O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ
Ibora to'liq holda
 
Yubiley tangalari

Banknotlar va tangalar

Foydali manbalar

Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Qonunlar >

Yangilangan sana: 26.01.2012

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

1998 yil 30 aprel, 609-I-son

ChET EL INVESTITsIYaLARI TO'G'RISIDA

(O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 y., 5-6-son, 91-modda; 1999 y., 9-son, 229-modda; O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2008 y., 14-15-son, 86-modda; 2008 y., 52-son, 513-modda)

1-modda. Qonunning maqsad va vazifalari

Ushbu Qonun O'zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari amalga oshirilishining huquqiy asoslari va tartibini belgilab beradi.

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari:

chet el investitsiyalari kirib kelishini rag'batlantirish yo'li bilan O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirish va uning jahon iqtisodiy tizimiga qo'shilishiga ko'maklashishdan;

chet elning moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa resurslarini, zamonaviy xorijiy texnologiyalarni va boshqaruv tajribasini jalb etish hamda ulardan oqilona foydalanishdan iborat.

2-modda. Chet el investitsiyalari to'g'risidagi qonun hujjatlari

Chet el investitsiyalari to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun, «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni, boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida chet el investitsiyalari to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan o'zgacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Chet el investitsiyalari

Chet ellik investorlar asosan daromad (foyda) olish maqsadida tadbirkorlik faoliyati va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi faoliyat ob'ektlariga qo'shadigan barcha turdagi moddiy va nomoddiy boyliklar va ularga doir huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka doir huquqlar, shuningdek chet el investitsiyalaridan olingan har qanday daromad O'zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari deb e'tirof etiladi.

Ushbu Qonunda tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat ob'ektlariga chet ellik investorlar tomonidan reinvestitsiya tariqasida qo'shiladigan daromad deganda O'zbekiston Respublikasida investitsiyalashdan olingan har qanday mablag', shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va komission mukofotlar, texnikaviy yordam, texnik xizmat ko'rsatish uchun to'lovlar va boshqa shakldagi mukofot pullari tushuniladi.

4-modda. Chet ellik investorlar

O'zbekiston Respublikasida chet ellik investorlar quyidagilar bo'lishi mumkin:

chet el davlatlari, chet el davlatlarining ma'muriy yoki hududiy organlari;

davlatlararo bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq sub'ektlari bo'lgan xalqaro tashkilotlar;

chet el davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil topgan va faoliyat ko'rsatib kelayotgan yuridik shaxslar, boshqa har qanday shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar;

chet el davlati fuqarolari bo'lmish jismoniy shaxslar, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar va chet ellarda doimiy yashaydigan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari.

5-modda. Chet el investitsiyalarini amalga oshirish shakllari

Chet ellik investorlar O'zbekiston Respublikasi hududida investitsiyalarni quyidagi yo'llar bilan amalga oshirishlari mumkin:

O'zbekiston Respublikasining yuridik va (yoki) jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xo'jalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sug'urta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamg'armalarida va boshqa mol-mulkida ulush qo'shib qatnashish;

chet ellik investorlarga to'liq qarashli bo'lgan xo'jalik jamiyatlari va shirkatlarini, banklar, sug'urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish;

mol-mulk, aktsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlarni, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz majburiyatlarini sotib olish;

intellektual mulkka, shu jumladan mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xauga, shuningdek ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish;

kontsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo'lgan kontsessiyalar olish;

savdo va xizmat ko'rsatish sohalari ob'ektlariga, turar joy binolariga ular joylashgan er uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqini, shuningdek erga egalik qilish va undan foydalanish (shu jumladan ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish orqali.

Chet ellik investorlar O'zbekiston Respublikasi hududida investitsiyalarni amaldagi qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirishlari mumkin.

Chet el investitsiyalari birlamchi yoki takroran amalga oshirilayotgan shakllarining o'zgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi mohiyati o'zgarishiga olib kelmaydi.

6-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar

Chet ellik investorlar O'zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tashkil etishlari hamda O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan o'zlariga berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.

O'zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar deganda aktsiyalarining (ulushlari, paylarining) yoki ustav jamg'armasining kamida o'ttiz foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar tushuniladi. Ular O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan har qanday tashkiliy-huquqiy shakllarda faoliyat ko'rsatadilar. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qatnashchilaridan biri ushbu Qonun 4-moddasining ikkinchi, uchinchi yoki to'rtinchi xatboshilarida ko'rsatilgan chet ellik investor bo'lishi shart.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona uni ta'sis etish yo'li bilan yoki ilgari chet el investitsiyalari ishtirokisiz ta'sis etilgan korxonada ishtirok etish ulushini (payini, aktsiyalarini) yoxud bunday korxonani butunlay, shu jumladan xususiylashtirish jarayonida chet ellik investor tomonidan sotib olinishi natijasida tashkil etilishi mumkin.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona davlat ro'yxatiga olingan paytdan e'tiboran yuridik shaxs huquqiga ega bo'ladi. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tashkil etish va ularni davlat ro'yxatiga olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

7-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning sho''ba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining talablariga rioya etgan holda O'zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs huquqiga ega bo'lgan sho''ba korxonalar, filiallar, shuningdek yuridik shaxs bo'lmagan vakolatxonalar va boshqa alohida bo'linmalar tashkil etishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasidan tashqarida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning sho''ba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa alohida bo'linmalari tashkil etilishi mumkin.

8-modda. Korxonalarning xo'jalik birlashmalari

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ixtiyoriy ravishda O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasi hududida uyushmalar, kontsernlar, korporatsiyalar, konsortsiumlar va boshqa xo'jalik birlashmalari tashkil etishi, amal qilib turgan birlashmalar tarkibiga to'la huquqli a'zo sifatida kirishi mumkin.

9-modda. O'zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari uchun huquqiy rejim

Davlat O'zbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorlar investitsiya faoliyatini amalga oshirishlari chog'ida ularning barcha huquqlarini kafolatlaydi va himoya qiladi.

Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari uchun adolatli va teng huquqli rejim, ularning to'liq va doimiy himoyasi hamda xavfsizligi ta'minlanadi. Bunday rejim O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilab qo'yilgan rejimga qaraganda noqulayroq bo'lishi mumkin emas.

Chet el investitsiyalarining huquqiy rejimi O'zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyalarning tegishli rejimiga qaraganda noqulayroq bo'lishi mumkin emas.

O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan normalariga muvofiq O'zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligi manfaatlarini himoya etish maqsadida iqtisodiyot va faoliyatning muayyan sohalarida chet el investitsiyalari uchun cheklashlar yoki taqiq nazarda tutilgan bo'lishi mumkin.

Chet ellik investorlarning O'zbekiston Respublikasi qonunlari bilan kafolatlangan huquqlari va manfaatlari buzilganda ularni tiklash O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.

10-modda. Chet ellik investorlarning huquqlari

Chet ellik investor xalqaro huquq printsiplari va O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:

investitsiyalashni amalga oshirishning hajmlari, turlari va yo'nalishlarini mustaqil belgilash;

investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;

o'zining investitsiyalariga va investitsiya faoliyatining natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish. Chet ellik investorning qaroriga binoan investitsiyalarga, ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish huquqlari O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Huquqlar boshqa shaxsga berilganda taraflarning o'zaro munosabatlari shartnomalar asosida tartibga solinadi;

O'zbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati natijasida olingan o'ziga qarashli ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini chet ellarda va O'zbekiston Respublikasida patentlashtirish to'g'risida mustaqil ravishda qaror qabul qilish;

investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni mustaqil va erkin tasarruf etish (shu jumladan uni moneliksiz repatriatsiya qilish);

O'zbekiston Respublikasiga kreditlar va qarzlar tariqasida pul mablag'lari jalb etish;

o'z hisobvarag'idagi milliy valyuta mablag'laridan ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish uchun foydalanish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda er uchastkalariga doir huquqlarni sotib olish;

O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq, o'ziga mulk huquqi asosida qarashli bo'lgan mol-mulk va har qanday mulkiy huquqlardan zimmaga olgan majburiyatlarning, shu jumladan qarz mablag'larini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarning barcha turlari bo'yicha ta'min sifatida foydalanish;

o'z investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda tovon olish;

davlat boshqaruv organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) hamda qarorlari natijasida etkazilgan zararlarni undirish.

Chet ellik investor O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.

11-modda. Chet ellik investorlarning majburiyatlari

Chet ellik investorlar O'zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini amalga oshirganda:

O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga rioya etishlari;

O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa to'lovlar to'lashlari;

investitsiyalash munosabati bilan o'z zimmalariga olgan shartnoma majburiyatlari bo'yicha javob berishlari;

investitsiya loyihalarida O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlaridan kelib chiqadigan sanitariya-gigiena, ekologiyaga oid va boshqa talablarga rioya etilganligi xususida ekspertiza xulosasini olishlari;

o'z raqobatchilariga nisbatan qo'shimcha imtiyozlar va afzalliklar olish maqsadida investitsiya faoliyati bo'yicha sheriklariga yoki davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga bevosita va (yoki) bilvosita noqonuniy ta'sir o'tkazishning har qanday shakllaridan o'zlarini tiyishlari shart.

Chet ellik investor O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga rioya etmaganlik uchun umumiy asoslarda javobgar bo'ladi hamda o'ziga mulk huquqi asosida qarashli bo'lgan, O'zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq undirish qaratilishi mumkin bo'lgan o'zining mol-mulki bilan javob beradi.

12-modda. Chet ellik investorlarning xo'jalik faoliyati

Chet ellik investorlarning xo'jalik faoliyati, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, ularning sho''ba korxonalari, filiallari va boshqa tuzilmalarini, shuningdek xo'jalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etish, sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirish, ijara shartnomalari va boshqa shartnomalarini tuzish bo'yicha faoliyati O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'laydi.

(12-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrdagi O'RQ-197-sonli Qonuni tahririda — O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2008 y., 52-son, 513-modda)

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning o'z valyuta tushumlari hisobiga, shuningdek chet el valyutasini olishning O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobiga ta'minlanishi lozim. Ularning valyutada o'zini o'zi qoplashi tuziladigan konsortsiumlar, birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar doirasida ham ta'minlanishi mumkin.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda eksport-import operatsiyalarini mustaqil ravishda amalga oshiradilar. O'zlari ishlab chiqargan mahsulotni eksport qilganlarida bunday mahsulot litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahsulotni litsenziyasiz import qilishga haqli. Eksportga chiqariladigan o'zining ishlab chiqargan mahsulotini va korxonalar tomonidan o'z ehtiyojlari uchun import qilinadigan mahsulotni aniqlash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Chet ellik investorlar va ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi kamida o'ttiz uch foiz bo'lgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun O'zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan mol-mulk boj undirishdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod qilinadi. Chet ellik investorlarning va chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq O'zbekiston Respublikasida turgan chet davlatlar fuqarolarining shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan boj undirilmaydi.

(12-moddaning oltinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 apreldagi O'RQ-143-sonli Qonuni tahririda — O'R QHT, 2008 y., 14-15-son, 86-modda)

Chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga tegishli, ularning investitsiyalari sifatida qo'shiladigan ixtirolarni patentlash va sanoat namunalarini joriy etish O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar korxona fondlari ro'yxatini, ularni vujudga keltirish va ulardan foydalanish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining mehnat munosabatlari O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona xodimlarining pensiya ta'minoti O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

(12-moddaning o'ninchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrdagi O'RQ-197-sonli Qonuni tahririda — O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2008 y., 52-son, 513-modda)

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda er uchastkalari sotib olishlari mumkin.

Imoratlar va inshootlarga bo'lgan mulk huquqi boshqaga o'tayotganda O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda shu ob'ektlar bilan birgalikda er uchastkasidan foydalanish huquqi ham o'tadi.

Chet ellik investorlarga mol-mulkni ijaraga berib qo'yish ijaraga beruvchi tomonidan shartnomalar asosida va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisob-kitobni va hisobotni amalga oshiradilar. Ular buxgalteriya daftarlari va yozuvlarini O'zbekiston Respublikasining milliy valyutasida, shuningdek, o'z xohishlariga ko'ra, erkin ayrboshlanadigan valyutada yuritadilar.

13-modda. Kontsessiya shartnomalari

Chet ellik investorlarga tabiiy resurslarni qidirish, qazib olish va ulardan foydalanish hamda boshqa xo'jalik faoliyatini yuritish uchun kontsessiyalar berish chet ellik investorlar O'zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvining vakolatli organlari bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzadigan kontsessiya shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Kontsessiyalarga, agar ular O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan bo'lsa va tuziladigan kontsessiya shartnomalarining maqsadlariga javob bersa, faoliyatning barcha sohalari va turlarida yo'l qo'yiladi.

14-modda. Chet ellik xodimlarni jalb etish

Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, har qanday chet davlat fuqarolari bilan va O'zbekiston Respublikasidan tashqarida yashovchi fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bilan investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida erkin mehnat shartnomalari tuzish huquqiga ega. Bunday shaxslar tegishli ko'p martalik vizalar olgan holda mehnat shartnomasining butun amal qilish davri uchun O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelish va unda qolish huquqiga ega.

Chet ellik xodimlar mehnatiga haq to'lash, ularga ta'tillar berish, ularni pensiya bilan ta'minlash masalalari ularning har biri bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida hal etilishi lozim. Bunday xodimlar ish haqi va qonuniy yo'l bilan olgan o'zga daromadlarini boshqa davlatlarga, qonunda belgilangan soliqlar va majburiy to'lovlar to'langanidan keyin, biron-bir cheklovsiz o'tkazishlari mumkin.

Chet ellik investor, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona chet ellik xodim doimiy yashaydigan mamlakatdagi tegishli fondlarga shu xodim uchun pensiya ta'minoti to'lovlarini o'tkazadi.

(14-moddaning uchinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrdagi O'RQ-197-sonli Qonuni tahririda — O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2008 y., 52-son, 513-modda)

15-modda. Yurish erkinligi

Investitsiya faoliyati bilan bog'liq holda O'zbekiston Respublikasida bo'lib turgan chet ellik investorlar, ularning vakillari va chet ellik xodimlar O'zbekiston Respublikasining butun hududida erkin yurish huquqiga egadirlar.

Basharti, O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida erkin yurishga cheklovlar belgilangan bo'lsa, faqat milliy xavfsizlikni ta'minlash maqsadlarini ko'zlab muayyan cheklovlar qo'llanilishi mumkin.

16-modda. Chet el investitsiyalarini sug'urta qilish

Investitsiyalar va chet ellik investorlarning tavakkalchiligini sug'urta qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

Chet ellik investorlar mamlakatning o'z investorlari bilan teng ravishda O'zbekiston Respublikasi hududida qonuniy faoliyat ko'rsatayotgan har qanday sug'urta himoyasi huquqidan foydalanadilar. Chet el investitsiyalarini siyosiy va boshqa xavflardan sug'urta qilish xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning eksport kredit agentliklari, boshqa sug'urta kompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Chet el investitsiyalarini sug'urta qilishni amalga oshiruvchi sug'urta tashkilotlari O'zbekiston Respublikasining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi. Davlat sug'urta tashkilotlarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi, taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Chet el investitsiyalarini sug'urta qilish siyosiy va boshqa xavflardan, shu jumladan:

mulkning ekspropriatsiya qilinishini, shuningdek, mulkning olib qo'yilishi yoki boshqa shaxsga o'tkazilishiga, mulk yoki u orqali olinadigan daromadlar ustidan nazorat qilish imkoniyati yo'qotilishiga olib keluvchi har qanday qonun chiqarishga oid yoki ma'muriy choralarni;

chet el valyutasini mamlakatdan tashqariga o'tkazishga cheklovlar joriy etilishini;

qonun hujjatlariga investorlarning ayrim guruhlariga nisbatan kamsitish tusidagi o'zgartishlar kiritilishini;

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular mansabdor shaxslarining investorlarning shartnomaviy munosabatlariga aralashuvini;

urushlar, fuqarolarning g'alayonlari yoki boshqa shu kabi hodisalarni;

chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari bilan bog'liq o'zga turdagi siyosiy hamda boshqa xavflarni o'z ichiga oluvchi xavflardan sug'urta himoyasi va kafolatlarni ta'minlaydi.

17-modda. Majburiyatlarni ta'minlash

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning mol-mulki va mulkiy huquqlaridan korxona zimmasidagi barcha turdagi majburiyatlarini ta'minlash, shu jumladan zayom mablag'larini jalb qilish kafolati sifatida foydalanishi mumkin. Uning savdo va xizmat ko'rsatish sohasi ob'ektlariga, shuningdek joylashgan er uchastkalari bilan birgalikda uy-joy binolariga bo'lgan mulk huquqi, binolar, inshootlar, uskunalarga bo'lgan mulkiy huquqlari hamda boshqa ashyoviy huquqlaridan majburiyatlarning ta'mini sifatida foydalanilishi mumkin.

Chet ellik investor o'ziga mulk huquqida tegishli barcha mol-mulki va mulkiy huquqlaridan, ularning qaerda joylashganligidan qat'i nazar, o'z majburiyatlarining ta'mini sifatida foydalanishi mumkin.

18-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.

Davlat ro'yxatidan o'tkazilgan sanadan e'tiboran bir yil ichida o'z ustav fondini ta'sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirmagan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, belgilangan tartibda tugatiladi. Shu bilan birga o'z ustav fondini belgilangan muddatda ta'sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantira olmagan korxona uni amalda shakllantirib ulgurgan, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz bo'lmagan darajada kamaytirishi yoki o'zi boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi mumkin.

(18-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi,1999 y., 9-son, 229-modda)

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona tugatilganida uning aktivlariga belgilangan tartibda soliq solinadi. Aktivlarning qolgan qismi, basharti ta'sis hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qatnashchilari o'rtasida ularning korxona mol-mulkidagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Chet ellik investor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonadan chiqib ketgan yoki bu korxona tugatilgan taqdirda, korxona mol-mulkidagi o'z ulushi pul yoki bozor bahosiga muvofiq ravishda tovar shaklida qaytarilishi huquqini oladi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qayta tashkil etilgan yoki tugatilganda mehnat shartnomalari bekor bo'lgan xodimlarning huquq va manfaatlariga rioya etilishi qonun hujjatlariga muvofiq kafolatlanadi.

19-modda. Chet el investitsiyalari bo'yicha davlat majburiyatlari

Davlat, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari chet el investorlari bilan tuzilgan tegishli shartnomalarda o'z zimmasiga olgan, vakolatlari O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan shaxslar imzolagan majburiyatlar bo'yichagina javob beradilar.

Davlat chet el investitsiyalarini jalb etayotgan O'zbekiston Respublikasi rezidentlarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi, bunday majburiyatlar qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan kafolatlangan hollar bundan mustasno.

20-modda. Chet el investitsiyalarini jalb etishni amalga oshiruvchi organlarning vazifalari

Chet el investitsiyalarini jalb etish, ro'yobga chiqarish va himoya qilish maqsadida hukumat tomonidan vakolat berilgan organ, davlat boshqaruvining boshqa organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek hukumatga qarashli bo'lmagan manfaatdor tashkilotlar:

O'zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatining imkoniyatlari va shart-sharoitlari to'g'risida axborot tayyorlaydilar hamda tarqatadilar;

potentsial investorlarga faoliyatning yuridik, iqtisodiy va boshqa jihatlari bo'yicha maslahatlar beradilar hamda yuzaga keluvchi masalalarni hal etishda zarur yordam ko'rsatadilar;

chet ellik investorlar faoliyatining huquqiy bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadilar;

chet el investitsiyalari masalalari bo'yicha xalqaro munosabatlarda o'z vakolatlari doirasida O'zbekiston Respublikasi nomidan ish ko'radilar;

chet el investitsiyalarini jalb etish, ro'yobga chiqarish va himoya qilishga qaratilgan boshqa vazifalarni bajaradilar.

21-modda. Chet ellik investorlarning faoliyati ustidan nazorat qilish bo'yicha davlat organlarining vakolatlari

Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi ustidan nazoratni soliq organlari va O'zbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan boshqa davlat organlari O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshiradilar.

Nazorat qiluvchi organ nazorat vazifalarini amalga oshirishda tijorat siri saqlanishini ta'minlashi shart. Tijorat sirini oshkor qilish O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga binoan ta'qib qilinadi.

22-modda. O'zaro zid qoidalar

Mazkur Qonunning qoidalari bilan O'zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari yoki O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari o'rtasida biron-bir nomuvofiqlik bo'lgan holda, chet ellik investorlar uchun birmuncha qulay bo'lgan qoidalar ustuvor kuchga ega bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasining Prezidenti
I. KARIMOV

Toshkent sh.