangan, shuningdek mustaqil reyting bahosini olgan OAJlar;
emitentlar tomonidan investorlarga tegishli mablag'larni to'lash bo'yicha to'lov agentlari vazifasini bajaruvchi tijorat banklarining ishtirokida amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar belgilansin:
aktsiyadorlik jamiyatining har yilgi biznes-rejasi kelgusi moliya yilining 1 dekabridan kechiktirmay kuzatuvchi kengash majlisida ma'qullanishi lozim;
aktsiyadorlik jamiyatlarining kuzatuvchi kengashlari qonunda belgilangan korporativ boshqaruv normalariga rioya etish bo'yicha aktsiyadorlarning umumiy yig'ilishlarida har yili hisobot beradilar;
2007 yilning 1 yanvaridan boshlab aktivlarining balans qiymati 1 mlrd. so'mdan ko'proq bo'lgan korxonalarda kuzatuvchi kengashlar tomonidan tayinlanadigan va ularga hisobot beradigan ichki audit xizmatlari tashkil etiladi;
ustav kapitalida davlat aktsiyalari (ulushlari) paketi 50 foizdan ortiq bo'lgan korxonalarda tashqi auditni o'tkazish uchun auditor tashkilotini tanlash O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan ro'yxat bo'yicha tanlov asosida amalga oshiriladi.
4. Soliq kodeksida belgilangan tartibning amal qilishi depozitariy xizmatlari va qimmatli qog'ozlar savdosini tashkil qilish xizmatlariga tatbiq etilsin, unga muvofiq qimmatli qog'ozlar aylanishi bo'yicha operatsiyalar qo'shilgan qiymat solig'idan ozod qilinadi.
5. Belgilansinki, 2006 yilning 1 oktyabridan boshlab:
o'tgan yillarning taqsimlanmagan foydasini ustav kapitalini oshirishga yo'naltirishda aktsiyadorlar qo'shimcha aktsiyalarning qiymati yoki aktsiyalarning nominal qiymatini ko'paytirish tarzida olgan daromadlari soliqqa tortish ob'ekti hisoblanmaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
qimmatli qog'ozlar bozorida brokerlik (vositachilik) faoliyatini amalga oshiruvchi mikrofirma va kichik korxonalar yalpi daromadning 13 foizi miqdoridagi stavka bo'yicha yagona soliq to'lovi to'laydilar.
6. O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda 2007 yilning 1 yanvarigacha O'zbekiston Respublikasining «Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida»gi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda qimmatli qog'ozlar bozori bo'yicha amaldagi qonun hujjatlarining qoidalarini xalqaro standartlarga muvofiq unifikatsiyalash va takomillashtirish nazarda tutilsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat mulki qo'mitasi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
vazirliklar va idoralarning normativ hujjatlari mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta'minlasin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. KARIMOV
Toshkent sh.