Bosh sahifa >
Bank tizimiga oid qonun hujjatlari >
Qonunlar >
Yangilangan sana: 27.01.2012
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
2004 yil 26 avgust, 658-II-son
EKSPORT NAZORATI TO'G'RISIDA
(O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 37-son, 406-modda; 2005 y., 49-50-son, 365-modda; 2006 y., 25-26-son, 223-modda)
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi eksport nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari eksport nazoratini amalga oshirish orqali O'zbekiston Respublikasi xavfsizligini hamda O'zbekiston Respublikasining yalpi qirg'in quroli va boshqa turdagi qurol-yarog'larni tarqatmaslik sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta'minlashdan iborat.
2-modda. Eksport nazorati to'g'risidagi qonun hujjatlari
Eksport nazorati to'g'risidagi Qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining eksport nazorati to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Eksport nazorati
Eksport nazorati O'zbekiston Respublikasi hududidan eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishning (bundan buyon matnda eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish deb yuritiladi) eksport nazorati to'g'risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ta'minlanishiga qaratilgan barcha chora-tadbirlardan iborat bo'ladi.
4-modda. Eksport nazorati ob'ektlari
O'z xossa hamda xususiyatlariga ko'ra yalpi qirg'in qurolini (yadroviy, kimyoviy, bakteriologik (biologik) va zaharlovchi qurol) hamda uni etkazib berish vositalarini (raketalar va yalpi qirg'in qurolini etkazib berishga qodir boshqa texnika vositalarini), boshqa turdagi qurol-yarog' hamda harbiy texnikani yaratishda muhim hissa qo'shishi mumkin bo'lgan, eksport nazorati ob'ektlari ro'yxatlarida ko'rsatilgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari eksport nazorati ob'ektlaridir.
Eksport nazorati ob'ektlarining ro'yxatlari belgilangan tartibda e'lon qilinishi kerak.
5-modda. Eksport nazoratini amalga oshirishning asosiy printsiplari
Eksport nazoratini amalga oshirishning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:
O'zbekiston Respublikasi xavfsizligi manfaatlarining ustuvorligi;
O'zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining vijdonan bajarilishi;
eksport nazorati masalalariga doir axborotning oshkoraligi va barcha uchun ochiqligi.
6-modda. Eksport nazoratini amalga oshirish usullari
Eksport nazoratini amalga oshirishning usullari quyidagilardan iborat:
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish tartibini belgilash;
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat o'tkazish;
ichki nazorat o'tkazish;
eksport nazorati sohasida xalqaro hamkorlik qilish.
7-modda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining eksport nazorati sohasidagi vakolatlari
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
eksport nazorati sohasida davlat siyosati o'tkazilishini ta'minlaydi;
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
eksport nazorati ob'ektlari ro'yxatlarini tasdiqlaydi;
O'zbekiston Respublikasi xavfsizligini hamda O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta'minlash maqsadida eksport nazorati ob'ektlarining olib chiqilishiga, shu jumladan ayrim chet davlatlarga olib chiqilishiga nisbatan cheklashlar va taqiqlar joriy etadi;
ichki nazoratni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8-modda. Eksport nazorati sohasidagi vakolatli davlat organi
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi eksport nazorati sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi).
(8-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2005 yil 14 dekabrdagi O'RQ-11-son qonuni tahririda — O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2005 y., 49-50-son, 365-modda)
Vakolatli organ:
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
eksport nazorati sohasida davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish hamda ulardan foydalanish tartibi to'g'risida yuridik va jismoniy shaxslarni xabardor qilish ishlarini tashkil etadi;
eksport nazoratini amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni va boshqa axborotni talab qilib oladi;
chet davlatning eksport nazorati ob'ektlaridan O'zbekiston Respublikasi hududida bayon etilgan maqsadlarda foydalanilishiga taalluqli yozma majburiyat beradi;
eksport nazorati to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9-modda. Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi
Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollarda, eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish eksport nazorati ob'ektlarini oluvchi chet davlatning va (yoki) chet davlat yuridik hamda jismoniy shaxslarining mazkur ob'ektlardan yalpi qirg'in qurolini hamda uni etkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarog' va harbiy texnikani yaratish maqsadida foydalanilmasligi to'g'risida yozma majburiyati bo'lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Vakolatli organ, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishga ruxsatnoma berayotganda qo'shimcha talablar qo'yishi mumkin.
Yalpi qirg'in qurolini ishlab chiqarishda komponentlar sifatida foydalanish mumkin bo'lgan yadroviy, kimyoviy va bakteriologik (biologik) materiallarni, shu jumladan o'ta xavfli infektsiyalarning patogenlari va shtammlarini olib chiqish qonun hujjatlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan kelishuvga binoan amalga oshiriladi.
(9-modda O'zbekiston Respublikasining 2006 yil 21 iyundagi O'RQ-34-sonli Qonuniga muvofiq to'rtinchi qism bilan to'ldirilgan — O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2006 y., 25-26-son, 223-modda)
10-modda. Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat
Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat:
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishni amalga oshirishda bojxona nazoratini;
olib chiqilayotgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalarining eksport nazorati ob'ektlari ro'yxatlariga kiritilgan eksport nazorati ob'ektlariga muvofiqligini aniqlashni;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollarda, olib chiqilayotgan eksport nazorati ob'ektlaridan yalpi qirg'in qurolini hamda uni etkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarog' va harbiy texnikani yaratish maqsadida foydalanilmasligi to'g'risida yozma majburiyat olishni;
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish monitoringini;
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibini buzish hollari to'g'risida axborot to'plash hamda bunday axborotlarni tekshirishni;
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanishning belgilangan tartibini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini qo'llashni o'z ichiga oladi.
11-modda. Ichki nazorat
Ichki nazorat eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibiga rioya etishning yuridik shaxslar tomonidan belgilangan barcha chora-tadbirlaridan iborat bo'ladi.
Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiquvchi yuridik shaxslar, shuningdek O'zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati hamda xavfsizligini saqlash sohasida davlat ehtiyojlarini ta'minlash bo'yicha ilmiy va (yoki) ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun ichki nazorat o'tkazish majburiydir.
12-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishdagi majburiyatlari
Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiquvchi yuridik va jismoniy shaxslar:
eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishga ruxsatnoma olishi;
eksport nazoratini amalga oshirish uchun zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni vakolatli organ hamda boshqa davlat organlarining talabiga binoan taqdim etishi;
agar eksport nazorati ob'ektlari ro'yxatlariga kiritilmagan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari olib chiqilayotgan bo'lsa, ulardan yalpi qirg'in qurolini hamda uni etkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarog' va harbiy texnikani yaratish uchun foydalanish ehtimoli to'g'risida ma'lumotlar mavjudligidan vakolatli organni xabardor qilishi shart.
Eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar eksport nazorati ob'ektlarini olib chiqishga ruxsatnoma olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi ma'lumotlarning to'g'riligiga javobgardirlar.
13-modda. Eksport nazorati sohasidagi xalqaro hamkorlik
Eksport nazorati sohasidagi xalqaro hamkorlik O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
14-modda. Eksport nazoratini amalga oshirish uchun taqdim etilgan axborotdan foydalanish
Eksport nazoratini amalga oshirish uchun davlat organlariga taqdim etilgan axborotdan faqat eksport nazorati maqsadida foydalaniladi.
15-modda. Nizolarni hal qilish
Eksport nazorati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
16-modda. Eksport nazorati to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Eksport nazorati to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti
I. KARIMOV
Toshkent sh.