O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ
Ibora to'liq holda
 
Yubiley tangalari

Banknotlar va tangalar

Foydali manbalar

Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Qonunlar >

Yangilangan sana: 25.01.2012

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

2004 yil 26 avgust 660-II-son

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risida

I. Umumiy qoidalar

II. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni tashkil etish

III. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar va ularni amalga oshiruvchi tashkilotlar

IV. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborot

V. Yakunlovchi qoidalar

I. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

2-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari

3-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish mulk (pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyat natijasida topilgan bo'lsa, uni o'tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo'li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berishdan, shuningdek bunday pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko'chirish usulini yoxud pul mablag'lariga yoki boshqa mol-mulkka bo'lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki ularning kimga qarashliligini yashirishdan yoxud sir saqlashdan iborat bo'lgan, jinoiy jazolanadigan ijtimoiy xavfli qilmishdir.

Terrorizmni moliyalashtirish terrorchilik faoliyatini pul mablag'lari, moddiy-texnika vositalari va boshqa vositalar bilan ta'minlashdan iborat bo'lgan, jinoiy jazolanadigan ijtimoiy xavfli qilmishdir.

II. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni tashkil etish

4-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar

5-modda. Majburiy nazorat

6-modda. Ichki nazorat

7-modda. Identifikatsiyalash

8-modda. Maxsus vakolatli davlat organi

9-modda. Maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari

10-modda. Maxsus vakolatli davlat organi qarorlarining majburiyligi

4-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:

majburiy nazorat;

ichki nazorat;

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshirish chog'ida yuridik va jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash.

5-modda. Majburiy nazorat

Majburiy nazorat ushbu Qonunga muvofiq taqdim etiladigan axborot (hujjatlar) asosida pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar ustidan nazorat qilish bo'yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatdir.

6-modda. Ichki nazorat

Ichki nazorat pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning qonun hujjatlariga muvofiq majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalarni aniqlashga doir faoliyatidir.

Ichki nazorat amalga oshirilayotganda zarur axborotni rasmiylashtirish, uning maxfiyligini ta'minlash tartibi, kadrlarni tayyorlash va o'qitishga doir malaka talablari, shuningdek pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilot faoliyatining xususiyatlarini hisobga olgan holda majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni aniqlash mezonlari va ularning alomatlari belgilanadi.

Ichki nazorat qoidalari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishgan holda belgilanadi.

7-modda. Identifikatsiyalash

Identifikatsiyalash pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan majburiy nazoratni amalga oshirish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar to'g'risidagi ma'lumotlarni ular taqdim etgan hujjatlar asosida aniqlashdir.

Identifikatsiyalash quyidagi ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi:

jismoniy shaxsga nisbatan - familiyasi, ismi, otasining ismi, tug'ilgan sanasi va joyi, doimiy va vaqtinchalik yashash joyi, pasportining (tug'ilganlik haqidagi guvohnomasining) seriyasi va tartib raqami;

yuridik shaxsga nisbatan - firma nomi, joylashgan eri (pochta manzili), shuningdek pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyada uning nomidan ish ko'ruvchi jismoniy shaxsni identifikatsiyalashga oid ma'lumotlar.

8-modda. Maxsus vakolatli davlat organi

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan maxsus vakolatli davlat organi pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar o'tkazilishi ustidan ushbu Qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi.

9-modda. Maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari

Maxsus vakolatli davlat organi:

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi organlarning ishini muvofiqlashtiradi;

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar bo'yicha ushbu Qonunga muvofiq ravishda olinadigan axborotlar tahlil qilinishini amalga oshiradi;

majburiy nazoratni amalga oshiradi;

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni to'xtatib turish to'g'risida qarorlar qabul qiladi;

etarlicha asoslar bo'lgan taqdirda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga aloqador pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar haqidagi materiallarni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi tegishli organlarga yuboradi hamda shu bilan bir vaqtda pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarga ushbu Qonunning 13 va 14-moddalarida ko'rsatilgan operatsiyalarni to'xtatib turish to'g'risida ko'rsatmalar yo'llaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

10-modda. Maxsus vakolatli davlat organi qarorlarining majburiyligi

Maxsus vakolatli davlat organining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalariga doir qarorlari vazirliklar, davlat qo'mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.

III. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar va ularni amalga oshiruvchi tashkilotlar

11-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar

12-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar

13-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalar

14-modda. Alohida hollarda pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalar

15-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning majburiyatlari

16-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni bajarishni rad etish

17-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq chet el valyutasidagi operatsiya

11-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar

Yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulkka nisbatan o'z mulkiy huquqlari va majburiyatlarini belgilashga, o'zgartirish yoxud tugatishga qaratilgan harakatlari pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalardir.

12-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar

Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar quyidagilardir:

banklar, kredit uyushmalari va boshqa kredit tashkilotlari;

investitsiya fondlari, depozitariylar va boshqa turdagi investitsiya institutlari;

birjalar;

sug'urtalovchilar;

lizing xizmati yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlar;

pochta aloqasi tashkilotlari;

lombardlar;

lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o'yinlarni o'tkazuvchi tashkilotlar;

notarial idoralar (notariuslar).

13-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalar

Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar, agar ularning summasi operatsiya bajarilayotgan kundagi holatga ko'ra belgilangan eng kam ish haqining to'rt ming baravariga teng yoki undan ortiq bo'lsa hamda quyidagi turlarda amalga oshirilayotgan bo'lsa, majburiy nazorat qilinishi kerak:

ikkita yoki undan ortiq hisobvaraqlar ochish;

bir kunda yoki bir necha kun mobaynida odatdagi ko'lamga nomuvofiq miqdorda operatsiyalar bajarish;

pul mablag'larini O'zbekiston Respublikasidan tashqariga egasining nomi yashirin holda ochilgan hisobvaraqqa o'tkazish va pul mablag'larining O'zbekiston Respublikasiga egasining nomi yashirin holda ochilgan hisobvaraqdan kelib tushishi;

bank omonatlariga pul mablag'larini naqd holda kiritish;

pul mablag'larini naqd holda hisobvaraqdan olish, hisobvaraqdan o'chirish yoki hisobvaraqqa kiritish, agar bu yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatining xususiyati taqozosi bo'lmasa;

pul mablag'larini jismoniy shaxs taqdim qiluvchiga pul beriladigan hujjatlar bo'yicha olishi;

jismoniy shaxs qimmatli qog'ozlarni naqd pulga olishi;

jismoniy shaxs yuridik shaxsning ustav fondiga (ustav kapitaliga) pul mablag'larini naqd holda kiritishi;

uchinchi shaxslar foydasiga omonat (depozit) ochib, unga pul mablag'larini naqd holda joylashtirish;

chet el valyutasini naqd pulga sotib olish yoki sotish;

bir qimmatdagi banknotni boshqa qimmatdagi banknotga almashtirish;

mol-mulkni saqlash uchun maxsus xonalarni yoki ularda turgan seyflarni ijaraga olish uchun bank bilan shartnoma tuzish;

kredit (zayom) berish yoki olish;

qimmatli qog'ozlar, qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar, zargarlik buyumlari yoki boshqa qimmatli narsalarni lombardga qo'yish;

sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urta tovoni (sug'urta puli) to'lash yoki sug'urta mukofoti olish;

lotereya yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa o'yinlar o'ynalganda yutuq olish.

14-modda. Alohida hollarda pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalar

Ushbu Qonunning 13-moddasiga muvofiq belgilanganidan kamroq summadagi pul mablag'lari yoki mol-mulk bilan bog'liq operatsiya, shu operatsiyaning taraflaridan biri:

terrorchilik yoki boshqa jinoiy faoliyatda ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

terrorchilik yoki boshqa jinoiy faoliyatni amalga oshirayotgan yoxud amalga oshirishda gumon qilinayotgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori bo'lgan yoki uni nazorat qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

terrorchilik yoki boshqa jinoiy faoliyatni amalga oshirayotgan yoxud amalga oshirishda gumon qilinayotgan jismoniy shaxsning yoki tashkilotning mulkidagi yoki nazorati ostidagi yuridik shaxs ekanligi haqida belgilangan tartibda olingan axborot mavjud bo'lsa, majburiy nazorat qilinishi kerak.

15-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning majburiyatlari

Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq, majburiy nazorat qilinishi lozim bo'lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar quyidagilarni bajarishlari shart:

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshirish chog'ida yuridik va jismoniy shaxsni identifikatsiyalash;

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni, yuridik yoki jismoniy shaxs hisobvarag'iga tushgan pul mablag'larini hisobga kiritish bo'yicha operatsiyalarni istisno etganda, bu operatsiya bajarilishi lozim bo'lgan sanadan e'tiboran ikki ish kuniga to'xtatib turish hamda bunday operatsiya haqida operatsiya to'xtatib turilgan kunning o'zida maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilish. Operatsiyani to'xtatib turish to'g'risida maxsus vakolatli davlat organining ko'rsatmasi bo'lmasa, ko'rsatilgan muddat o'tgach, pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilot to'xtatib turilgan operatsiyani bajarishga kirishaveradi;

pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar amalga oshirilishi haqida shu operatsiya bajarilishi lozim bo'lgan kunning o'zida maxsus vakolatli davlat organiga axborot (hujjatlar) taqdim etish;

o'z ichki nazorat tizimini joriy etish.

16-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni bajarishni rad etish

Identifikatsiyalash uchun zarur bo'lgan hujjatlarni taqdim etmagan yuridik yoki jismoniy shaxslarga pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar mazkur operatsiyalarni bajarishni rad etadi, yuridik yoxud jismoniy shaxs hisobvarag'iga tushgan pul mablag'larini hisobga kiritish operatsiyalari bundan mustasno.

17-modda. Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq chet el valyutasidagi operatsiya

Agar pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiya chet el valyutasida amalga oshirilayotgan bo'lsa, uning milliy valyutadagi miqdori qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.

IV. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborot

18-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborotni taqdim etish

19-modda. Ma'lumotlarning maxfiyligini va saqlanishini ta'minlash

20-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborotdan erkin foydalanishni cheklash hamda bunday axborotni tarqatmaslik

21-modda. Identifikatsiyalash ma'lumotlarini saqlash

18-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborotni taqdim etish

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish, shuningdek pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarni terrorchilik yoxud boshqa jinoiy faoliyatda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan yuridik yoxud jismoniy shaxslar haqida xabardor qilish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

19-modda. Ma'lumotlarning maxfiyligini va saqlanishini ta'minlash

Maxsus vakolatli davlat organi va uning xodimlari o'zlariga ma'lum bo'lib qolgan tijorat, bank siri yoki boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarning maxfiyligini va saqlanishini ta'minlashlari shart.

Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning, maxsus vakolatli davlat organining hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi boshqa organlarning xodimlari yuridik va jismoniy shaxslarni ularga nisbatan o'tkazilayotgan majburiy nazoratdan xabardor qilishga haqli emas.

20-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborotdan erkin foydalanishni cheklash hamda bunday axborotni tarqatmaslik

Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar, maxsus vakolatli davlat organi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi boshqa organlar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq axborotdan erkin foydalanishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklaydilar hamda bunday axborotning tarqatilmasligini ta'minlaydilar.

21-modda. Identifikatsiyalash ma'lumotlarini saqlash

Pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar identifikatsiyalash ma'lumotlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida saqlashlari shart.

V. Yakunlovchi qoidalar

22-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik

23-modda. Nizolarni hal qilish

24-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

22-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

23-modda. Nizolarni hal qilish

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va

terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.

24-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
 I.Karimov