| O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI | ||
| ¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ | ||
| ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ | ||
Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Qonunlar >
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNI
2006 yil 15 sentyabr O'RQ-50-son
Mikromoliyalash to'g'risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006 yil 21 iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006 yil 25 avgustda ma'qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi mikromoliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirish, fuqarolarning va tadbirkorlik sub'ektlarining ishchanlik faolligini oshirish uchun ularning moliyaviy mablag'lar hamda xizmatlarga bo'lgan ehtiyojlarini ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Mikromoliyalash to'g'risidagi qonun hujjatlari
Mikromoliyalash to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining mikromoliyalash to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Mikromoliyalash
Mikromoliyalash mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlarning qonun hujjatlarida belgilangan mikdordan oshmaydigan summada mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berish, shuningdek mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish to'g'risidagi shartnomaga (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) muvofiq boshqa xizmatlar ko'rsatish borasidagi faoliyatidir.
4-modda. Mikrokredit
Mikrokredit qarz oluvchiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng kam ish haqining ming baravari miqdoridan oshmaydigan summada to'lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida beriladigan pul mablag'laridir.
Mikrokredit qarz oluvchiga pul mablag'larini shartnomaga muvofiq muayyan maqsadlar uchun ishlatish shartlari asosida (maqsadli mikrokredit) berilishi mumkin.
5-modda. Mikroqarz
Mikroqarz mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs bo'lgan qarz oluvchiga eng kam ish haqining yuz baravari miqdoridan oshmaydigan summada muddatlilik va qaytarish shartlari asosida, shartnomada nazarda tutilgan hollarda esa to'lovlilik sharti asosida ham beriladigan pul mablag'laridir.
6-modda. Mikrolizing
Mikrolizing mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot tomonidan lizing oluvchining topshirig'iga binoan uchinchi tarafdan mol-mulk olish hamda uni egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga shartnomada belgilangan shartlar asosida haq evaziga berish nazarda tutiladigan xizmatdir.
Mikrolizing tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun lizing to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq eng kam ish haqining ikki ming baravari mikdoridan oshmaydigan summada beriladi.
Ushbu Qonunda qarz oluvchilarga nisbatan belgilangan qoidalar mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlarning xizmatlaridan foydalanuvchi lizing oluvchilarga nisbatan qo'llaniladi.
7-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlar
Banklar, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlardir.
8-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish qoidalari
Mikromoliyaviy xizmatlar mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish qoidalariga muvofiq ko'rsatiladi.
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish qoidalari mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish qoidalari barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq bo'lishi va mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish shartlarini, shuningdek mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish miqdori, muddatlari va haqi to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olishi kerak.
9-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish uchun mablag'larning manbalari
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotlar o'z mablag'lari, shu jumladan olgan daromadlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatadi.
10-modda. Mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish koidalariga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotga mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun buyurtma (bundan buyon matnda buyurtma deb yuritiladi) hamda o'z faoliyati va daromadlari to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan boshqa hujjatlar taqdim etadi.
11-modda. Buyurtma
Buyurtmada quyidagi ma'lumotlar ko'rsatiladi:
yuridik shaxs uchun - uning to'liq nomi, joylashgan eri (pochta manzili), soliq to'lovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
jismoniy shaxs uchun - uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti (yoki pasport o'rnini bosuvchi boshqa hujjati) seriyasi va raqami, doimiy yashash joyining manzili, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor uchun - qo'shimcha ravishda soliq to'lovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
mikromoliyaviy xizmatlarning summasi, turi, maqsadi, bunday xizmatlar ko'rsatish muddatlari va ob'ekti;
buyurtma beruvchining faoliyat turi va daromadlari.
Buyurtma buyurtma berilgan sana ko'rsatilgan xolda buyurtma beruvchi tomonidan imzolanadi.
12-modda. Buyurtmani ko'rib chiqish
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot buyurtmani olganidan so'ng o'n ish kuni ichida uni ko'rib chiqishi va mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish to'g'risida yoki mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilishi shart.
Buyurtma mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot tomonidan ko'rib chiqilayotganda quyidagilarning tahlili amalga oshiriladi:
buyurtma beruvchining daromadlari etarliligini aniqlash;
buyurtmada bayon etilgan ma'lumotlarning bir-biriga zid bo'lmasligi;
mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot oldidagi majburiyatlarni buyurtma beruvchi tomonidan o'z vaqtida bajarish imkoniyatining mavjudligi.
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot buyurtma beruvchiga bu haqda yozma shaklda ma'lum qilishi shart.
13-modda. Shartnoma
Buyurtmani ko'rib chiqish natijalariga ko'ra mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda, mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot va qarz oluvchi o'rtasida shartnoma tuziladi.
Shartnoma yozma shaklda tuziladi.
14-modda. Shartnomaning mazmuni
Shartnomada quyidagilar nazarda tutilgan bo'lishi kerak:
mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakdi ko'rsatilgan to'liq nomi, joylashgan eri (pochta manzili), soliq to'lovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti (yoki pasport o'rnini bosuvchi hujjati) seriyasi va raqami, doimiy yashash joyi manzili (yakka tartibdagi tadbirkor uchun qo'shimcha ravishda soliq to'lovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari ko'rsatiladi) yoki yuridik shaxsning to'liq nomi, joylashgan eri (pochta manzili), soliq to'lovchining identifikatsiya raqami va bank rekvizitlari;
mikromoliyaviy xizmatning umumiy summasi, maqsadi va ob'ekti;
foizlar yoki lizing to'lovlari miqdori;
mikromoliyaviy xizmat ko'rsatish, mikromoliyaviy xizmat bo'yicha asosiy qarzni qaytarish, shuningdek foizlar va lizing to'lovlarini to'lash tartibi va muddatlari;
taraflarning huquk va majburiyatlari;
shartnoma bo'yicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi;
shartnomaning amal qilish muddati;
shartnomani o'zgartirish va bekor qilish tartibi.
Qonun hujjatlariga muvofiq shartnomada boshqa shartlar ham pazarda tutilishi mumkin.
15-modda. Shartnomani o'zgartirish va bekor qilish
Shartnoma shartlari, agar konun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, taraflarning kelishuviga binoan o'zgartirilishi mumkin.
Qarz oluvchi foydalanilmagan mikromoliyaviy xizmat summasidan voz kechish hakida mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotni shartnoma tuzilgan kundan e'tiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor etish orqali mazkur summadan voz kechishga haqli.
Qarz oluvchi ko'rsatilgan mikromoliyaviy xizmatdan shartnoma tuzilgan kundan e'tiboran bir oy ichida foydalanmagan taqdirda, mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot shartnomani bekor qilish haqida qarz oluvchini yozma ravishda xabardor etish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.
Yozma xabar topshirilgan yoki pochta orqali jo'natilgan sana mazkur yozma xabar yuborilgan sana hisoblanadi.
16-modda. Qarz oluvchining hukuq va majburiyatlari
Qarz oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish qoidalari bilan tanishib chiqish;
o'z huquq va majburiyatlari to'g'risida, shu jumladan mikromoliyaviy xizmat ko'rsatish bilan bog'liq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda to'liq axborot olish;
shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
shartnoma bo'yicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi natijasida etkazilgan zararlarning o'rnini koplashni talab qilish.
Qarz oluvchi:
mikromoliyaviy xizmatdan foydalanish va shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni taqdim etishi;
olingan maqsadli mikrokreditdan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
majburiyatlarni shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarishi shart.
Qarz oluvchi qonun hujjatlari yoki shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
17-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
shartnomaga muvofiq majburiyatlarning qarz oluvchi tomonidan bajarilishini ta'minlash sharti asosida yoki shunday shartsiz mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish;
buyurtma beruvchiga mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatishni asoslantirilgan holda rad etish;
mikromoliyaviy xizmat ko'rsatish va shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni buyurtma beruvchidan so'rab olish;
to'lov o'z vaqtida amalga oshirilmagan yoxud maqsadli mikrokreditdan belgilangan maqsadda foydalanilmagan taqdirda, majburiyatlarning qarz oluvchi tomonidan muddatidan ilgari bajarilishini talab qilish.
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot:
buyurtma beruvchining huquq va majburiyatlari to'g'risida, shu jumladan mikromoliyaviy xizmat ko'rsatish bilan bog'liq barcha xarajatlar haqida buyurtma beruvchiga ishonchli hamda to'liq axborotni ma'lum qilishi;
shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatishi;
shartnoma bo'yicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi natijasida etkazilgan zararlarning o'rnini qarz oluvchiga qoplashi shart.
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilot qonun hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
18-modda. Qarz oluvchi tomonidan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash
Qarz oluvchi tomonidan shartnoma bo'yicha majburiyatlarning bajarilishi:
bank yoki sug'urta tashkilotining kafolati;
uchinchi shaxslarning kafilligi;
mol-mulk yoki qimmatli qog'ozlar garovi, shu jumladan garov depoziti, banklarning omonat sertifikatlari hamda qonun hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan ta'minlanadi.
Qarz oluvchining daromadlari hajmi, shuningdek shartnoma bo'yicha majburiyatlar bajarilishining qarz oluvchi tomonidan taqdim etilgan ta'minoti olingan mikromoliyaviy xizmat summasini qaytarish va mazkur xizmat bo'yicha hisoblangan foizlarni to'lash uchun etarli bo'lishi kerak.
19-modda. Mikrokreditni va mikroqarzni muddatidan ilgari qaytarish
Qarz oluvchi olingan mikrokredit yoki mikroqarz summasini muddatidan ilgari qaytarishga va ulardan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun hisoblangan foizlarni to'lashga haqli.
20-modda. Qarz oluvchi majburiyatlarining kafolat beruvchi va kafil tomonidan bajarilishini ta'minlash
Qarz oluvchi o'z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, kafolat beruvchi yoki kafil qarzni qaytarish muddati tugagach, mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi tashkilotning birinchi talabiga binoan shartnomaga muvofiq qarz oluvchining qarzini to'lashi shart.
21-modda. Hujjatlarning saqlanishi
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish faoliyati bilan bog'liq hujjatlarni saqlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
22-modda. Nizolarni hal etish
Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish bilan bog'liq holda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23-modda. Mikromoliyalash to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Mikromoliyalash to'g'risidagi qonun xujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.
24-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ- huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti
I. Karimov
Toshkent shahri,
2006 yil 15 sentyabr
N O'RQ-50