| O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI | ||
| ¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ | ||
| ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ | ||
Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Prezident qarorlari >
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
13 avgust 2008 yil PQ-944
"O'zbekiston aktsiyadorlik tijorat sanoat-qurilish bankining
kapitallashuv darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”
O'zbekiston aktsiyadorlik tijorat sanoat-qurilish banki ("O'zsanoatqurilishbank")ning iqtisodiyotni tarkibiy o'zgartirishda, sanoatning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirokini faollashtirish hamda uning resurs bazasi va kapitallashuv darajasini yanada oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar "O'zsanoatqurilishbank"ning investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonidagi eng muhim vazifalari deb hisoblansin:
o'z kapitali va jalb etilgan kapital bilan eng avvalo respublika iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlarida ishlab chiqarishni tarkibiy o'zgartirish, modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash jarayonlarida, istiqbolli va yuqori samarali investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda amalga oshirishda faol ishtirok etish;
neft-gaz, kimyo, elektroenergetika, elektrotexnika va sanoatning boshqa etakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, rekonstruktsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturlarini loyihaviy moliyalashtirishni ta'minlash;
investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun, jumladan xalqaro kapital bozorlaridan xorijiy investitsiya va kreditlarni rag'batlantirish hamda sindikatlashtirilgan kreditlarni keng qo'llash yo'li bilan zarur kredit resurslarini jalb etish.
2. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, "O'zsanoatqurilishbank"ning aktsiyadorlari tomonidan umumiy qiymati 65,4 mlrd. so'm miqdoridagi qo'shimcha aktsiyalarni emissiya qilish hamda bankning ustav kapitalini 100 mlrd.so'mga etkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.
3. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi hamda "O'zsanoatqurilishbankning:
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga - 35 mlrd. so'm miqdorida;
O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasiga - 26 mlrd. so'm miqdorida;
belgilangan tartibda qimmatli qog'ozlar bozori orqali, shu jumladan, bank aktsiyadorlari - sanoatning bazaviy tarmoqlari korxonalariga - 4,4 mlrd. so'm miqdorida bank aktsiyalarini sotish to'g'risidagi taklifi ma'qullansin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. KARIMOV
"O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami",
2008 yil, 34-son, 330-modda.
Toshkent sh.