Bosh sahifa >
Bank tizimiga oid qonun hujjatlari >
Qonunlar >
Yangilangan sana: 03.10.2011
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
2000 yil 25 may
71-II-son
FAOLIYaTNING AYRIM TURLARINI LITsENZIYaLASh TO'G'RISIDA
(O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000 y., 5-6-son, 142-modda; 2003 y., 1-son, 8-modda; O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2006 y., 14-son, 110-modda; 2006 y., 41-son, 405-modda; 2011 y., 36-son, 363-modda)
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi qonun hujjatlari
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Faoliyatning ba'zi bir turlarini litsenziyalashning o'ziga xos jihatlari qonun bilan belgilanadi.
Ushbu Qonun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport va import qilishni litsenziyalashda, intellektual mulk ob'ektlaridan foydalanishda, shuningdek kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (franshizing to'g'risidagi shartnoma) bo'yicha yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
litsenziya — litsenziyalovchi organ tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan, litsenziya talablari va shartlariga so'zsiz rioya etilgani holda faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (huquq);
faoliyatning litsenziyalanayotgan turi — O'zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turi;
litsenziyalash — litsenziya berish to'g'risidagi arizani topshirish va ko'rib chiqish, litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish jarayoni bilan bog'liq tadbirlar kompleksi;
litsenziya talablari va shartlari — faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirayotganda litsenziat tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan, qonun hujjatlarida belgilangan talablar va shartlarning majmui;
litsenziyalovchi organlar — qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyalashni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar;
litsenziya da'vogari — litsenziyalovchi organga faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya berish to'g'risidagi ariza bilan murojaat etgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziat — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish litsenziyasi bo'lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
litsenziya shartnomasi — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziatning litsenziya olishi va undan foydalanishi borasidagi litsenziyalovchi organ bilan litsenziya da'vogari o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadigan va ular o'rtasida tuziladigan shartnoma;
litsenziyalar reestri — berilgan, to'xtatib turilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan litsenziyalar, shuningdek amal qilishi tugatilgan litsenziyalar to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan litsenziyalovchi organlarning ma'lumotlar bazalari majmui.
4-modda. Litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda litsenziyalovchi organlar amalga oshiradi.
5-modda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining litsenziyalash sohasidagi vakolatlari
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
litsenziyalovchi organlarni va faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibini belgilash, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
O'zbekiston Respublikasi hududida litsenziyalar reestrini yuritish tartibini belgilash;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash sohasidagi qonun hujjatlariga litsenziyalovchi organlarning rioya etishlarini nazorat qilish;
litsenziyalashning ayrim turlarini amalga oshirish.
6-modda. Litsenziyalovchi organlarning vakolatlari
Litsenziyalovchi organlarning vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
faoliyatning ayrim turlarini qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyalash;
qonunda nazarda tutilgan hollarda faoliyatning tegishli turlarini litsenziyalash tartibi to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlash;
litsenziya talablari va shartlariga litsenziyatlar rioya etishini nazorat qilish;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish;
litsenziyalarning amal qilishini to'xtatib turish, qayta tiklash;
litsenziyalarning amal qilishini tugatish;
litsenziyalarni bekor qilish;
litsenziyalar reestrini yuritish.
Litsenziyalovchi organlar shu organlar litsenziyalaydigan faoliyat turlari bilan shug'ullanayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tuzishga yoki ular faoliyatida muassislar (qatnashchilar) sifatida ishtirok etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
II. AMALGA OShIRISh UChUN LITsENZIYaLAR TALAB QILINADIGAN FAOLIYaT TURLARI
7-modda. Faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini aniqlash
Faoliyatning litsenziyalanadigan turlari jumlasiga amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog'lig'iga, jamoat xavfsizligiga zarar etkazishi mumkin bo'lgan hamda tartibga solib turilishi litsenziyalashdan tashqari usullar bilan amalga oshirilishi mumkin bo'lmagan faoliyat turlari kiradi.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qonunlar bilan belgilanadi.
8-modda. Faoliyatning litsenziyalanadigan ayrim turlarini jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirishni taqiqlash
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanayotgan jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) faoliyatning litsenziyalanadigan ayrim turlarini amalga oshirishini taqiqlab qo'yishi mumkin, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
9-modda. Davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va muassasalari, basharti O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan bo'lsa, faoliyatning mazkur turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirishga haqlidir. Mazkur qoida ko'rsatilgan korxonalar va muassasalarni litsenziya talablari va shartlarini, shuningdek faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish bilan bog'liq, qonun hujjatlariga muvofiq qo'yiladigan boshqa talablarni bajarishdan ozod etmaydi.
III. LITsENZIYaLAR
10-modda. Litsenziyalarning turlari
Litsenziyalar namunaviy (oddiy) va yakka tartibdagi bo'lishi mumkin.
Namunaviy (oddiy) litsenziyalar jumlasiga cheklanmagan doiradagi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan litsenziyalar kiradi, agar ushbu shaxslar tegishli faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qo'yiladigan yagona shartlar va talablarga javob bersalar.
Yakka tartibdagi litsenziyalar jumlasiga yuridik va jismoniy shaxslarga alohida talablar va shartlar asosida beriladigan, litsenziatlarga faoliyatning mazkur turini amalga oshirishda mutlaq huquqlar beruvchi, miqdoriy cheklangan litsenziyalar kiradi. Yakka tartibdagi litsenziyalar amal qilish hududi, faoliyat ob'ekti yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa asoslarga ko'ra miqdoriy cheklanadi.
Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish, qoida tariqasida, tanlov (tender) asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, shu jumladan tanlovlarni (tenderlarni) o'tkazish shartlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
11-modda. Litsenziyaning amal qilishi
Litsenziya har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi uchun alohida beriladi. Litsenziya da'vogarining arizasiga muvofiq litsenziya litsenziyalanayotgan faoliyat turining bir qismiga (qismlariga) berilishi mumkin.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya olingan faoliyat turi faqat litsenziyani olgan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya berilgan faoliyat, agar litsenziya talablari va shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshirilishi mumkin.
12-modda. Litsenziyaning amal qilish muddati
Litsenziyaning amal qilish muddati, qoida tariqasida, cheklanmaydi.
Litsenziya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziya da'vogarining arizasida ko'rsatilgan muddatga beriladi. Qonun hujjatlarida litsenziyaning cheklangan amal qilish muddati belgilanishi mumkin, lekin bu muddat besh yildan kam bo'lmasligi lozim.
Litsenziyaning amal qilish muddati tugagach, u litsenziatning arizasiga binoan uzaytirilishi mumkin. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilish muddati tugashidan kamida ikki oy oldin berilishi lozim. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziyani beruvchi uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
IV. LITsENZIYaLAShNI AMALGA OShIRISh
13-modda. Litsenziya talablari va shartlari
Faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishda rioya etiladigan litsenziya talablari va shartlari faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi nizomlar bilan belgilanib, ular quyidagi normalarni o'z ichiga olishi lozim:
litsenziatning qonun hujjatlariga rioya etishi shartligi to'g'risidagi;
faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishga da'vogar shaxslarga qo'yiladigan malaka talablari, jumladan maxsus bilimlarga qo'yiladigan talablar to'g'risidagi;
faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishning maxsus shartlariga qo'yiladigan talablar, jumladan foydalaniladigan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalarga qo'yiladigan talablar to'g'risidagi.
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi nizomlarda litsenziyalanayotgan faoliyat turi xususida qo'shimcha litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
14-modda. Litsenziya olish uchun zarur bo'ladigan hujjatlar
Litsenziya olish uchun litsenziya da'vogari tegishli litsenziyalovchi organga quyidagilarni taqdim etadi:
litsenziya berish to'g'risidagi ariza — unda: yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan eri (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisobvarag'i raqami; jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning ma'lumotlari; yuridik yoki jismoniy shaxs amalga oshirishni mo'ljallagan faoliyatning litsenziyalanayotgan turi (uning bir qismi), shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda faoliyatning mazkur turi;
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxs davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi; jismoniy shaxslar uchun — yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi;
litsenziyalovchi organ litsenziya da'vogarining arizasini ko'rib chiqishi uchun litsenziya da'vogari yig'im to'laganligini tasdiqlovchi hujjat;
faoliyatning ayrim turiga litsenziya olish uchun qo'yiladigan talablar va shartlarni litsenziya da'vogari bajarishi mumkinligini tasdiqlovchi hamda qonun hujjatlarida belgilab qo'yiladigan boshqa hujjatlar.
Litsenziya da'vogaridan ushbu Qonunda hamda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi o'zga qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo'l qo'yilmaydi.
Hujjatlar litsenziya da'vogari tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita yoki pochta aloqasi vositalari orqali, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, etkazib beriladi.
Litsenziya olish uchun tegishli litsenziyalovchi organga yuborilgan hujjatlar ro'yxat bo'yicha qabul qilinib, ro'yxatning nusxasi mazkur organ tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan sana ko'rsatilgan holda arizachiga yuboriladi (topshiriladi).
Noto'g'ri yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlarni taqdim etganligi uchun litsenziya da'vogari qonunga muvofiq javobgar bo'ladi.
15-modda. Litsenziya berish to'g'risidagi arizani ko'rib chiqqanlik uchun yig'im
Litsenziyalovchi organ litsenziya da'vogarining arizasini ko'rib chiqqanligi uchun yig'im undiriladi.
Litsenziya da'vogarining arizasini ko'rib chiqqanlik uchun yig'im miqdori har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi litsenziyalovchi organning mazkur arizani ko'rib chiqish bilan bog'liq xarajatlari doirasida tomonidan belgilanadi. Bunda yig'imning eng ko'p miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining besh baravaridan oshib ketishi mumkin emas.
Litsenziya da'vogarlarining arizalarini ko'rib chiqqanlik uchun yig'im summalari litsenziyalovchi organ hisobvarag'iga o'tkaziladi.
Litsenziya da'vogari bergan arizasidan voz kechgan taqdirda to'langan yig'im summasi qaytarilmaydi.
16-modda. Litsenziya berish to'g'risida qaror qabul qilish
Litsenziya da'vogarining arizasini barcha zarur hujjatlar bilan birga olgan kundan e'tiboran o'ttiz kundan oshmagan muddat ichida litsenziyalovchi organ namunaviy (oddiy) litsenziya berish haqida yoki berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qiladi.
Namunaviy (oddiy) litsenziya berish haqida yoki berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilishning eng kam muddatlari faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi nizomlarda belgilab qo'yilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organ, zarur holda, o'z mablag'lari hisobidan tegishli xulosalarni tayyorlash uchun ekspertlarni shartnoma asosida jalb etishga haqli.
Litsenziyalovchi organ litsenziya da'vogarini qabul qilingan qaror to'g'risida mazkur organ tegishli qarorni qabul qilganidan keyin uch kun ichida xabardor qilishi shart.
Litsenziya berish to'g'risida qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma litsenziya da'vogariga yozma shaklda bank hisobvarag'i rekvizitlari va davlat bojini to'lash muddati ko'rsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnoma litsenziya da'vogariga yozma shaklda, rad etishning sabablari va litsenziya da'vogari ko'rsatilgan sabablarni bartaraf qilib, hujjatlarni ko'rib chiqish uchun takror taqdim etishi mumkin bo'lgan muddat ko'rsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko'rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo'lgan vaqtga mutanosib bo'lishi kerak.
Litsenziya da'vogari litsenziya berish rad etilishi uchun asos bo'lgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziya da'vogarining arizasini barcha zarur hujjatlar bilan birga olgan kundan e'tiboran o'n kundan oshmagan muddat ichida litsenziyalovchi organ hujjatlarni qayta ko'rib chiqadi. Litsenziya da'vogarlarining arizalarini qayta ko'rib chiqqanlik uchun yig'im undirilmaydi. Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko'rsatilgan muddat o'tgach, berilgan ariza — yangidan berilgan deb hisoblanadi.
Litsenziya da'vogari davlat boji to'langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan taqdirda hamda u litsenziya shartnomasini imzolaganidan keyin litsenziya beriladi.
Agar litsenziat unga litsenziya berish to'g'risidagi qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan e'tiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji to'langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan bo'lsa, litsenziyalovchi organ mazkur litsenziyani bekor qilishga haqli.
17-modda. Litsenziya berishni rad etish
Litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo'ladi:
litsenziya da'vogarining hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;
litsenziya da'vogari taqdim etgan hujjatlarda noto'g'ri yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlarning mavjudligi;
litsenziya da'vogarining litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek tanlov (tender) shartlariga nomuvofiqligi.
Boshqa asoslarga ko'ra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo'l qo'yilmaydi.
Litsenziya da'vogari litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish to'g'risidagi qarori ustidan, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
18-modda. Litsenziyalarni rasmiylashtirish
Litsenziyalar tegishli blanklarda rasmiylashtiriladi. Litsenziyalarning blanklari qat'iy hisobot hujjatlari hisoblanadi, ular hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo'lishi lozim. Litsenziya blanklarining namunalari va ularni tayyorlash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Litsenziya yo'qolgan taqdirda, litsenziatning arizasiga binoan uning dublikati beriladi. Dublikat berishda ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan yig'im summasining yarmi undiriladi.
19-modda. Litsenziya shartnomasi
Litsenziya shartnomasi litsenziyalovchi organ va litsenziatning o'zaro huquqlari va majburiyatlarini belgilovchi hujjatdir.
Litsenziya shartnomasi quyidagilarni o'z ichiga olgan bo'lishi lozim:
shartnomani imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi;
taraflarning rekvizitlari;
amalga oshirilishi uchun litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziatga qo'yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
cheklangan amal qilish muddatiga beriladigan litsenziyalar uchun — litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziya shartnomasining talablari va shartlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligi;
litsenziya shartnomasining talablari va shartlarini litsenziat qanday bajarayotganligining litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilinishi tartibi;
faoliyatning ayrim turini litsenziyalash to'g'risidagi nizomga muvofiq boshqa ma'lumot.
Litsenziya shartnomasi ikki nusxada — litsenziat hamda litsenziyalovchi organ uchun bittadan nusxada tuziladi.
20-modda. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish
Yuridik shaxs bo'lmish litsenziat qayta tuzilgan, uning nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) o'zgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro'yxatdan o'tganidan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga, ko'rsatib o'tilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish to'g'risida ariza berishi shart.
Jismoniy shaxs bo'lmish litsenziat familiyasi, ismi va otasining ismi yoki turar joyi o'zgargan taqdirda, litsenziat qayta ro'yxatdan o'tganidan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga, ko'rsatib o'tilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish to'g'risida ariza berishi shart.
Hujjatlar litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita yoki pochta aloqasi vositalari orqali, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, etkazib beriladi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda ko'rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reestriga tegishli o'zgartishlarni kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to'g'risidagi arizani olgan kundan e'tiboran besh kun ichida amalga oshiriladi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda litsenziya da'vogarining litsenziya berish to'g'risidagi arizasini ko'rib chiqish uchun to'lanadigan summaning yarmi miqdorida yig'im undiriladi. Yig'im summasi litsenziyalovchi organ hisobvarag'iga o'tkaziladi.
Litsenziyalanadigan faoliyatni ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlaridagi talablarni buzgan holda amalga oshirish faoliyat bilan litsenziyasiz shug'ullanganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo'ladi.
21-modda. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish
Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda litsenziyalovchi organlar o'z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadirlar:
litsenziatlar litsenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshiruvlar o'tkazish;
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilganligidan guvohlik beruvchi faktlar mavjud bo'lgan hollarda, litsenziat litsenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshiruvlar o'tkazish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan tekshiruvlar o'tkazilayotganda yuzaga keladigan masalalar bo'yicha litsenziatdan zarur ma'lumotlarni talab qilish va olish;
tekshiruv natijalari asosida litsenziat yo'l qo'ygan litsenziya talablari va shartlarining aniq qoidabuzilishlarini ko'rsatgan holda dalolatnomalar (ma'lumotnomalar) tuzish;
litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish yoki tugatish.
Litsenziyalovchi organlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin.
Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilishlariga yo'l qo'yilganligini aniqlaganlari taqdirda o'z vakolatlari doirasida litsenziyani bergan litsenziyalovchi organga aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabar qiladilar.
22-modda. Litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda to'xtatib turilishi mumkin:
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarori litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalovchi organ tomonidan o'n ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatga, sud tomonidan esa o'n ish kunidan ko'p bo'lgan muddatga to'xtatib turilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e'tiboran uch kundan kechiktirmay etkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda etkaziladi.
Litsenziyalovchi organ yoki sud litsenziat litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilashi shart. Bunda litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan ko'p bo'lishi mumkin emas.
Litsenziat litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risida qaror qabul qilgan litsenziyalovchi organ yoki sud ko'rsatilgan holatlar bartaraf etilganligi to'g'risidagi tasdiqnomani olgan kundan e'tiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash to'g'risida o'n kun muddat ichida qaror qabul qilishi shart.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga etkazilgan zarar miqdorida javobgar bo'ladi.
Litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish va tiklash to'g'risidagi ma'lumotlar ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi kerak.
23-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to'g'risida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e'tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e'tiboran, uning o'zgartirilishi bundan mustasno;
yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro'yxatidan o'tganligi to'g'risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qo'pol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya berish to'g'risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyalovchi organ qaroriga binoan amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu moddaning birinchi qismi oltinchi—sakkizinchi xatboshilarida ko'rsatilgan hollarda sud tartibida amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to'g'risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e'tiboran uch kundan kechiktirmay etkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish to'g'risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda etkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to'g'risidagi qarorni olgan kundan e'tiboran o'n kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo'q qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish to'g'risidagi ma'lumot ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi kerak.
Tugatish to'g'risidagi qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to'g'risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga etkazilgan zarar miqdorida javobgar bo'ladi.
24-modda. Litsenziyani bekor qilish
Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
ushbu Qonun 16-moddasining to'qqizinchi qismida nazarda tutilgan holda;
litsenziat litsenziyani bekor qilish to'g'risida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziyani bekor qilish ushbu moddaning birinchi qismi to'rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish to'g'risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e'tiboran uch kundan kechiktirmay etkaziladi. Litsenziyani bekor qilish to'g'risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda etkaziladi. Litsenziat litsenziyani bekor qilish to'g'risidagi qarorni olgan kundan e'tiboran o'n kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo'q qilinishi kerak.
Litsenziyani bekor qilish to'g'risidagi ma'lumot ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi kerak.
Litsenziyani bekor qilish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya u berilgan sanadan e'tiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish to'g'risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning bekor qilinishini asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga etkazilgan zarar miqdorida javobgar bo'ladi».
25-modda. Litsenziyalarning reestrlari
Litsenziyalovchi organlar o'zlari litsenziyalashni amalga oshirayotgan faoliyatning har bir turi uchun alohida litsenziyalar reestrlarini yuritadilar.
Litsenziyalar reestrining har birida quyidagilar ko'rsatilgan bo'lishi lozim:
litsenziatlar to'g'risidagi asosiy ma'lumotlar;
litsenziyalar berilgan sana va litsenziyalarning tartib raqamlari;
cheklangan amal qilish muddatiga beriladigan litsenziyalar uchun — litsenziyalarning amal qilish muddatlari;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini to'xtatib turish va qayta tiklash asoslari hamda sanalari;
litsenziyalarning amal qilishini tugatish asoslari va sanalari;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi nizomlarda belgilangan boshqa ma'lumotlar.
Litsenziyalarning reestrlarida mavjud bo'lgan ma'lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq bo'ladi.
26-modda. Litsenziya berganlik uchun davlat boji
Litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undiriladi.
Litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji miqdorlari va uni to'lash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Faoliyatning litsenziyalanadigan turining bir qismi uchun litsenziya berganlik va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji stavkalarining kamaytirilgan miqdorlari belgilanishi mumkin.
27-modda. Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.
O'zbekiston Respublikasining
Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.