| O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI | ||
| ¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ | ||
| ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ | ||
Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Qonunlar >
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNI
04.04.2002 y. N 355-II
Hujjatning rus tilidagi matniga qarang
KREDIT UYuShMALARI TO'G'RISIDA
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 04.04.2002 y.
356-II-son Qaroriga muvofiq amalga kiritilgan
Mazkur Qonunga quyidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan
O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni,
O'zR 31.12.2008 y. O'RQ-197-son Qonuni
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
2-modda. Kredit uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlari
3-modda. Kredit uyushmasi
4-modda. Kredit uyushmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish va ularga litsenziya berish
5-modda. Kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazishni va unga litsenziya berishni rad etish
6-modda. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit uyushmalari faoliyatini tartibga solish borasidagi vakolatlari
7-modda. Kredit uyushmasi a'zolari
8-modda. Kredit uyushmasi a'zolarining huquqlari
9-modda. Kredit uyushmasi a'zolarining majburiyatlari
10-modda. Kredit uyushmasining huquqlari
11-modda. Kredit uyushmasining majburiyatlari
12-modda. Kredit uyushmasining javobgarligi
13-modda. Kredit uyushmasining ta'sis hujjati
14-modda. Kredit uyushmasining ustavi
15-modda. Kredit uyushmasining ustav fondi
16-modda. Kredit uyushmasidan chiqish
17-modda. Kredit uyushmasidan chiqarish
18-modda. Kredit uyushmasining yuqori boshqaruv organi
19-modda. Kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining vakolatlari
20-modda. Kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining bayonnomasi
21-modda. Kredit uyushmasi kengashi
22-modda. Kredit uyushmasining ijro etuvchi organi
23-modda. Kredit uyushmasining kredit qo'mitasi
24-modda. Kredit uyushmasining taftish komissiyasi
25-modda. Kreditlar berish
26-modda. Dividendlar
27-modda. Kredit uyushmasini qayta tashkil etish
28-modda. Kredit uyushmasini tugatish
29-modda. Nizolarni hal etish
30-modda. Kredit uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi kredit uyushmalarining tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Kredit uyushmalari
to'g'risidagi qonun hujjatlari
Kredit uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining kredit uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Kredit uyushmasi
Kredit uyushmasi kreditlar berish hamda boshqa moliyaviy xizmatlar ko'rsatish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy teng huquqli a'zolik asosida tuziladigan kredit tashkilotidir. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)
Kredit uyushmasi O'zbekiston Respublikasi hududida bank hisobvaraqlarini belgilangan tartibda ochishga haqlidir.
Kredit uyushmasi o'zining firma nomi davlat tilida to'liq yozilgan hamda joylashgan manzili ko'rsatilgan yumaloq muhriga ega bo'lishi lozim. Muhrda ayni paytning o'zida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham ko'rsatilishi mumkin.
Kredit uyushmasining firma nomida "kredit uyushmasi" so'z birikmasi ifodalanishi va u boshqa kredit uyushmalarining firma nomiga o'xshash bo'lmasligi kerak. Ushbu Qonun talablariga javob bermaydigan yuridik shaxs o'z nomida "kredit uyushmasi" so'z birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Kredit uyushmasi o'z nomi yozilgan shtamplarga, blankalarga va o'z emblemasiga ega bo'lishga haqlidir.
Kredit uyushmasi ishlab chiqarish, sug'urta, savdo-vositachilik hamda ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa faoliyat bilan bevosita shug'ullanishga haqli emas.
4-modda. Kredit uyushmalarini davlat ro'yxatidan
o'tkazish va ularga litsenziya berish
Kredit uyushmalari davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran yuridik shaxs huquqini oladilar. Kredit uyushmasining faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Kredit uyushmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish va ularga litsenziya berish O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi.
Kredit uyushmasi davlat ro'yxatidan o'tkazilishi va unga litsenziya berilishi uchun O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yoki uning hududiy boshqarmasiga quyidagilar taqdim etiladi: (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
joylashgan eri (pochta manzili) ko'rsatilgan holdagi ro'yxatga olish to'g'risidagi ariza; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi), (Oldingi tahririga qarang)
muassislar umumiy yig'ilishining kredit uyushmasini tuzish to'g'risidagi bayonnomasi;
kredit uyushmasining ustavi (bundan buyon matnda ustav deb yuritiladi);
kredit uyushmasi faoliyatining biznes-rejasi;
yuridik shaxslar - muassislarning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
kredit uyushmasining ustav fondi (bundan buyon matnda ustav fondi deb yuritiladi) shakllanganligini tasdiqlovchi bank hujjati;
davlat ro'yxatidan o'tkazganlik uchun davlat boji to'langanligi to'g'risidagi bank to'lov hujjati. (O'zR 31.12.2008 y. O'RQ-197-son Qonuni taxriridagi xat boshi)
Hujjatlar taqdim etilgan kundan e'tiboran o'ttiz kalendar kun ichida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazadi va bir vaqtning o'zida unga litsenziya beradi.
Ustavga kiritilgan o'zgartirishlar va qo'shimchalar (ustav fondini ko'paytirish yoki kamaytirish to'g'risidagi o'zgartirishlar bundan mustasno) O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi kerak.
Kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazganlik uchun davlat boji miqdori O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasiga litsenziya berganlik uchun davlat boji undirilmaydi. (O'zR 31.12.2008 y. O'RQ-197-son Qonuni taxriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)
5-modda. Kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan
o'tkazishni va unga litsenziya berishni rad etish
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazishni va unga litsenziya berishni quyidagi hollarda rad etishi mumkin:
kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun zarur hujjatlar taqdim etilmaganda;
ustav va taqdim etilgan boshqa hujjatlar qonun hujjatlariga muvofiq kelmaganda;
davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlar mavjud bo'lganda, shuningdek biznes-reja asosli bo'lmaganda;
yuridik shaxs bo'lmish bir yoki bir necha muassislarning moliyaviy ahvoli qoniqarsiz bo'lsa.
Davlat ro'yxatidan o'tkazishni va litsenziya berishni rad etish to'g'risidagi qaror ariza beruvchiga rad etish sabablari hamda ariza beruvchi mazkur sabablarni bartaraf qilib, hujjatlarni qayta ko'rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo'lgan muddat ko'rsatilgan holda yozma ravishda yuboriladi. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)
Hujjatlarni qayta ko'rib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan e'tiboran ko'pi bilan o'n kun muddatda amalga oshiriladi. Kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazishni va litsenziya berishni rad etish to'g'risidagi qarorda ko'rsatilgan muddat o'tganidan keyin berilgan ariza yangitdan berilgan hisoblanadi. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism)
O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuniga muvofiq uchinchi qismi to'rtinchi qism deb hisoblansin
Kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazishni va litsenziya berishni rad etish to'g'risidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
6-modda. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
kredit uyushmalari faoliyatini tartibga
solish borasidagi vakolatlari
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki moliyaviy va kassa operatsiyalari o'tkazishning, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishning kredit uyushmalari uchun majburiy bo'lgan qoidalarini belgilaydi. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism)
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
kredit uyushmalarining hisoboti va boshqa hujjatlarini tekshiradi;
kredit uyushmalarining faoliyati to'g'risida axborot oladi;
kredit uyushmalarining faoliyatini tekshiradi;
kredit uyushmasining faoliyatini auditdan o'tkazishga doir talablarni belgilaydi;
kredit uyushmalariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar beradi;
ijro etuvchi organ rahbarlarining malakasiga doir talablarni belgilaydi;
moliyaviy operatsiyalar o'tkazilishini olti oygacha bo'lgan muddatga cheklaydi, shuningdek filiallar tuzishni ham shuncha muddatga taqiqlab qo'yadi;
kredit uyushmasi litsenziyasining amal qilishini to'xtatib turadi, tugatadi yoki litsenziyani bekor qiladi. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)
7-modda. Kredit uyushmasi a'zolari
Ustav fondiga pay badallarini kiritgan yuridik va jismoniy shaxslar kredit uyushmasining a'zolari hisoblanadi. Shaxsga kredit uyushmasi tomonidan berilgan sertifikat uning kredit uyushmasiga a'zoligini tasdiqlovchi hujjatdir. Sertifikat shakli va uni berish tartibi O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
Kredit uyushmasi a'zolarining soni elliktadan kam bo'lishi mumkin emas.
8-modda. Kredit uyushmasi a'zolarining huquqlari
Kredit uyushmasi a'zolari kuyidagi huquqlarga ega:
kredit uyushmasi tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlardan foydalanish;
kredit uyushmasini boshqarishda ishtirok etish;
kredit uyushmasi daromadining (foydasining) bir qismini belgilangan tartibda olish;
ustavga muvofiq kredit uyushmasi faoliyati to'g'risida to'liq va ishonchli axborot olish;
ushbu Qonunda belgilangan tartibda kredit uyushmasidan chiqish;
kredit uyushmasi tugatilgan taqdirda o'z pay badallariga mutanosib ravishda mol-mulkning bir qismini olish.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi a'zolari boshqa huquqlarga ham ega bo'lishlari mumkin.
9-modda. Kredit uyushmasi a'zolarining majburiyatlari
Kredit uyushmasi a'zolari:
ustavga rioya etishga;
kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi, kredit uyushmasi kengashi (bundan buyon matnda kengash deb yuritiladi), kredit uyushmasi kredit qo'mitasi (bundan buyon matnda kredit qo'mitasi deb yuritiladi) va kredit uyushmasi taftish komissiyasining (bundan buyon matnda taftish komissiyasi deb yuritiladi) qarorlarini bajarishga;
olingan kreditlarni o'z vaqtida va to'liq miqdorda qaytarishga;
kredit uyushmasining obro'si va kredit berish qobiliyati oshishiga ko'maklashishga majburdirlar.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi a'zolarining zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
10-modda. Kredit uyushmasining huquqlari
Kredit uyushmasi quyidagi huquqlarga ega:
depozitlarga qo'yish uchun o'z a'zolaridan pul mablag'larini jalb etish;
o'z a'zolariga kreditlar berish;
o'z ustaviga muvofiq shartnomalar tuzish va boshqa fuqarolik-huquqiy bitimlarni amalga oshirish;
grantlar hamda bepul beriladigan boshqa mablag'larni olish;
maslahat va axborot xizmatlari ko'rsatish;
kredit uyushmasi a'zolari moliyaviy majburiyatlarini bajarmaganliklari yoki lozim darajada bajarmaganliklari uchun to'laydigan neustoyka miqdorini belgilash;
kreditlarni belgilangan tartibda jalb etish;
o'z a'zolari bilan lizing operatsiyalarini amalga oshirish; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
o'z faoliyatini muvofiqlashtirib borish, a'zolarining manfaatlarini himoya qilish hamda birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadlarida uyushmalar va boshqa birlashmalar tuzish; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan tartibda filiallar tuzish. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
11-modda. Kredit uyushmasining majburiyatlari
Kredit uyushmasi:
o'z ustav fondini belgilangan eng kam miqdordan pasaytirmagan holda saqlashga;
moliyaviy va kassa operatsiyalari o'tkazishning O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan qoidalariga rioya qilishga; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuniga muvofiq uchinchi-oltinchi xatboshilari tegishincha to'rtinchi-ettinchi xatboshilar deb hisoblansin
hisob, hisobot va boshqa hujjatlarni yuritishga;
hisobotni belgilangan tartibda o'z vaqtida taqdim etishga; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
kredit uyushmasining a'zosi kredit uyushmasi oldidagi majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda to'lanishi lozim bo'lgan summani kredit uyushmasining a'zosiga tegishli bo'lgan pay badali yoki depozitdan, shuningdek ularga pay badali bo'yicha beriladigan dividendlardan va depozit bo'yicha to'lanadigan foizlardan undirib olishga;
inspektsiya o'tkazish uchun yuborilgan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillariga hujjatlar va kredit uyushmasi faoliyatiga oid boshqa axborot manbalaridan erkin foydalanish imkoniyatini ta'minlashga majburdir.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasining zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
12-modda. Kredit uyushmasining javobgarligi
Kredit uyushmasi o'z majburiyatlari bo'yicha ustav fondining jami summasi, zaxiralar, taqsimlanmagan daromad (foyda) va o'zining boshqa mablag'lari doirasida javobgar bo'ladi.
Kredit uyushmasining a'zolari kredit uyushmasining majburiyatlari bo'yicha o'zlari kiritgan pay badallari doirasida javobgar bo'ladilar.
13-modda. Kredit uyushmasining ta'sis hujjati
Kredit uyushmasining ustavi uning ta'sis hujjatidir.
Ustav kredit uyushmasi muassislarining umumiy yig'ilishida qabul qilinishi kerak.
Kredit uyushmasi a'zosining, auditorning, istalgan manfaatdor shaxsning talabiga binoan kredit uyushmasi ularga ustav bilan tanishib chiqish imkonini berishga majburdir.
14-modda. Kredit uyushmasining ustavi
Ustavda quyidagi ma'lumotlar bo'lishi shart:
kredit uyushmasining to'liq va qisqartirilgan firma nomi, joylashgan eri (pochta manzili);
kredit uyushmasining faoliyat sohasi va maqsadi;
ustav fondining kredit uyushmasi tashkil etilgan paytdagi miqdori;
pay badalining eng kam va eng ko'p miqdori;
ustav fondini ko'paytirish va kamaytirish tartibi;
daromadni (foydani), dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi;
zaxiralarni shakllantirish tartibi;
kredit uyushmasi a'zosining o'z pay badalini boshqa shaxsga o'tkazish tartibi;
kredit uyushmasi a'zolarining huquq va majburiyatlari;
kredit uyushmasini boshqarish tuzilmasi, shuningdek kengash, kredit qo'mitasi, kredit uyushmasi ijro etuvchi organi (bundan buyon matnda ijro etuvchi organ deb yuritiladi) va taftish komissiyasi a'zolarining soni, ularni saylash (tayinlash) tartibi, ushbu organlarning vakolatlari;
yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi;
kredit uyushmasini qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Ustavda qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa qoidalar ham bo'lishi mumkin.
15-modda. Kredit uyushmasining ustav fondi
Kredit uyushmasi a'zolari pay badallarining umumiy summasi ustav fondi hisoblanadi. Ustav fondi faqat pul mablag'laridan shakllantiriladi.
Ustav fondining eng kam miqdori O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasini davlat ro'yxatidan o'tkazish paytida ustav fondi to'liq to'langan bo'lishi kerak.
Ustav fondi kredit uyushmasiga yangi a'zolar kirishi yoki pay badallari miqdorini oshirish yo'li bilan ko'paytirilishi mumkin.
Ustav fondi kredit uyushmasi a'zolari uyushmadan chiqqan yoki a'zolikdan chiqarilgan hollarda yoxud pay badallari miqdorini kamaytirish yo'li bilan kamaytirilishi mumkin.
Agar a'zolar kredit uyushmasidan chiqayotganda yoki a'zolikdan chiqarilayotganda pay badallarining qaytarilishi ustav fondining miqdori belgilangan eng kam miqdoridan kamayishiga sabab bo'lsa, bunday kredit uyushmasi qayta tashkil etiladi yoxud tugatiladi.
Ustav fondini ko'paytirish yoki kamaytirish to'g'risidagi va ustavga tegishli o'zgartirishlar kiritish haqidagi qaror kengash tomonidan qabul qilinadi.
Ustav fondi ko'paytirilgan yoki kamaytirilganda ustavga kiritilgan o'zgartirishlar O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga ma'lum qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
16-modda. Kredit uyushmasidan chiqish
Kredit uyushmasi a'zosi, agar uning kredit uyushmasi oldida majburiyatlari bo'lmasa, uyushmadan chiqishga haqli. Bunda u o'z pay badalini ustavda belgilangan tartibda boshqa shaxsga o'tkazishi mumkin.
Kredit uyushmasining a'zosi uyushmadan chiqishi mo'ljallanayotgan sanadan o'ttiz kun oldin o'zining kredit uyushmasidan chiqish istagi borligini kengashga yozma ravishda ma'lum qilishi kerak.
Pay badallarining summasi kredit uyushmasidan chiqayotgan a'zoga ustavda belgilangan tartibda qaytarilishi kerak.
17-modda. Kredit uyushmasidan chiqarish
Kredit uyushmasi a'zosi ushbu Qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda kengash qarori bilan kredit uyushmasidan chiqarilishi mumkin. Kredit uyushmasidan chiqarish to'g'risidagi qaror ustidan kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
A'zoning kredit uyushmasidan chiqarilishi uni kredit uyushmasi oldidagi majburiyatlaridan ozod qilmaydi.
Kredit uyushmasidan chiqarilayotgan a'zoga pay badallarining summasi uning kredit uyushmasi oldidagi qarzlari ushlab qolinganidan keyin qaytarilishi kerak.
18-modda. Kredit uyushmasining yuqori boshqaruv organi
Kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi uyushmaning yuqori boshqaruv organidir.
Kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi har yili kamida bir marta va moliya yili tugaganidan keyin olti oydan kechiktirmay o'tkazilishi lozim.
Ushbu Qonunda va ustavda nazarda tutilgan hollarda taftish komissiyasi, kredit uyushmasi a'zolari umumiy sonining kamida o'n foizini tashkil etuvchi uyushma a'zolari kredit uyushmasi a'zolarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini o'tkazishni talab qilishlari mumkin.
Kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishini o'tkazish sanasi, joyi va tartibi, yig'ilish o'tkazilishini kredit uyushmasi a'zolariga albatta ma'lum qilish tartibi, umumiy yig'ilishni o'tkazishga tayyorgarlik ko'rish vaqtida a'zolarga beriladigan axborotlar ro'yxati va ularni berish tartibi kengash tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishini o'tkazish to'g'risidagi xabar kamida o'ttiz kun oldin ma'lum qilinadi.
Umumiy yig'ilish qaror qabul qilayotganda kredit uyushmasining har bir a'zosi, ustav fondiga kiritgan pay badallari miqdoridan qat'i nazar, bir ovoz huquqiga egadir.
Kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining qarori, agar ushbu Qonunda va ustavda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, umumiy yig'ilishda ishtirok etayotgan kredit uyushmasi a'zolarining oddiy ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit uyushmasining a'zosi bo'lgan yuridik shaxs umumiy yig'ilishda ovoz berishni o'zining vakolatli vakili orqali amalga oshiradi.
Ijro etuvchi organ kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining bayonnomasi yuritilishini tashkil etadi.
19-modda. Kredit uyushmasi a'zolari
umumiy yig'ilishining vakolatlari
Kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi:
ustavga o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritadi, ustav fondini ko'paytirish yoki kamaytirish to'g'risidagi o'zgartirishlar bundan mustasno;
kredit uyushmasi a'zolariga daromadning (foydaning) bir qismini to'lash tartibini tasdiqlaydi, shuningdek to'lov miqdorlari va muddatlarini belgilaydi; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
kredit uyushmasi a'zolari orasidan kengash va taftish komissiyasi a'zolarini saylaydi, ularning vakolatlarini tugatadi; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
yillik moliyaviy hisobotni (buxgalteriya balanslari, daromad (foyda) va zararlar to'g'risidagi hisobotni, pul mablag'larining harakati to'g'risidagi hisobotni) tasdiqlaydi;
kengash, ijro etuvchi organ va taftish komissiyasining hisobotlarini tasdiqlaydi; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
auditorlik tashkilotini va u bilan tuziladigan shartnoma shartlarini belgilaydi;
kredit uyushmasini qayta tashkil etish va tugatish to'g'risida qaror qabul qiladi.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
20-modda. Kredit uyushmasi a'zolari
umumiy yig'ilishining bayonnomasi
Kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining bayonnomasida quyidagilar ko'rsatiladi:
umumiy yig'ilish o'tkazilgan joy va vaqt;
kredit uyushmasi a'zolarining umumiy soni;
umumiy yig'ilish raisi va kotibi;
umumiy yig'ilish kun tartibi;
nutqlardagi asosiy fikrlar, ovozga qo'yilgan masalalar;
ovoz berishda ishtirok etgan kredit uyushmasi a'zolarining soni, ovoz berish yakunlari, umumiy yig'ilish qabul qilgan qarorlar.
Kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining bayonnomasi yig'ilish o'tkazilganidan keyin uch kundan kechiktirmay umumiy yig'ilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
21-modda. Kredit uyushmasi kengashi
Kengash kredit uyushmasi faoliyatiga rahbarlikni ushbu Qonun va ustavda berilgan vakolatlar doirasida amalga oshiradi.
Kengash ustavda belgilangan tartibda va muddatlarga kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi tomonidan saylangan kamida besh kishidan iborat toq sonli a'zolardan iborat bo'ladi.
Kengash raisi kengash a'zolari orasidan, agar ustavda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, ko'pchilik ovoz bilan saylanadi.
Kengash majlisi har oyda kamida bir marta, ustavda belgilangan tartibda o'tkaziladi va kengashning ko'pchilik a'zolari ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Kengash qarori majlisda ishtirok etayotgan a'zolarning ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo'lib qolgan taqdirda kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
kredit uyushmasi a'zolarining reestrini yuritish;
kredit uyushmasining pul mablag'larini jalb etish va kreditlar berish borasidagi faoliyati yo'nalishlarini aniqlash;
ijro etuvchi organ faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
moliyaviy xizmatlar turlarini, kreditlar va depozitlar bo'yicha foiz stavkalari darajasini belgilash;
ijro etuvchi organni hamda kredit qo'mitasini tuzish; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
kredit uyushmasining bo'linmalari to'g'risidagi nizomni, shuningdek smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
kredit uyushmasining filiallarini tuzish to'g'risida qaror qabul qilish; (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi xat boshi)
O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuniga muvofiq ettinchi va sakkizinchi xatboshilari tegishincha to'qqizinchi va o'ninchi xatboshilar deb hisoblansin
kredit uyushmasiga yangi a'zolarni qabul qilish to'g'risidagi, kredit uyushmasidan chiqish hamda kredit uyushmasi a'zoligidan chiqarish to'g'risidagi arizalarni ko'rib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
ustav fondini ko'paytirish yoki kamaytirish to'g'risida qarorlar qabul qilish hamda kredit uyushmasiga yangi a'zolar qabul qilingan, kredit uyushmasi a'zoligidan chiqqan yoki chiqarilgan taqdirda ustavga tegishli o'zgartirishlar kiritish.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kengashning vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
Kengash a'zosi kredit uyushmasidan olgan kreditni to'lashni uch oydan ko'proq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u kengash tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni to'lash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur a'zoni belgilangan tartibda kengash tarkibidan chiqarish to'g'risida qaror qabul qilinguniga qadar u kengash ishida ishtirok etishdan chetlatib qo'yiladi.
Kengash a'zolari kredit uyushmasining boshqa organlariga a'zo bo'la olmaydilar.
Kengash o'z faoliyati to'g'risida kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi oldida har yili hisobot beradi.
22-modda. Kredit uyushmasining ijro etuvchi organi
Ijro etuvchi organ kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining hamda kengashning qarorlari bajarilishini tashkil etadi.
Ijro etuvchi organ rahbari va xodimlari kredit uyushmasi bilan mehnat shartnomasi tuzadilar. Kredit uyushmasi nomidan kredit uyushmasi va ijro etuvchi organ rahbari o'rtasidagi mehnat shartnomasini kengash raisi imzolaydi. Kredit uyushmasi nomidan mehnat shartnomalarini ijro etuvchi organ rahbari imzolaydi. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)
Ijro etuvchi organ rahbari kredit uyushmasi nomidan ishonchnomasiz ish ko'radi, ijro etuvchi organning barcha xodimlari uchun majburiy bo'lgan buyruqlar chiqaradi va ko'rsatmalar beradi.
Ijro etuvchi organ hamda uning xodimlarining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlari hamda ustav bilan belgilanadi.
23-modda. Kredit uyushmasining kredit qo'mitasi
Kredit qo'mitasi kreditlar berish to'g'risida qaror qabul qiladi, olingan kreditlar o'z vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Kredit qo'mitasi tarkibiga kredit uyushmasi kengashi tomonidan saylanadigan ijro etuvchi organ rahbari hamda kredit uyushmasining to'rt nafar a'zosi kiradi. Kredit qo'mitasi a'zolari kredit uyushmasi kengashi va taftish komissiyasining a'zolari bo'la olmaydilar. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi qism)
Kredit qo'mitasining majlisi har oyda kamida bir marta o'tkaziladi, agar majlisda a'zolarning kamida yarmi ishtirok etsa, u vakolatli hisoblanadi. Kredit qo'mitasining qarorlari majlisda ishtirok etayotgan kredit qo'mitasi a'zolarining ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit qo'mitasining a'zosi kredit uyushmasidan olgan kreditni to'lashni uch oydan ko'proq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u kredit qo'mitasi tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni to'lash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur a'zoni belgilangan tartibda kredit qo'mitasi tarkibidan chiqarish to'g'risida qaror qabul qilinguniga qadar u kredit qo'mitasi ishida ishtirok etishdan chetlatib qo'yiladi.
Kredit qo'mitasi o'z faoliyati to'g'risida kengashga har oyda hisobot taqdim etishi kerak.
24-modda. Kredit uyushmasining taftish komissiyasi
Kredit uyushmasining moliya-xo'jalik faoliyatini muntazam tekshirib borish uchun taftish komissiyasi tuziladi.
Taftish komissiyasi umumiy yig'ilish tomonidan kredit uyushmasi a'zolari orasidan kamida uch kishidan iborat tarkibda saylanadi.
Taftish komissiyasi a'zolari kengash, kredit qo'mitasi va ijro etuvchi organ a'zosi bo'lishlari mumkin emas:
Taftish komissiyasi a'zolari buxgalteriya hisobi, moliya sohasida tegishli ma'lumotga yoki ish tajribasiga ega bo'lishlari kerak.
Taftish komissiyasi kredit uyushmasining buxgalteriya, moliya, to'lov va boshqa hujjatlarining barchasidan erkin foydalanish huquqiga ega.
Taftish komissiyasi:
kredit uyushmasi a'zolarining pay badallari to'lashini, kreditlar olishi va ulardan foydalanishini tekshirib boradi;
o'tkazilgan tekshirishlarning natijalari yuzasidan kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishiga hamda kengashga yozma hisobotlar va xulosalar taqdim etadi;
qonun hujjatlari va ustav talablari buzilgan hollarni ko'rib chiqish uchun kredit uyushmasi a'zolarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishini chaqirish to'g'risida qaror qabul qiladi. Kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi taftish komissiyasining tegishli qarori qabul qilinganidan keyin qirq kundan kechiktirmay o'tkazilishi kerak.
Taftish komissiyasining a'zosi kredit uyushmasidan olgan kreditni to'lashni uch oydan ko'proq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u taftish komissiyasi tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni to'lash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur a'zoni belgilangan tartibda taftish komissiyasi tarkibidan chiqarish to'g'risida qaror qabul qilinguniga qadar u taftish komissiyasi ishida ishtirok etishdan chetlatib qo'yiladi.
Taftish komissiyasining a'zosi kengashning barcha majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
25-modda. Kreditlar berish
Kredit uyushmasi o'z a'zolariga shartnoma asosida, ustavda qayd etilgan shartlarda, qonun hujjatlarida belgilangan talablarni hisobga olgan holda muddatli, qaytariladigan va haq evaziga beriladigan kreditlar beradi.
Kredit uyushmasi mulkiy ta'minlangan kreditlar, shuningdek o'zaro ishonchli (blankda qayd etiladigan) kreditlar berishi mumkin.
Kredit uyushmasining a'zosiga beriladigan kredit mazkur kredit uyushmasi boshqa a'zosining pay badali yoki depoziti asosida uning kafolati bilan ta'minlanishi mumkin. Kredit, shuningdek kredit uyushmasi a'zosi bo'lmagan shaxslarning kafilligi yoki kafolat bilan ta'minlanishi mumkin. (O'zR 04.04.2006 y. O'RQ-29-son Qonuni tahriridagi jumla), (Oldingi tahririga qarang)
26-modda. Dividendlar
Barcha xarajatlar, majburiy to'lovlar to'langanidan hamda kredit uyushmasining zarur zaxiralari shakllantirilganidan keyin faqat kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining qaroriga binoan kredit uyushmasi a'zolariga dividendlar to'lanishi mumkin.
Kredit uyushmasi a'zolariga dividendlarni hisoblash ularning pay badallari miqdorlariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
E'lon qilingan dividendlar kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining qarorida belgilangan muddatlarda kredit uyushmasi a'zolariga to'lanishi kerak. Dividendlar belgilangan muddatda to'lanmagan taqdirda dividendlarning to'lanmagan qismi uchun O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qaror qabul qilinayotgan paytdagi qayta moliyalashtirish stavkalari darajasiga asosan penyalar yoziladi.
27-modda. Kredit uyushmasini qayta tashkil etish
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, kredit uyushmasi a'zolari umumiy yig'ilishining qaroriga binoan qo'shib yuborish, qo'shib olish, bo'lish, ajratib chiqarish va o'zgartirish shaklida amalga oshiriladi.
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish to'g'risidagi qaror kredit uyushmasi a'zolarining uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish to'g'risidagi xabar ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
28-modda. Kredit uyushmasini tugatish
Kredit uyushmasini tugatish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
kredit uyushmasi a'zolarining umumiy yig'ilishi tegishli qaror qabul qilganda. Ixtiyoriy ravishda tugatish to'g'risidagi qaror kredit uyushmasi a'zolarining uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadi;
litsenziyaning amal qilishi tugatilganda yoki litsenziya bekor qilinganda;
uyushma bankrot deb e'lon qilinganda.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Kredit uyushmalarining davlat reestriga tegishli yozuv kiritganidan keyin kredit uyushmasini tugatish tamomlangan, kredit uyushmasi esa faoliyatini tugatgan deb hisoblanadi.
Kredit uyushmasining faoliyati tugatilganligi to'g'risidagi xabar ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
Kredit uyushmasini tugatish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
29-modda. Nizolarni hal etish
Kredit uyushmalarining faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30-modda. Kredit uyushmalari to'g'risidagi
qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Kredit uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I.Karimov