Bosh sahifa >
Bank tizimiga oid qonun hujjatlari >
Prezident qarorlari >
Yangilangan sana: 12.04.2011
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
2005 yil 15 aprel, PQ-56-son
"Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”
Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish, uning barqaror rivojlanishini ta'minlash, tijorat banklarining ish samaradorligini oshirish, ularning kapitallashish darajasini ko'tarish, investitsiya jarayonlarida va iqtisodiyotning tarkibiy o'zgarishlarida keng ishtirok etishini ta'minlash maqsadida:
1. Quyidagilar bank tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va erkinlashtirishning ustuvor yo'nalishlari etib belgilansin:
pul muomalasini mustahkamlash, milliy valyuta va uning ayirboshlash kursi barqarorligini kuchaytirish, aholining bank depozitlariga qo'yadigan omonatlari ko'payishini rag'batlantirish, bankdan tashqari aylanmada qolayotgan moliyaviy mablag'lar va oqimlarni bank aylanmasiga jalb etish;
tijorat banklari barqarorligini mustahkamlash va oshirish, banklarni kapitallashtirish, ularning ustav jamg'armalari va aylanma mablag'larini ko'paytirish, kredit portfellarini sog'lomlashtirish va daromadini oshirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar ko'rish;
tijorat banklarini to'liq xususiylashtirish, bank va lizing xizmatlarining to'laqonli bozorini shakllantirish, xalqaro bank va moliya kapitalini keng ko'lamda jalb etgan holda qo'shma banklar tashkil qilish;
pul-kredit siyosati vositalarini, jumladan loyihalarni moliyalashni yanada takomillashtirish, naqd va naqdsiz pul muomalasini hamda hisob-kitoblar shaklini unifikatsiyalash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tovarlariga xaridorlar talabini rag'batlantiruvchi turli xil iste'mol kreditlarini rivojlantirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilish;
iqtisodiyotdagi tarkibiy o'zgarishlarda, investitsiya dasturlarini amalga oshirishda, birinchi galda iqtisodiyotning real tarmoqlariga investitsiya kiritish uchun mablag'lar jalb etishda tijorat banklarining faol ishtirok etishi;
tijorat banklarining korxonalarni xususiylashtirish va aktsiyalashtirish jarayonlarida keng ishtirok qilishi, qimmatli qog'ozlar bozorida tijorat banklarining operatsiyalarini va banklarning korxonalarni ishonchli boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish;
tijorat banklarini kasbiy jihatdan yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlash, bank xodimlarining mas'uliyati va madaniyatini oshirish.
2. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqqan 2005—2007 yillarda Bank sektorini isloh qilish va rivojlantirish dasturi ilovaga * muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining yanga tashkil etiladigan banklar ustav kapitalining minimal miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish, uni 2007 yilning 1 yanvariga qadar quyidagi miqdorlarga etkazish to'g'risidagi taklifi qabul qilinsin:
tijorat banklari uchun — so'mga aylantirib hisoblaganda 5 mln. AQSH dollarigacha;
xususiy banklar uchun — so'mga aylantirib hisoblaganda 2,5 mln. AQSH dollarigacha.
Tijorat banklariga banklarni kapitallashtirish darajasini oshirish hamda qo'shimcha aktsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlarni emissiya qilish va sotish, yuridik hamda jismoniy shaxslarning jalb etiladigan depozitlarini oshirish hisobiga ularning aktivlarini ko'paytirish bo'yicha 2005-2006 yillarga mo'ljallangan dasturlar ishlab chiqish tavsiya etilsin.
4. Shunday tartib o'rnatilsinki, bunda tijorat bankining o'z kapitali (regulyativ kapitali)ning bank aktivlari umumiy miqdoriga nisbati 10 foizdan kam bo'lishi mumkin emas.
5. Tijorat va xususiy banklarning aktsiyadorlik jamiyatlarini ishonchli boshqaruvida faol hamda kengroq ishtirok etishlari ularning respublika hududidagi ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblansin.
Tijorat banklarining xususiylashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish uchun tijorat banklariga qimmatli qog'ozlarning birlamchi bozorida qatnashishlariga hamda xususiylashtiriladigan korxonalar aktsiyalarining 50 foizgacha miqdorini belgilangan tartibda sotib olishlariga ruxsat berilsin.
6. Tijorat banklari aktsiyalari (ulushlari) bo'yicha jismoniy shaxslarning dividend tarzida olgan daromadlari 2010 yilning 1 yanvariga qadar soliqqa tortishdan ozod qilinsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi Moliya vazirligi va Markaziy bank ishtirokida 2005-2006 yillarda «Asaka» bankini xususiylashtirishni, 2005—2009 yillarda esa Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankini xususiylashtirishni amalga oshirsin, davlat ulushi qismini etakchi xorijiy banklarga va xalqaro moliya institutlariga sotsin.
8. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining tijorat banklariga 2010 yilni ham o'z ichiga olgan davrda quyidagi soliq imtiyozlari berish to'g'risidagi takliflari qabul qilinsin:
banklar respublikamiz korxonalariga uch yildan ortiq muddatga investitsiya kreditlari berishdan olgan va banklarning o'z kapitalini ko'paytirishga yo'naltirilgan foydalarini foyda (daromad) solig'idan ozod qilish. Statistika va bank hisobotlarida banklarning berilgan uzoq muddatli kreditlardan olgan foydalari aks ettirilishi ta'minlansin;
tijorat banklarining tasdiqlangan davlat dasturlariga muvofiq tashkil etiladigan kichik banklarni ochish bo'yicha sarf-xarajatlarini soliqqa tortiladigan bazadan chiqarish.
9. Tijorat banklariga xalqaro bank normalariga muvofiq sinditsiyalashtirilgan kreditlarni amaliyotga keng tadbiq qilish, jumladan xorijiy bank kapitalini jalb etish yo'li bilan investitsiya dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etish tavsiya qilinsin.
10. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki O'zbekiston Banklar uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
tijorat banklarida investitsiya loyihalarini ekspertizadan o'tkazish va investitsiya kreditlari ajratish bo'yicha kollegial qarorlar qabul qilish tartibini kuchaytirsin;
banklarning loyihalarni investitsiyalash, investitsiya kreditlari berish va ularga xizmat ko'rsatish masalalari bilan shug'ullanuvchi tarkibiy bo'linmalarini yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlasin;
Bank-moliya akademiyasida loyihalarni moliyalash fakulteti va bank xodimlari malakasini oshirish kurslarini ochsin.
11. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda tijorat banklari Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
tijorat banklarining kredit portfellarini, jumladan Hukumat tomonidan kafolatlangan kreditlarni kompleks tahlil qilsin;
har bir tijorat banki bo'yicha korxonalarning qarz majburiyatlarini diskont qiymati bo'yicha uchinchi shaxslarga sotish, bankrotlik taomillari jarayonida tugatilgan va sotilgan korxonalarning umidsiz kreditlari summalarini banklarning zarariga olib borish yo'li bilan hisobdan chiqarish nazarda tutilgan muammoli kreditlarni restrukturizatsiyalash dasturini ishlab chiqsin;
tijorat banklarining Hukumat kafolati bilan berilgan kreditlarini restrukturizatsiyalashni ta'minlash maqsadida davlat qimmatli qog'ozlarini chiqarish bo'yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq 2005—2007 yillarda tijorat banklariga quyidagi huquqlar beriladi:
tugatilayotgan bankrot korxonalarning O'zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati bilan berilgan kreditlar bo'yicha qarzini birinchi navbatda undirib olish;
bankrotlik to'g'risida bank tomonidan qo'zg'atilgan da'vo munosabati bilan tugatish jarayonida bo'lgan, kreditorlik qarzi tarkibida bank kreditlari bo'yicha qarz 70 foiz va undan ko'proqni tashkil etadigan korxonani, sud qarori bo'yicha bank mulkiga o'tkazish, shu jumladan bunday korxonani sotishdan olingan mablag'larni kreditorlik qarzini qoplashga yo'naltirgan holda uni mahalliy va xorijiy investorlarga sotish.
Belgilansinki, tijorat banklarining bankrotlik to'g'risida bank tomonidan qo'zg'atilgan da'vo munosabati bilan tugatish jarayonida bo'lgan korxonaning bank mulkiga o'tkazilishi natijasida qo'lga kiritilgan mol-mulki yangi mulkdorlarga sotilmaguncha mulk va er solig'iga tortilmaydi.
13. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tijorat banklari faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuviga, banklar va ularning filiallarini bank faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan tadbirlar va ishlarni bajarishga jalb etishga yo'l qo'ymaslik borasida banklar to'g'risida amaldagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin. Qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo'lgan mansabdor shaxslar ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilsin.
14. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy bank, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin, ularda bank kreditlarini ta'minlash garovi sifatida rasmiylashtirilgan to'lovni mulk hisobidan undirishning suddan tashqari tartibi soddalashtirilishi ko'zda tutilsin.
o'zining me'yoriy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov va O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklatilsin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. KARIMOV
Toshkent sh.