O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ
Ibora to'liq holda
 
Yubiley tangalari

Banknotlar va tangalar

Foydali manbalar

Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Qonunlar >

Yangilangan sana: 25.01.2012

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

22.07.2008 y.
N O'RQ-163

QIMMATLI QOG'OZLAR BOZORI TO'G'RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 13 fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2008 yil 27 iyunda ma'qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar (1-3-moddalar)

2-bob. Qimmatli qog'ozlarni chiqarish (4-12-moddalar)

3-bob. Qimmatli qog'ozlarni joylashtirish

va ularning muomalasi (13-18-moddalar)

4-bob. Qimmatli qog'ozlar bozorida

professional faoliyat (19-30-moddalar)

5-bob. Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan

huquqlarni hisobga olish (31-37-moddalar)

6-bob. Qimmatli qog'ozlar bozorida

axborotni oshkor qilish (38-47-moddalar)

7-bob. Qimmatli qog'ozlar bozorini

tartibga solish (48-52-moddalar)

8-bob. Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilarining

huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi (53-57-moddalar)

9-bob. Yakunlovchi qoidalar (58-64-moddalar)

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo'llanish sohasi

2-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari

3-modda. Asosiy tushunchalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
va qo'llanish sohasi

Ushbu Qonunning maqsadi qimmatli qog'ozlar bozori sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonun quyidagi qimmatli qog'ozlarga nisbatan amal qiladi: aktsiyalar, obligatsiyalar, g'azna majburiyatlari, depozit sertifikatlari, qimmatli qog'ozlar hosilalari va veksellar.

2-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori
to'g'risidagi qonun hujjatlari

Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

aktsiya - o'z egasining aktsiyadorlik jamiyati foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga, aktsiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etishga va u tugatilganidan keyin qoladigan mol-mulkning bir qismiga bo'lgan huquqini tasdiqlovchi, amal qilish muddati belgilanmagan egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qog'oz;

axborotni oshkor qilish - qimmatli qog'ozlar bozorida manfaatdor shaxslarning axborotni olish maqsadidan qat'i nazar, axborotdan uning topilishi va olinishini kafolatlaydigan shakllarda foydalanishini ta'minlash;

veksel - veksel beruvchining yoki vekselda ko'rsatilgan boshqa to'lovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani to'lashga doir shartsiz majburiyatini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog'oz;

davlat qimmatli qog'ozlari - O'zbekiston Respublikasining g'azna majburiyatlari va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organ tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari;

depo hisobvarag'i - deponentning qimmatli qog'ozlarini saqlash va qim matli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish uchun mo'ljallangan depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlar yig'indisi;

depo hisobvarag'idan ko'chirma - deponentning qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarini tasdiqlaydigan, depozitariy tomonidan beriladigan hujjat;

depozitar operatsiyalar - hisobga olish registrlarida depozitariylar tomonidan depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq bajariladigan operatsiyalar;

depozit sertifikati - bankka qo'yilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog'oz;

depozitariyning hisobga olish registrlari - depozitariyda qimmatli qog'ozlarni saqlash va qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish bo'yicha depozitar operatsiyalar standartlari bilan belgilangan yozuvlar tizimi;

deponent - depozitariyda depo hisobvarag'iga ega bo'lgan shaxs;

investitsiya aktivlari - qimmatli qog'ozlar, pul mablag'lari va qonun hujjatlariga muvofiq investitsiya aktivlari deb e'tirof etiladigan boshqa mol-mulk;

investor - qimmatli qog'ozlarni o'z nomidan va o'z hisobidan oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;

korporativ obligatsiyalar - ochiq aktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar;

noemissiyaviy qimmatli qog'ozlar - ushbu Qonunga muvofiq emissiyaviy qimmatli qog'ozlar tushunchasiga oid bo'lmagan qimmatli qog'ozlar;

obligatsiya - obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qayd etilgan foizni olishga bo'lgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog'oz;

taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qog'ozlar - qimmatli qog'ozlarni taqdim etishning o'zi mulkiy huquqlarni realizatsiya qilish uchun kifoya qiladigan qimmatli qog'ozlar;

fond birjasi - ochiq va oshkora birja savdolarini oldindan belgilangan vaqtda va belgilangan joyda o'rnatilgan qoidalar asosida tashkil etish hamda o'tkazish orqali faqat qimmatli qog'ozlar savdosi uchun sharoitlar yaratuvchi yuridik shaxs;

egasining nomi yozilgan qimmatli qog'ozlar - mulkiy huquqlarning realizatsiya qilinishi o'z egasining ro'yxatdan o'tkazilishini talab etadigan qimmatli qog'ozlar;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlar - bitta chiqarilishi doirasida bir xil belgilar va rekvizitlarga ega bo'lgan, mazkur chiqarilish uchun yagona shartlar asosida joylashtiriladigan hamda muomalada bo'ladigan qimmatli qog'ozlar;

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining yagona davlat reestri - ro'yxatdan o'tkazilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining ro'yxati;

emitent - emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qog'ozlarning egalari oldida majburiyatlari bo'lgan yuridik shaxs;

emitentning optsioni - emitentning muayyan miqdordagi qimmatli qog'ozlarini optsionda ko'rsatilgan muddatda qat'iy belgilangan narxda sotib olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog'oz;

O'zbekiston Respublikasining g'azna majburiyatlari - emissiyaviy qimmatli qog'ozlar egalari O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga pul mablag'lari kiritganliklarini tasdiqlovchi va bu qimmatli qog'ozlarga egalik qilishning butun muddati mobaynida qat'iy belgilangan daromad olish huquqini beruvchi emissiyaviy qimmatli qog'ozlar;

qimmatli qog'ozlar - hujjatlar bo'lib, ular bu hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi o'rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydi, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad to'lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga o'tkazish imkoniyatini nazarda tutadi. Qimmatli qog'ozlarning qiymati O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasida ifodalanadi;

qimmatli qog'ozlar bozori - yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qog'ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog'liq munosabatlari tizimi;

qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilari - qimmatli qog'ozlar emitentlari,qimmatli qog'ozlarning egalari, investorlar, qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birjalar;

qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi - qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;

qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisining mijozi (mijoz) - deponent yoki qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisining xizmatlaridan foydalanuvchi boshqa shaxs;

qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyat - qimmatli qog'ozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog'liq xizmatlar ko'rsatish bo'yicha litsenziyalanadigan faoliyat turi;

qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar - qimmatli qog'ozlar oldi-sotdisi, ularni hadya qilish, meros qilib olish, ularni ustav fondiga kiritish va qimmatli qog'ozlarning egasi almashuviga olib keladigan boshqa aktlar, shuningdek qimmatli qog'ozlar garovi;

qimmatli qog'ozlarga doir fyuchers - o'zida nazarda tutilgan muddatda muayyan miqdordagi qimmatli qog'ozlarni qat'iy belgilangan narxda sotib olish yoki sotish majburiyatini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog'oz;

qimmatli qog'ozlarni joylashtirish - qimmatli qog'ozlarni bitimlar tuzish orqali ularning dastlabki egalariga berish;

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi - depozitariylarda depo hisobvaraqlari bo'yicha emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni saqlash, bunday qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish va emissiyaviy qimmatli qog'ozlar harakati yagona tizimini ta'minlovchi davlat depozitariysi;

qimmatli qog'ozlarning muomalasi - qimmatli qog'ozlarni sotib olish va sotish, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, qimmatli qog'ozlarning egasi almashuviga olib keladigan boshqa harakatlar;

qimmatli qog'ozlarni nominal saqlovchi - qimmatli qog'ozlar egalarining reestrida ro'yxatdan o'tkazilgan, qimmatli qog'ozlarning egasi bo'lmagan holda boshqa shaxsning (qimmatli qog'ozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning) topshirig'iga binoan qimmatli qog'ozlarni saqlash, hisobga olish va ularga bo'lgan huquqlarni tasdiqlashni amalga oshiruvchi depozitariy;

qimmatli qog'ozlarni chiqarish - yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarining ob'ekti sifatida qimmatli qog'ozlar paydo bo'lishiga qaratilgan harakatlari;

qimmatli qog'ozlar egasi - qimmatli qog'ozlar o'ziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli bo'lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

qimmatli qog'ozlar egalari reestri - ro'yxatdan o'tkazilgan qimmatli qog'ozlar egalarining belgilangan sanadagi holatga ko'ra shakllantirilgan, ularga qarashli egasining nomi yozilgan qimmatli qog'ozlarning nomi, miqdori, nominal qiymati va toifasi, shuningdek reestrda ro'yxatdan o'tkazilgan shaxslarga axborotni yuborish imkoniyatini beradigan ma'lumotlar ko'rsatilgan ro'yxati;

qimmatli qog'ozlar emissiyasi - emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish va joylashtirish;

qimmatli qog'ozlar emissiya risolasi - emitent va u chiqaradigan qimmatli qog'ozlar to'g'risidagi ma'lumotlarni, shuningdek investorning qimmatli qog'ozlar olish to'g'risidagi qaroriga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan boshqa axborotni aks ettiruvchi hujjat;

qimmatli qog'ozlarning hosilalari - o'z egalarining boshqa qimmatli qog'ozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan emitentning optsionlari, qimmatli qog'ozlarga doir fyucherslar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qog'ozlar.

2-BOB. QIMMATLI QOG'OZLARNI ChIQARISh

4-modda. Qimmatli qog'ozlarning chiqarilish shakli

5-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni

chiqarish to'g'risidagi qaror

6-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning

chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazish

7-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning

chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish

8-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini

va (yoki) ilgari ro'yxatdan o'tkazilgan emissiyaviy qimmatli

qog'ozlar chiqarilishiga doir o'zgartishlarni

davlat ro'yxatidan o'tkazganlik uchun yig'im

9-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar

chiqarilishlarining yagona davlat reestri

10-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishini

to'xtatib turish, emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishini

amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish

11-modda. Davlat qimmatli qog'ozlarini chiqarish

12-modda. Depozit sertifikatlarini va veksellarni chiqarish

4-modda. Qimmatli qog'ozlarning
chiqarilish shakli

Qimmatli qog'ozlar chiqarilish shakliga ko'ra blankalar tarzida hujjatli va depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlar tarzida hujjatsiz bo'lishi mumkin.

Qimmatli qog'ozlarning chiqarilish shakli qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog'ozlar chiqarish to'g'risidagi qarorda belgilanadi.

Aktsiyalar hujjatsiz shaklda chiqariladi.

5-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni
chiqarish to'g'risidagi qaror

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorda quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

emitentning to'liq nomi, joylashgan eri (pochta manzili);

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qaror tasdiqlangan sana;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorni tasdiqlagan emitent boshqaruv organining nomi;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning nomi va ularning chiqarilish shakli;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning egasining nomi yozilganligi yoki taqdim etuvchiga tegishliligi;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlar egasining huquqlari;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni joylashtirish shartlari;

chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning soni;

ilgari joylashtirilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning soni;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning nominal qiymati.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar ham ko'rsatilishi mumkin.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qaror qonun huj jatlariga va emitentning ustaviga muvofiq emitent boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanadi.

Emitentning majburiyatlari bajarilishini garov, bank kafolati yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa usullar bilan qo'shimcha ta'minlanadigan obligatsiyalarni chiqarish to'g'risidagi qarorda qo'shimcha ta'minot bergan shaxs to'g'risidagi va ta'minot shartlari haqidagi ma'lumotlar ham ko'rsatilishi kerak. Bu holda obligatsiyalarni chiqarish to'g'risidagi qaror qo'shimcha ta'minot bergan shaxs tomonidan ham imzolanishi kerak.

Davlat korxonasi ochiq aktsiyadorlik jamiyati etib o'zgartirilayotganda O'zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo'mitasi tomonidan tasdiqlangan aktsiyalarning emissiya risolasi aktsiyalarni chiqarish to'g'risidagi qarordir.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilganidan keyin emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorning bir nusxasi qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organida qoladi, bir nusxasi emitentga beriladi va bir nusxasi emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysiga topshiriladi.

Ro'yxatdan o'tkazilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarish to'g'risidagi qarorga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek mazkur qarorni o'z kuchini yo'qotgan deb topish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning
chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazish

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazish qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan emitentning arizasi asosida amalga oshiriladi. Emitentning arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qaror;

qimmatli qog'ozlar emissiya risolasi;

blanka namunasi (hujjatli shakldagi emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilgan taqdirda);

ro'yxati qonun hujjatlarida belgilanadigan boshqa hujjatlar.

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini ro'yxatdan o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar olingan sanadan e'tiboran o'ttiz kun ichida davlat ro'yxatidan o'tkazishi yoki emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish to'g'risida asoslantirilgan qaror qabul qilishi shart.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilayotganida emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorning har bir nusxasida emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risida belgi qo'yiladi va emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishiga berilgan ro'yxatdan o'tkazilganlik raqami ko'rsatiladi.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning to'g'riligi uchun javobgarlik emitent zimmasida bo'ladi.

7-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning
chiqarilishini davlat ro'yxatidan
o'tkazishni rad etish

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish uchun quyidagilar asos bo'ladi:

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarning hamda ulardagi ma'lumotlarning qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga nomuvofiqligi;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risida qaror qabul qilish tartibiga emitent tomonidan rioya etilmaganligi;

qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yig'imlarning to'lanmaganligi;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarishni amalga oshirayotgan yuridik shaxsda ularni chiqarish huquqining yo'qligi.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish to'g'risidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

8-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning
chiqarilishini va (yoki) ilgari ro'yxatdan o'tkazilgan
emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishiga doir
o'zgartishlarni davlat ro'yxatidan o'tkazganlik uchun yig'im

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini davlat ro'yxatidan o'tkazishda emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog'ozlar nominal qiymatining 0,01 foizi miqdorida respublika byudjetiga yig'im to'laydi.

Ilgari ro'yxatdan o'tkazilgan chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning nominal qiymati oshirilgan taqdirda, emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qog'ozlar nominal qiymati oshgan summasining 0,01 foizi miqdorida respublika byudjetiga yig'im to'laydi.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni davlat ro'yxatidan o'tkazganlik uchun yig'im quyidagi hollarda olinmaydi:

aktsiyalar O'zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo'mitasi tomonidan tasdiqlangan emissiya risolasi asosida chiqarilgan taqdirda;

aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondi davlat aktivlari hisobiga ko'paytirilganda ilgari ro'yxatdan o'tkazilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishiga o'zgartishlar kiritilgan taqdirda;

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda.

9-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar
chiqarilishlarining yagona davlat reestri

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining yagona davlat reestrida qimmatli qog'ozlarning nomi, soni va emitenti to'g'risidagi ma'lumotlar, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa axborot bo'lishi lozim.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining yagona davlat reestrini yuritish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

10-modda. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar
chiqarilishini to'xtatib turish, emissiyaviy
qimmatli qog'ozlar chiqarilishini amalga
oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi:

emissiya jarayonida emitent tomonidan qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganda, shuningdek emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishi haqidagi e'lon qilingan axborotda noto'g'ri ma'lumotlar aniqlangan taqdirda to'xtatib turilishi;

chiqarilishni to'xtatib turishga olib kelgan qoidabuzarliklar emitent tomonidan bartaraf etilmagan yoxud chiqarish to'g'risidagi qarorda belgilangan muddatda mazkur chiqarilishdagi qimmatli qog'ozlarning 60 foizdan kam qismi joylashtirilgan taqdirda amalga oshmagan deb topilishi;

sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, mazkur chiqarilishning barcha qimmatli qog'ozlari muomaladan olinishi lozim, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini joylashtirishdan emitent olgan mablag'lar esa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalariga qaytarilishi kerak.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish va mablag'larni egalariga qaytarish bilan bog'liq chiqimlarning o'rni emitent hisobidan qoplanadi.

11-modda. Davlat qimmatli qog'ozlarini chiqarish

Davlat qimmatli qog'ozlarini chiqarish emissiya risolasisiz va davlat qimmatli qog'ozlarining chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Davlat qimmatli qog'ozlari qisqa muddatli (bir yilgacha muddatga), o'rtacha muddatli (bir yildan besh yilgacha muddatga) va uzoq muddatli (besh yil va undan ortiq muddatga) etib chiqarilishi mumkin.

12-modda. Depozit sertifikatlarini
va veksellarni chiqarish

Depozit sertifikatlarini chiqarish qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Veksellarni chiqarish qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

3-BOB. QIMMATLI QOG'OZLARNI
JOYLAShTIRISh VA ULARNING MUOMALASI

13-modda. Qimmatli qog'ozlarni joylashtirish

va ularning muomalasi shartlari

14-modda. Qimmatli qog'ozlarni joylashtirish

15-modda. Qimmatli qog'ozlarning muomalasi

16-modda. Qimmatli qog'ozlar savdosining tashkilotchilari

17-modda. Davlat qimmatli qog'ozlarini joylashtirish

va ularning muomalasi

18-modda. Depozit sertifikatlarini va veksellarni

joylashtirish hamda ularning muomalasi

13-modda. Qimmatli qog'ozlarni joylashtirish
va ularning muomalasi shartlari

Qimmatli qog'ozlarni O'zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalasiga, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo'lsa, ular davlat ro'yxatidan o'tkazilganidan keyingina yo'l qo'yiladi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

O'zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni O'zbekiston Respublikasi hududida;

O'zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarning O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga kiritish kvotalari va tartibini belgilaydi.

14-modda. Qimmatli qog'ozlarni joylashtirish

Emitentlar qimmatli qog'ozlarni mustaqil ravishda, shuningdek banklar va investitsiya vositachilari orqali joylashtirish huquqiga ega.

Qimmatli qog'ozlarni joylashtirish quyidagi turlarda amalga oshirilishi mumkin:

qimmatli qog'ozlarni xususiy yo'sinda joylashtirish (oldindan ma'lum bo'lgan, soni cheklangan investorlar orasida yopiq obuna qilish, ommaviy e'lon bermagan va reklama kampaniyasi o'tkazmagan holda);

qimmatli qog'ozlarni ommaviy joylashtirish (soni cheklanmagan investorlar orasida reklamadan foydalangan holda ochiq obuna qilish).

Ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab o'tilgan hollarning har biri uchun qimmatli qog'ozlar chiqarilishining eng kam yoki eng ko'p hajmi qonun hujjatlarida belgilanadi.

O'zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo'mitasi tasdiqlagan emissiya risolasi asosida chiqariladigan aktsiyalarni joylashtirish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda mazkur qo'mita tomonidan amalga oshiriladi.

Banklar va investitsiya vositachilari emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishining joylashtirilmagan qismini sotib olish majburiyatini olmagan holda emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni emitent nomidan sotish to'g'risida emitentlar bilan shartnomalar tuzishi mumkin.

Joylashtirilayotgan qimmatli qog'ozlarning soni emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorda ko'rsatilgan qimmatli qog'ozlar sonidan ortiq bo'lmasligi kerak.

Emitent emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning haqiqatda joylashtirilgan sonini ularning chiqarilishi yakunlari to'g'risidagi yozma bildirishnomada ko'rsatadi. Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarilishi yakunlari to'g'risidagi bildirishnomani taqdim etish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

Emitent chiqarilayotgan emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni joylashtirishni emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilgan kundan e'tiboran bir yil ichida tugallashi shart.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni ommaviy joylashtirish emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi xabar e'lon qilinganidan keyin kamida ikki hafta o'tgach, amalga oshiriladi.

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqaruvchi emitent, shuningdek u bilan shartnomaga ko'ra emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni joylashtirishni amalga oshiruvchi banklar va investitsiya vositachilari mazkur qimmatli qog'ozlar olinguniga qadar investorga qimmatli qog'ozlar emissiya risolasi va emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni joylashtirish shartlari bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta'minlashi shart.

15-modda. Qimmatli qog'ozlarning muomalasi

Qimmatli qog'ozlar muomalasi qimmatli qog'ozlar bozorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bitimlar tuzish orqali amalga oshiriladi.

Egasining nomi yozilgan, shuningdek yuridik shaxs ishtirokida tuziladigan taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar yozma shaklda amalga oshiriladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi kerak.

Tashkil etilgan bozorlarda oldi-sotdi bitimlarini tuzish paytida ular yuzasidan hisob-kitob qilish muddatlari qimmatli qog'ozlar savdosi tashkilotchisining qoidalari bilan, boshqa hollarda esa oldi-sotdi shartnomalari bilan belgilanadi. Belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda, bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi.

16-modda. Qimmatli qog'ozlar
savdosining tashkilotchilari

Qimmatli qog'ozlar savdosining tashkilotchilari quyidagilardir:

fond birjasi, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq fond bo'limlarini tashkil etgan boshqa birjalar;

qimmatli qog'ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi;

qimmatli qog'ozlarning mulkdori yoki qimmatli qog'ozlarga bo'lgan mulkiy huquq egasi.

Ushbu moddaning:

birinchi qismi ikkinchi xatboshisida ko'rsatilgan qimmatli qog'ozlar savdosining tashkilotchilari qimmatli qog'ozlar savdosini tashkil etish qoidalarini qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi bilan kelishuvga binoan belgilaydi;

birinchi qismi uchinchi va to'rtinchi xatboshilarida ko'rsatilgan qimmatli qog'ozlar savdosining tashkilotchilari savdoni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etadi.

Fond birjasi, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq fond bo'limlarini tashkil etgan boshqa birjalar va qimmatli qog'ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatni tegishli litsenziya asosida amalga oshiradi.

Fond birjasining, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq fond bo'limlarini tashkil etgan boshqa birjalarning a'zolarini qimmatli qog'ozlar savdosida ishtirok etishga qo'yish ularda investitsiya vositachisi yoki investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi sifatida qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya bo'lgan taqdirdagina amalga oshiriladi.

17-modda. Davlat qimmatli qog'ozlarini
joylashtirish va ularning muomalasi

Davlat qimmatli qog'ozlarini joylashtirish va ularning muomalasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

18-modda. Depozit sertifikatlarini va veksellarni
joylashtirish hamda ularning muomalasi

Depozit sertifikatlarini joylashtirish va ularning muomalasi qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi bilan keli shilgan holda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Veksellarni joylashtirish va ularning muomalasi qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

4-BOB. QIMMATLI QOG'OZLAR BOZORIDA
PROFESSIONAL FAOLIYaT

19-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida professional

faoliyatni amalga oshirish

20-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida professional

faoliyatni birga qo'shib olib borishga doir cheklashlar

21-modda. Investitsiya vositachisining

(brokerining, dilerining) faoliyati

22-modda. Investitsiya maslahatchisining faoliyati

23-modda. Investitsiya fondining faoliyati

24-modda. Investitsiya aktivlarini ishonchli

boshqaruvchining faoliyati

25-modda. Depozitariy faoliyati

26-modda. Hisob-kitob-kliring palatasining faoliyati

27-modda. Transfer-agent faoliyati

28-modda. Qimmatli qog'ozlarning birjadan

tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyati

29-modda. Qimmatli qog'ozlar bozoridagi

operatsiyalarni va bitimlarni hisobga olish

30-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori professional

ishtirokchisi va uning mijozi munosabatlari

19-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida
professional faoliyatni amalga oshirish

Qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyat qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.

Qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyat quyidagilar sifatida amalga oshiriladi:

investitsiya vositachisi (brokeri, dileri);

investitsiya maslahatchisi;

investitsiya fondi;

investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi;

depozitariy;

hisob-kitob - kliring palatasi;

transfer-agent;

qimmatli qog'ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi.

Litsenziya talabgoriga uning arizasiga binoan qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirish uchun yoki mazkur faoliyat turining qismlari uchun litsenziya berilishi mumkin. Qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni birga qo'shib olib borish uchun belgilangan cheklashlar hisobga olingan holda beriladi.

Faqat qimmatli qog'ozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasi bo'lgan kamida ikki xodimga ega yuridik shaxslar (investitsiya fondi bundan mustasno) qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari bo'lishi mumkin. Qimmatli qog'ozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasi uch yil muddatga beriladi.

Qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

20-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida
professional faoliyatni birga qo'shib
olib borishga doir cheklashlar

Investitsiya fondining faoliyati boshqa turdagi faoliyat bilan birga qo'shib olib borilishi mumkin emas.

Depozitariyning professional faoliyatini birga qo'shib olib boruvchi transfer-agent investitsiya vositachisining professional faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.

Professional faoliyatni birga qo'shib olib borish va qimmatli qog'ozlar bo'yicha operatsiyalarni o'tkazishga doir qo'shimcha cheklovlar qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

21-modda. Investitsiya vositachisining
(brokerining, dilerining) faoliyati

Vositachilik yoki topshiriq shartnomasi yoxud mijozning vositachisi yoki ishonchli vakili sifatida qimmatli qog'ozlarga doir bitimlarni tuzish uchun berilgan ishonchnoma asosida ish olib boruvchi yuridik shaxs brokerdir.

Mijozlarning bitimlar tuzish uchun brokerga berilgan qimmatli qog'ozlari va pul mablag'lari, shuningdek broker tomonidan shartnomalar asosida mijozlar bilan tuzilgan bitimlar bo'yicha olingan qimmatli qog'ozlar va pul mablag'lari broker tegishincha Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysida va bankda ochadigan (ochiladigan) alohida hisobvaraqda (hisobvaraqlarda) turishi kerak.

Broker o'ziga mijozi tomonidan topshirilgan pul mablag'laridan, mijozga uning topshiriqlari ko'rsatib o'tilgan pul mablag'lari hisobidan bajarilishini yoki ular mijozning talabiga binoan qaytarilishini kafolatlagan holda o'z manfaatlarini ko'zlab foydalanishga, agar bu mijoz bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan bo'lsa, haqlidir.

Brokerga pul mablag'laridan o'z manfaatlarini ko'zlab foydalanish huquqini bergan mijozlarning pul mablag'lari brokerga bunday huquqni bermagan mijozlarning pul mablag'lari turgan hisobvaraqdan (hisobvaraqlardan) alohida bo'lgan hisobvaraqda (hisobvaraqlarda) turishi kerak. Broker o'z pul mablag'larini bu hisobvaraqqa (hisobvaraqlarga) o'tkazishga haqli emas, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pul mablag'larini mijozlarga qaytarish va (yoki) mijozlarga qarz berish hollari bundan mustasno.

Broker har bir mijozning pul mablag'lari hisobini yuritishi, qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar va operatsiyalarni faqat mijozning topshirig'iga binoan va u bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshirishi, amalga oshirilgan bitimlar va operatsiyalar to'g'risida unga hisobot berib borishi shart.

Qimmatli qog'ozlarni sotib olish va (yoki) sotish narxini oshkora e'lon qilish orqali ushbu qimmatli qog'ozlarni o'zi e'lon qilgan narxlarda sotib olish va (yoki) sotish majburiyati bilan o'z nomidan hamda o'z hisobidan qimmatli qog'ozlarga doir oldi-sotdi bitimlari tuzuvchi yuridik shaxs dilerdir. Diler qimmatli qog'ozlar narxidan tashqari ularga doir oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlarini: sotib olinadigan va (yoki) sotiladigan qimmatli qog'ozlarning eng kam va eng ko'p miqdorini, shuningdek e'lon qilingan narxlarning amalda bo'lish muddatini oshkora e'lon qilish huquqiga ega. Ushbu e'londa qimmatli qog'ozlarga doir oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari ko'rsatilmagan taqdirda, diler o'z mijozi taklif qilgan muhim shartlar asosida shartnoma tuzishi shart. Diler qimmatli qog'ozlar oldi-sotdi shartnomasini tuzishdan bo'yin tovlagan taqdirda, unga nisbatan shunday shartnoma tuzishga majbur qilish haqida va (yoki) mijozga etkazilgan zararlarning o'rnini qoplash to'g'risida da'vo qo'zg'atilishi mumkin.

Yuridik shaxsni - investitsiya vositachisini tugatish faqat qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi investitsiya vositachisi o'z mijozlariga tegishli bo'lgan qimmatli qog'ozlarni qaytarganligini yozma ravishda tasdiqlaganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.

22-modda. Investitsiya maslahatchisining faoliyati

Qimmatli qog'ozlarni chiqarish, joylashtirish, ularning muomalasi masalala ri, qimmatli qog'ozlar bozori va uning ishtirokchilari holatini tahlil etish hamda istiqbolini belgilash bo'yicha maslahat xizmatlari ko'rsatuvchi, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs investitsiya maslahatchisidir.

23-modda. Investitsiya fondining faoliyati

Investorlarning pul mablag'larini jalb qilish va ularni qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog'ozlarga, boshqa investitsiya aktivlariga, shuningdek banklardagi hisobvaraqlarga va omonatlarga qo'yish maqsadida aktsiyalar chiqaradigan yuridik shaxs - ochiq aktsiyadorlik jamiyati investitsiya fondidir.

Investitsiya fondi yuridik shaxsning boshqa tashkiliy-huquqiy shakllariga o'zgartirilishga haqli emas. Investitsiya fondini qo'shib yuborish, qo'shib olish, bo'lish, ajratib chiqarish qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirish uchun investitsiya fondiga berilgan litsenziyaning amal qilishini tugatish yoki uni bekor qilish investitsiya fondining belgilangan tartibda tugatilishiga olib keladi.

24-modda. Investitsiya aktivlarini
ishonchli boshqaruvchining faoliyati

Yuridik shaxsning - ishonchli boshqaruvchining unga egalik qilish uchun topshirilgan va boshqa shaxsga tegishli bo'lgan:

qimmatli qog'ozlarni, shu jumladan investitsiya aktivlarini boshqarish jarayonida olinadigan qimmatli qog'ozlarni;

qimmatli qog'ozlarga investitsiya qilish uchun mo'ljallangan va investitsiya aktivlarini boshqarish jarayonida olinadigan pul mablag'larini shu shaxsning yoki u ko'rsatgan shaxsning manfaatlarini ko'zlab, o'z nomidan ishonchli boshqaruvni belgilangan muddat mobaynida amalga oshirishi investitsiya aktivlarini boshqarish bo'yicha faoliyatdir.

25-modda. Depozitariy faoliyati

Qimmatli qog'ozlarni saqlash, ularga bo'lgan huquqlarni hisobga olish va tasdiqlash bo'yicha xizmatlar ko'rsatuvchi yuridik shaxs depozitariydir.

O'zbekiston Respublikasi hududidagi depozitariylar tizimi Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysini va Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysida vakillik hisobvaraqlarini ochgan depozitariylarni o'z ichiga oladi.

Depozitariylar tizimida qimmatli qog'ozlar harakati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Depozitariylar:

manfaatdor shaxslarning qimmatli qog'ozlarni depozitariyda saqlash va hisobga olish qoidalari bilan tanishib chiqishlari imkoniyatini ta'minlashi;

saqlash uchun qabul qilib olingan qimmatli qog'ozlarning but saqlanishini ta'minlashi;

har bir deponentga tegishli qimmatli qog'ozlarning soni va nominal qiymatini hisobga olib borishi;

qimmatli qog'ozlarga majburiyatlar yuklatilganligi, shuningdek ularning tugatilganligi faktlari hisobini yuritishi;

depo hisobvaraqlari holatiga o'zgartishlar kiritishga asos bo'luvchi birlamchi hujjatlarni va depozitar operatsiyalar bo'yicha hujjatlarni o'z arxivida saqlashi;

depo hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalarni deponentlarning yoki ular vakolat bergan shaxslarning yozma topshiriqlari asosida amalga oshirishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

deponentning qimmatli qog'ozlarga bo'lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarini depo hisobvarag'idan tegishli ko'chirma berish orqali tasdiqlashi;

depo hisobvaraqlari bo'yicha emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning mavjudligi va harakati, ularning holati to'g'risidagi axborotning maxfiyligini ta'minlashi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda depo hisobvarag'i bo'yicha operatsiyalarni qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi, monopoliyaga qarshi davlat organi, shuningdek sudning, surishtiruv va tergov organlarining qarorlari asosida tugatishi;

o'z faoliyatiga taalluqli ma'lumotlarni qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organining, davlat soliq xizmati organining, monopoliyaga qarshi davlat organining, shuningdek sudning, surishtiruv va tergov organlarining talablariga binoan qonun hujjatlarida belgilangan doirada va tartibda taqdim etishi;

o'zi etkazgan zararlarning o'rnini sug'urta qilish, maxsus fondlar tashkil etish orqali yoki qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usul bilan qoplash imkoniyatini nazarda tutishi shart.

Qimmatli qog'ozlarni nominal saqlovchi vazifasini bajarayotganda depozitariy ushbu moddaning to'rtinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlar bilan bir qatorda:

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining talabiga binoan qimmatli qog'ozlar egalarining reestrini shakllantirish uchun qimmatli qog'ozlarning egalari to'g'risidagi zarur ma'lumotlarni taqdim etishi;

o'zida hisobga olib boriladigan qimmatli qog'ozlar va ular emitentlarining rekvizitlariga Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysidan olingan ma'lumotlar asosida o'zgartishlar kiritishi shart.

Qonun hujjatlariga muvofiq depozitariylarning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

Depozitariylar quyidagilarga haqli emas:

o'ziga saqlash uchun topshirilgan qimmatli qog'ozlardan foydalanishga;

o'zi emissiya qilgan qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlar hisobini yuritishga;

o'z nomidan va o'z hisobidan qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar tuzishga, bundan o'zi emissiya qilgan qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar mustasno.

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi, ushbu moddaning ettinchi qismida ko'rsatilgan hollardan tashqari, shuningdek quyidagilarga haqli emas:

boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga moliyaviy yordam ko'rsatish;

boshqa yuridik shaxslarning ustav fondida ishtirok etish.

Depozitariy sifatida faoliyatni tugatish yoki depozitariyni tugatish to'g'risida qaror qabul qilingan taqdirda, ommaviy axborot vositalarida o'n kunlik muddat ichida tegishli axborot e'lon qilinadi. O'z faoliyatini tugatayotgan yoki tugatilayotgan depozitariyda saqlanayotgan qimmatli qog'ozlar va hisobga olish registrlari deponentning qaroriga binoan bir haftalik muddat ichida boshqa de pozitariyga o'tkaziladi, bunday qaror mavjud bo'lmagan taqdirda esa deponentlar tanlagan depozitariylarga qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan muddatlarda keyinchalik o'tkazish uchun Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysiga o'tkaziladi.

Depozitariyni tugatish Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining ushbu moddaning to'qqizinchi qismida ko'rsatilgan tartib-taomil yakunlanganligi haqidagi yozma tasdig'idan keyin amalga oshiriladi.

26-modda. Hisob-kitob-kliring
palatasining faoliyati

O'zaro majburiyatlarni (qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar bo'yicha axborotni to'plash, solishtirish, tuzatish va ularga doir buxgalteriya hujjatlarini tayyorlash) aniqlash hamda qimmatli qog'ozlarni etkazib berish va ular yuzasidan hisob-kitoblar bo'yicha o'zaro majburiyatlarni hisobga olish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs hisob-kitob-kliring palatasidir.

Hisob-kitob-kliring palatalari o'zaro majburiyatlarni aniqlash chog'ida tayyorlangan qimmatli qog'ozlar, pul mablag'lari va buxgalteriya hujjatlarini qimmatli qog'ozlar bozorining qaysi ishtirokchilari uchun hisob-kitoblar amalga oshirilayotgan bo'lsa, shu ishtirokchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ijro etish uchun qabul qiladi.

27-modda. Transfer-agent faoliyati

Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish tizimiga taalluqli hujjatlarni qabul qilish, ularga ishlov berish va ularni topshirish bo'yicha xizmatlar ko'rsatuvchi yuridik shaxs transfer-agentdir.

Emitent, shuningdek qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar tuzuvchi shaxslar transfer-agentning mijozlaridir.

Transfer-agent emitentga aktsiyadorlarning umumiy yig'ilishini tashkil etish va o'tkazish yuzasidan xizmatlar ko'rsatishga haqlidir.

28-modda. Qimmatli qog'ozlarning birjadan
tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyati

Investorlarga vositachilarni jalb etmay turib savdoda ishtirok etish imkoniyatini beruvchi, qimmatli qog'ozlar savdosini tashkil etish bo'yicha faoliyatni buyurtmalar qabul qilish punktlaridan, maxsus kompyuter savdo tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiruvchi yuridik shaxs (o'z qimmatli qog'ozlarini birjadan tashqari savdoni tashkil etish orqali mustaqil ravishda realizatsiya qiluvchi qimmatli qog'ozlar mulkdori yoki qimmatli qog'ozlarga bo'lgan mulk huquqi egasi bundan mustasno) qimmatli qog'ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisidir.

Qimmatli qog'ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

29-modda. Qimmatli qog'ozlar bozoridagi
operatsiyalarni va bitimlarni hisobga olish

Qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi qimmatli qog'ozlar bozorida o'zi amalga oshirayotgan barcha operatsiyalar va bitimlar hisobini yuritadi, ularni hisobga olishga doir hujjatlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishini ta'minlaydi.

30-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori professional
ishtirokchisi va uning mijozi munosabatlari

Qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisi va uning mijozi munosabatlari qonun hujjatlari hamda shartnoma bilan tartibga solinadi.

Mijozlar hisobidan bitimlar tuzish mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida faqat brokerlar va investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

5-BOB. QIMMATLI QOG'OZLARGA BO'LGAN
HUQUQLARNI HISOBGA OLISh

31-modda. Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni

hisobga olishni tashkil etish

32-modda. Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarning oluvchiga o'tishi

33-modda. Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi

34-modda. Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining

mutlaq vazifalari

35-modda. Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining

markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi vazifasini bajarishdagi

huquq va majburiyatlari

36-modda. Deponentning huquq va majburiyatlari

37-modda. Depozitariylarda qimmatli qog'ozlarning

but saqlanishi kafolatlari

31-modda. Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan
huquqlarni hisobga olishni tashkil etish

Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olishni depozitariylar amalga oshiradi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Depozitariylar o'z deponentlarining hisobvaraqlarida ularning Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysidagi vakillik hisobvaraqlarida jamlab hisobga olib boriladigan hujjatsiz qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlari hisobini yuritadi, shuningdek hujjatli qimmatli qog'ozlarni saqlaydi va ularga bo'lgan huquqlarni hisobga oladi.

32-modda. Qimmatli qog'ozlarga bo'lgan
huquqlarning oluvchiga o'tishi

Hujjatsiz qimmatli qog'ozga bo'lgan huquqlar oluvchiga uning depo hisobvarag'iga tegishli kirim yozuvi belgilangan tartibda kiritilgan paytdan e'tiboran o'tadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda depozitariy tomonidan beriladigan depo hisobvarag'idan ko'chirma bilan tasdiqlanadi.

Egasining nomi yozilgan hujjatli qimmatli qog'ozga bo'lgan mulk huquqi oluvchiga qimmatli qog'oz blankasiga belgilangan tartibda tegishli yozuv kiritilgan paytdan e'tiboran o'tadi.

Taqdim etuvchiga tegishli hujjatli qimmatli qog'ozga bo'lgan mulk huquqi oluvchiga qimmatli qog'oz blankasi berilgan paytda, qimmatli qog'oz blankasini saqlash va unga bo'lgan huquqlarni hisobga olish depozitariyda amalga oshirilgan holda esa oluvchining depo hisobvarag'i bo'yicha kirim yozuvi amalga oshirilgan paytda o'tadi.

Qimmatli qog'oz bilan tasdiqlanadigan huquqlar ushbu qimmatli qog'ozga bo'lgan huquqlar o'tgan paytdan e'tiboran oluvchiga o'tadi.

33-modda. Qimmatli qog'ozlar
markaziy depozitariysi

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etiladi hamda faoliyatini xizmatlar ko'rsatishdan olingan daromadlar va boshqa tushumlar hisobidan amalga oshiradi.

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi xizmatlari uchun tariflarning miqdorlari O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

34-modda. Qimmatli qog'ozlar markaziy
depozitariysining mutlaq vazifalari

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining mutlaq vazifalari quyidagilardan iborat:

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni hisobga qo'yish, davlat emissiyaviy qimmatli qog'ozlari bundan mustasno;

emissiyaviy hujjatsiz qimmatli qog'ozlarni saqlash, davlat emissiyaviy hujjatsiz qimmatli qog'ozlari bundan mustasno;

markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi sifatida aktsiyalar egalarining reestrlarini va korporativ obligatsiyalar egalarining reestrlarini yuritish;

davlatning unga saqlash uchun topshirilgan qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarini, shuningdek qimmatli qog'ozlarni boshqarish bo'yicha davlat vakolat bergan shaxslarning qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarini hisobga olish;

depozitariylarning vakillik hisobvaraqlarini yuritish;

o'zida saqlanayotgan birja savdosi va birjadan tashqari savdo ishtirokchilarining qimmatli qog'ozlari savdoga qo'yilishidan oldin ularning mavjudligi hamda haqiqiyligini tasdiqlash;

o'zida saqlanayotgan qimmatli qog'ozlar savdoda tuzilgan bitimlar bo'yicha birja savdosi va birjadan tashqari savdo ishtirokchilariga etkazib berilishini ta'minlash;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash, davlat emissiyaviy qimmatli qog'ozlari bundan mustasno;

O'zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan chiqarilgan, O'zbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritilgan qimmatli qog'ozlarni hisobga olish;

O'zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan, O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga kiritilgan qimmatli qog'ozlarni hisobga olish;

investitsiya fondlari tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarni hisobga olish;

Depozitariylar deponentlarining yagona bazasini yuritish;

depozitariylarda depo hisobvaraqlari bo'yicha emissiyaviy qimmatli qog'ozlar (davlat emissiyaviy qimmatli qog'ozlari bundan mustasno) harakati to'g'risidagi axborotni to'plash va tizimlashtirish.

35-modda. Qimmatli qog'ozlar markaziy
depozitariysining markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi
vazifasini bajarishdagi huquq va majburiyatlari

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi vazifasini bajarayotganda qimmatli qog'ozlarning nominal saqlovchilaridan aktsiyalar egalari reestrlarini va korporativ obligatsiyalar egalari reestrlarini shakllantirish uchun zarur ma'lumotlarni so'rash va olish huquqiga ega.

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi vazifasini bajarayotganda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi vazifasini bajarayotganda:

aktsiyalar egalarining va korporativ obligatsiyalar egalarining belgilangan sanadagi holatga ko'ra shakllantirilgan reestrlarini saqlashi;

aktsiyalar egalarining va korporativ obligatsiyalar egalarining reestrlaridagi mavjud axborotni ushbu Qonunga muvofiq taqdim etishi;

aktsiyalar egalarining va korporativ obligatsiyalar egalarining reestrlaridagi mavjud axborotning maxfiyligini ta'minlashi shart.

Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi markaziy ro'yxatdan o'tkazuvchi vazifasini bajarayotganda qonun hujjatlariga muvofiq uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

36-modda. Deponentning huquq va majburiyatlari

Deponent quyidagi huquqlarga ega:

depozitariyda o'z depo hisobvarag'idagi qimmatli qog'ozlarni qonun hujjatlarida belgilangan doirada va tartibda tasarruf etish;

depozitariyga o'z depo hisobvarag'i bo'yicha operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berish (uchinchi shaxslar oldida majburiyatlar yuklatilgan qimmatli qog'ozlarni qimmatli qog'ozlarga majburiyatlar yuklatish tugaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan o'tkazishga doir farmoyish bundan mustasno), so'rov kiritish, topshiriqlar bajarilganligi to'g'risida hisobot talab qilish;

o'ziga tegishli hujjatli qimmatli qog'ozlarni saqlash hamda hujjatli va hujjatsiz qimmatli qog'ozlarga bo'lgan mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni hisobga olishni depozitariyga topshirish;

shartnoma shartlariga muvofiq o'z depo hisobvarag'ining holati haqida ko'chirma olish va o'z depo hisobvarag'i bo'yicha depozitariy tomonidan o'tkazilgan operatsiyalar to'g'risida hisobot olish.

Deponent qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.

Deponent:

o'z vakolatli shaxsining vakolatlari tugatilganligi yoki o'zgartirilganligi to'g'risida depozitariyga xabar qilishi;

o'z rekvizitlaridagi barcha o'zgarishlar haqida depozitariyga bildirishi;

depozitariyning yozma xabarlari to'g'riligini va to'liqligini tekshirishi hamda aniqlangan noaniqliklar haqida depozitariyga o'z vaqtida bildirishi shart.

Qonun hujjatlariga muvofiq deponentning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

37-modda. Depozitariylarda qimmatli
qog'ozlarning but saqlanishi kafolatlari

Depozitariylarda qimmatli qog'ozlarning but saqlanishi qimmatli qog'ozlarni saqlashga doir talablarga javob beradigan saqlash joylarida hamda hisobga olish registrlarini depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq yuritish orqali ta'minlanadi. Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysida saqlanayotgan va hisobga olinayotgan qimmatli qog'ozlarning but saqlanishi Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysining ma'lumotlar axborot bankida takroriy saqlab turish tizimi orqali, texnik tizimda uzilishlar yuz berganda va kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi ma'lumotlar bankini tezkor tiklash orqali ham ta'minlanadi.

Qimmatli qog'ozlarning depozitariylarda but saqlanishi kafolatlarini ta'minlash qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6-BOB. QIMMATLI QOG'OZLAR BOZORIDA
AXBOROTNI OShKOR QILISh

38-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida axborotni

oshkor qilish to'g'risidagi umumiy qoidalar

39-modda. Emitentning axborotni oshkor qilishi

40-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori professional

ishtirokchisining axborotni oshkor qilishi

41-modda. Qimmatli qog'ozlar savdosi tashkilotchisining

axborotni oshkor qilishi

42-modda. Qimmatli qog'ozlar egasining axborotni oshkor qilishi

43-modda. Investorning axborotni oshkor qilishi

44-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha

vakolatli davlat organining axborotni oshkor qilishi

45-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida axborotning maxfiyligi

46-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida maxfiy axborotni

oshkor qilish

47-modda. Davlat qimmatli qog'ozlari to'g'risidagi

axborotni oshkor qilish

38-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida axborotni
oshkor qilish to'g'risidagi umumiy qoidalar

Qimmatli qog'ozlar bozorida axborot ochiq va oshkoradir, qonunda belgilangan hollarda oshkor qilinadigan maxfiy axborot bundan mustasno.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi, qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilari, shu jumladan mikrofirmalar va kichik korxonalar axborotni:

ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish;

hisobotlar, ma'lumotlar va boshqa axborot taqdim etish orqali oshkor qiladi.

Qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi, emitent, fond birjasi ushbu Qonunda nazarda tutilgan axborotni investorlarga va qimmatli qog'ozlarning egalariga qog'ozda taqdim etganlik uchun undan nusxa ko'chirishga sarflanadigan xarajatlardan oshmaydigan miqdorda haq olishi mumkin.

39-modda. Emitentning axborotni oshkor qilishi

Emitent, davlat qimmatli qog'ozlari emitenti bundan mustasno, axborotni:

qimmatli qog'ozlar emissiya risolasida;

emitentning yilning har choragidagi va yillik hisobotida;

emitentning faoliyatidagi muhim faktlar to'g'risidagi xabarlarda oshkor qiladi.

Qimmatli qog'ozlar emissiya risolasida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

emitentning to'liq va qisqartirilgan nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili), bank rekvizitlari, yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organlar (bundan buyon matnda ro'yxatdan o'tkazuvchi organ deb yuritiladi), davlat statistikasi va soliq xizmati organlari tomonidan berilgan ro'yxatdan o'tkazish va identifikatsiya raqamlari;

oxirgi uch yildagi yoki, agar emitent faoliyatni uch yildan kamroq muddat mobaynida amalga oshirayotgan bo'lsa, har bir tugallangan yil uchun buxgalteriya balanslari va moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobotlar;

faoliyatning asosiy yo'nalishlari va ishlab chiqarilayotgan mahsulot (xizmat) turlari;

mustaqil reyting bahosi, agar uning shunday bahosi bo'lsa, tegishli izohlari bilan;

emitentning kuzatuv kengashi va ijroiya organi tarkibiga kiruvchi shaxslar ro'yxati, emitent aktsiyalarining ularga tegishli miqdori (ustav fondidagi ulushlari miqdori);

emitent filiallari va vakolatxonalarining, sho''ba va tobe jamiyatlarining joylashgan eri (pochta manzili) ko'rsatilgan holdagi ro'yxati;

emitent affillangan shaxslarining ularga tegishli aktsiyalar miqdori va tiplari ko'rsatilgan ro'yxati;

xodimlarning oxirgi uch yildagi o'rtacha yillik soni;

oxirgi uch yilda muomalaga chiqarilgan qimmatli qog'ozlar, ularning chiqarilish hajmi va maqsadi, ular bo'yicha hisoblangan va emitent tomonidan to'langan dividendlar (foizlar) to'g'risidagi ma'lumotlar;

oxirgi uch yilda emitentga nisbatan qo'llanilgan sanktsiyalar va emitent sudda javobgar yoki da'vogar sifatida ishtirok etayotgan ishlar to'g'risidagi ma'lumotlar;

qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorga muvofiq qimmatli qog'ozlarni chiqarish va joylashtirish shartlari.

Emitentning har choraklik hisobotida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

emitentning to'liq va qisqartirilgan nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili), bank rekvizitlari, ro'yxatdan o'tkazuvchi organ, davlat statistikasi va soliq xizmati organlari tomonidan berilgan ro'yxatdan o'tkazish va identifikatsiya raqamlari;

tegishli chorak yuzasidan buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobot.

Emitentning yillik hisobotida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

emitentning to'liq va qisqartirilgan nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili), bank rekvizitlari, ro'yxatdan o'tkazuvchi organ, davlat statistikasi va soliq xizmati organlari tomonidan berilgan ro'yxatdan o'tkazish va identifikatsiya raqamlari;

o'tgan yildagi xo'jalik faoliyati natijalari haqidagi axborot;

mansabdor shaxslarning shaxsiy tarkibidagi o'zgarishlarning asoslari;

tegishli yil yuzasidan buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobot;

auditorlik tashkiloti xulosasining nusxasi;

qo'shimcha chiqarilgan qimmatli qog'ozlar haqidagi asosiy ma'lumotlar;

hisobot yilida emitentning faoliyatidagi muhim faktlar.

Emitentning faoliyatidagi muhim faktlar quyidagilardir:

emitentning nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) o'zgarganligi;

emitent faoliyatining qayta tashkil etilganligi, to'xtatib turilganligi yoki tugatilganligi;

emitentning oliy boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan qarorlar;

qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarning o'zgarganligi;

mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibidagi o'zgarishlar;

emitentning filiallari va vakolatxonalari, sho''ba va tobe jamiyatlari ro'yxatidagi o'zgarishlar;

emitentning mol-mulki, bank hisobvaraqlari xatlanganligi, emitentga nisbatan uning aktivlari qiymatining 10 foizidan ortiq miqdorda da'vo qo'zg'atilganligi;

emitent ustav fondining yoki asosiy va aylanma mablag'lari summasining 50 foizidan ortiq miqdorda kredit olinganligi;

aktivlarning qiymati bir marta 10 foizdan ortiqroq miqdorda ko'payganligi yoki kamayganligi;

miqdori yoki mol-mulkining qiymati bitim tuzilgan sanadagi holatga ko'ra emitent aktivlarining 10 foizidan ortig'ini tashkil etadigan emitentning bir martalik bitimlari;

emitent tomonidan hisobot yilida tuzilgan yirik bitimlar va manfaatdor shaxslar bilan tuzilgan bitimlar ro'yxati;

emitent faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziya olganligi yoki litsenziya bekor qilinganligi, litsenziyaning amal qilishi to'xtatib turilganligi yoki tugatilganligi;

qimmatli qog'ozlar chiqarilganligi, ularning chiqarilishi to'xtatib turilganligi va chiqarilishi qayta tiklanganligi, qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilganligi;

emitent qaysi yuridik shaxslar aktsiyalarining (ulushlarining, paylarining) 10 va undan ortiq foiziga egalik qilayotgan bo'lsa, o'sha yuridik shaxslarning ro'yxatidagi o'zgarishlar;

emitent o'zining qimmatli qog'ozlari egalari oldidagi majburiyatlarini bajarish muddatlari kelganligi;

qimmatli qog'ozlar bo'yicha daromadlarni hisoblash, emitentning qimmatli qog'ozlari bo'yicha daromadlarni to'lashning boshlanganligi va tugallanganligi;

emitentga nisbatan bankrotlik taomili joriy etilganligi;

hisobot yilida kuzatuv kengashi va ijroiya organi a'zolarining emitent aktsiyalariga (ulushlariga, paylariga) egalik qilishidagi o'zgarishlar;

jamiyat affillangan shaxslarining ro'yxatidagi ularga tegishli qimmatli qog'ozlarning miqdori va nomi ko'rsatilgan holdagi o'zgarishlar.

Emitent:

qimmatli qog'ozlar emissiya risolasini va emitentning yillik hisobotini barcha manfaatdor shaxslar tanishib chiqishi uchun taqdim etishi;

qimmatli qog'ozlarni joylashtirish boshlanishiga kamida ikki hafta qolganida qimmatli qog'ozlar emissiya risolasining matni bilan tanishib chiqish joyi va tartibi to'g'risidagi ma'lumotlarni, shuningdek ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi, to'rtinchi, beshinchi va o'n ikkinchi xatboshilarida ko'rsatilgan axborotni ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi;

yillik hisobotni aktsiyadorlarning yillik umumiy yig'ilishi yoki emitentning boshqa oliy boshqaruv organining yillik umumiy yig'ilishi o'tkazilganidan keyin uch hafta ichida ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi;

yillik hisobotni qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organiga aktsiyadorlarning yillik umumiy yig'ilishi yoki emitentning boshqa oliy boshqaruv organining yillik umumiy yig'ilishi o'tkazilganidan keyin ikki hafta ichida taqdim etishi;

emitentning yilning har choragidagi hisobotini hisobot choragi tugaganidan keyin bir oy ichida qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organiga taqdim etishi;

emitentning faoliyatidagi muhim fakt haqidagi xabarni u yuz bergan sanadan e'tiboran ikki ish kuni ichida ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi va qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organiga taqdim etishi shart.

Emitent qonun hujjatlariga muvofiq investorlarga boshqa axborotni ham taqdim etishi mumkin.

40-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori professional
ishtirokchisining axborotni oshkor qilishi

Qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi investorning talabiga binoan:

davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi hujjatning ko'chirma nusxasini;

qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning ko'chirma nusxasini;

qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisining ustav fondi, o'z mablag'larining miqdori va zaxira fondi to'g'risidagi ma'lumotlarni;

investor oladigan qimmatli qog'ozlar chiqarilishining davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi ma'lumotlarni;

investor oladigan qimmatli qog'ozlarning emissiya risolasidagi ma'lumotlar ni, shuningdek ushbu qimmatli qog'ozlarning investor tomonidan axborot taqdim etish haqida talab qo'yilgan sanadan oldingi olti hafta davomidagi narxlari haqidagi ma'lumotlarni;

qimmatli qog'ozlarga doir bitimlarning natijalari bo'yicha hisobotni shartnomada kelishilgan muddatlarda taqdim etadi.

Qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi investorlarni ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni olish huquqlari haqida xabardor qilishi shart.

Qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchisi:

yilning bir choragi davomida faqat bir emitentning qimmatli qog'ozlari bilan operatsiyalar;

bir emitentning qimmatli qog'ozlari bilan bir martalik operatsiya, agar bu operatsiya bo'yicha qimmatli qog'ozlarning soni mazkur qimmatli qog'ozlar umumiy sonining kamida 15 foizini tashkil etgan bo'lsa, ularni amalga oshirilganligi haqida qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organiga ikki ish kuni ichida yozma shaklda axborot beradi.

41-modda. Qimmatli qog'ozlar savdosi
tashkilotchisining axborotni oshkor qilishi

Qimmatli qog'ozlar savdosi tashkilotchisi, qimmatli qog'ozlar mulkdori yoki qimmatli qog'ozlarga bo'lgan mulkiy huquq egasi bundan mustasno:

savdoda bitimlar tuzish qoidalarini;

savdoga qo'yishga ruxsat berilgan qimmatli qog'ozlar ro'yxatini;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa axborotni oshkor qiladi.

Savdo tashkilotchisi qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organining talabiga binoan investorlarning arizalarini, takliflarini va shikoyatlarini ko'rib chiqish yakunlari haqida axborot taqdim etadi.

42-modda. Qimmatli qog'ozlar egasining
axborotni oshkor qilishi

Qimmatli qog'ozlar egasi bitim tuzish natijasida emitent qimmatli qog'ozlari har qanday turining 35 yoki undan ortiq foiziga egalik qila boshlasa, ushbu axborotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur bitim tuzilgan sanadan e'tiboran besh kun ichida oshkor etishi shart.

43-modda. Investorning axborotni oshkor qilishi

Investor mustaqil ravishda va (yoki) affillangan shaxslar bilan birgalikda bir yoki bir nechta bitim tuzish natijasida ochiq aktsiyadorlik jamiyati aktsiyalarining mazkur ochiq aktsiyadorlik jamiyati ustav fondining jami 15 va undan ortiq foizini tashkil etuvchi aktsiyalar paketini olish niyati borligi haqidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oshkor qilishi shart.

44-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini
tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat
organining axborotni oshkor qilishi

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi investorlarni ommaviy axborot vositalari va (yoki) o'zi tashkil qilgan elektron axborot-ma'lumot tizimlari orqali quyidagilar haqida xabardor qilishi shart:

qimmatli qog'ozlarning ro'yxatdan o'tkazilgan chiqarilishlari haqida hamda chiqarilishi, joylashtirilishi va muomalasi to'xtatib qo'yilgan hamda tiklangan, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan qimmatli qog'ozlarning chiqarilishlari to'g'risida;

qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish, uning amal qilishini to'xtatib turish yoki tugatish, litsenziyani bekor qilish to'g'risida;

qimmatli qog'ozlar bozorida huquqbuzarliklarga yo'l qo'yganligi uchun mazkur organ tomonidan javobgarlik choralari qo'llanilgan emitentlar, qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari, mansabdor shaxslar hamda ularga nisbatan qo'llanilgan javobgarlik choralarining turlari to'g'risida;

o'z da'volari bo'yicha chiqarilgan sud qarorlari to'g'risida.

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi investorlarga va qimmatli qog'ozlar egalariga ushbu Qonunga muvofiq axborot taqdim etganlik uchun undan nusxa ko'chirishga sarflanadigan xarajatlar doirasida haq olishi mumkin.

45-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida
axborotning maxfiyligi

Qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchilarining mijozlari, ular hisobvaraqlarining holati va o'tkazilgan operatsiyalar to'g'risidagi ma'lumotlar, shuningdek qimmatli qog'ozlarga doir bitimlarning mazmuni (qimmatli qog'ozlarning nomi, soni, bahosi, bitim tuzilgan sana, vaqt, birja savdosi o'tkazilgan hollarda esa savdoda ishtirok etgan shaxslar ham bundan mustasno) maxfiy axborot bo'ladi.

Maxfiy axborotga ega shaxslar bu axborotdan bitimlar tuzish uchun foydalanish, shuningdek uni bitimlar tuzish uchun boshqa shaxslarga berishga haqli emas.

Maxfiy axborotdan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lgan shaxslar bunday axborotni oshkor etganlik uchun belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.

46-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorida
maxfiy axborotni oshkor qilish

Maxfiy axborotni oshkor qilish qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.

Mijozlarning hisobvaraqlari bo'yicha ma'lumotnomalar ularning o'zlariga yoki vakillariga, vakolatlariga taalluqli masalalar yuzasidan monopoliyaga qarshi davlat organiga, davlat soliq xizmati organlariga, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash departamentiga, sudlarga, qo'zg'atilgan jinoyat ishi bo'lgan taqdirda esa tergov va surishtiruv organlariga beriladi.

Mijozlarning - jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari bo'yicha ma'lumotnomalar ularning egalari vafot etgan taqdirda, merosxo'rlarga yoki hisobvaraqning egasi ko'rsatgan shaxslarga, o'z ish yurituvidagi meros ishlari yuzasidan notarial idoralarga beriladi, chet el fuqarolariga nisbatan esa chet davlatning konsullik muassasalariga beriladi.

Birja bitimining mazmuni haqidagi axborot sudlarga taqdim etiladi, tergov va surishtiruv organlariga esa qo'zg'atilgan jinoyat ishi bo'lgan taqdirda taqdim etiladi.

Maxfiy axborot qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organiga u qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlarini ko'rib chiqayotgan hollarda oshkor qilinadi.

47-modda. Davlat qimmatli qog'ozlari
to'g'risidagi axborotni oshkor qilish

Davlat qimmatli qog'ozlari to'g'risidagi axborotni oshkor qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

7-BOB. QIMMATLI QOG'OZLAR
BOZORINI TARTIBGA SOLISh

48-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini davlat

tomonidan tartibga solish asoslari

49-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilarining

huquqlarini himoya qilish maqsadida qimmatli

qog'ozlar bozoridagi cheklovlar

50-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga

solish bo'yicha vakolatli davlat organi

51-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga

solish bo'yicha vakolatli davlat organining huquqlari

52-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga

solish bo'yicha vakolatli davlat organining majburiyatlari

48-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini
davlat tomonidan tartibga solish asoslari

Qimmatli qog'ozlar bozorini davlat tomonidan tartibga solish:

qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional faoliyatni hamda birja faoliyatini litsenziyalash va (yoki) bunday faoliyatga nisbatan majburiy talablar belgilash;

qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarini ro'yxatdan o'tkazish hamda chiqarish to'g'risidagi qarorlarda nazarda tutilgan shartlar va majburiyatlarga emitentlarning rioya etishlari ustidan nazorat qilish;

qimmatli qog'ozlar to'g'risidagi axborot qonun hujjatlariga muvofiq oshkor qilinishini ta'minlash;

qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchilarining mutaxassislarini attestatsiyadan o'tkazish;

qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilarining faoliyati ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilish orqali amalga oshiriladi.

49-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilarining
huquqlarini himoya qilish maqsadida
qimmatli qog'ozlar bozoridagi cheklovlar

Qimmatli qog'ozlar bozorida quyidagilar taqiqlanadi:

emitentga yoki qimmatli qog'ozlarga taalluqli axborotni oshkor qilmasdan qimmatli qog'ozlarni emissiya qilish;

chiqarilishi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat ro'yxatidan o'tkazilmagan yoki to'xtatib qo'yilgan qimmatli qog'ozlarni joylashtirish, ularning muomalasi, ularni reklama qilish va taklif etish;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni ommaviy joylashtirishda yoki ularning muomalasida bir investorga boshqalariga nisbatan afzallik belgilash;

qimmatli qog'ozlar egasining o'z hisobvarag'ida bo'lgan qimmatli qog'ozlarning qiymati to'liq to'languniga qadar ularga doir bitimlar tuzishi;

qimmatli qog'ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish;

ustav fondi shakllantirilguniga qadar, shuningdek uni to'ldirish yoki emitentning moliya-xo'jalik faoliyati bilan bog'liq zararlarning o'rnini qoplash uchun korporativ obligatsiyalar chiqarish;

obligatsiyalarning chiqarilishi ro'yxatdan o'tkazilganidan keyin obligatsiyalar chiqarish to'g'risidagi qarorning shu qaror bilan belgilangan obligatsiyalarga doir huquqlar hajmiga taalluqli qismiga emitent tomonidan o'zgartishlar kiritish;

qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchisining majburiyatlari bo'yicha mijozning qimmatli qog'ozlari va pul mablag'larini undirish.

Korporativ obligatsiyalarni faqat ochiq aktsiyadorlik jamiyatlari:

auditorlik tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlangan o'z kapitalining obligatsiyalar chiqarish to'g'risida qaror qabul qilingan sanadagi miqdori doirasida;

keyingi uch yil mobaynida rentabellik, to'lovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy ko'rsatkichlariga ega bo'lsa, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil reyting bahosini olgan bo'lsa;

investorlarga tegishli mablag'larning emitentlar tomonidan to'lanishi bo'yicha to'lov agentlari vazifasini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqarishi mumkin.

Korporativ obligatsiyalar ularning egalariga ochiq aktsiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etish huquqini bermaydi.

Yuridik yoki jismoniy shaxs yoxud o'zaro kelishuv bilan bog'langan yoki bir-birining mol-mulkini nazorat qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida bank aktsiyalarining 5 foizdan ortig'ini olish O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabardor qilinishini, 20 foizdan ortig'ini olish esa, oldindan uning roziligini olishni talab qiladi. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining oldindan roziligini olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.

Emitent o'zi chiqargan aktsiyalar bo'yicha ularni qaytarib sotib olish sharti bilan bitimlar tuzishga, shuningdek o'zi chiqargan aktsiyalarni ishonchli boshqaruvga topshirishga haqli emas.

50-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga
solish bo'yicha vakolatli davlat organi

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi:

qimmatli qog'ozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, nazorat qilish va tartibga solish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;

qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional faoliyatni litsenziyalaydi;

investorlarning hamda qimmatli qog'ozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlaydi;

qimmatli qog'ozlar bozorini shakllantirish va tartibga solish hamda uning ishtirokchilari faoliyati sohasida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqadi;

qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga doir talablarni, qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchilarining mutaxassislariga qo'yiladigan malaka talablarini belgilaydi, ularni attestatsiyadan o'tkazadi va malaka guvohnomalari beradi;

emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni (davlat qimmatli qog'ozlari bundan mustasno) muomalaga chiqarish, qimmatli qog'ozlarga doir bitimlarni ro'yxatdan o'tkazish qoidalarini, qimmatli qog'ozlarga doir operatsiyalarni hisobga olish va hisobot berish standartlarini, qimmatli qog'ozlar egalarining reestrlarini va qimmatli qog'ozlarga doir bitimlarni hisobga olish registrini yuritish tartibini tasdiqlaydi;

qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarining davlat boshqaruvi organlari, qimmatli qog'ozlar bozorining ishtirokchilari tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilganligi aniqlangan hollarda ular yuzasidan bajarilishi majburiy bo'lgan xulosalar va ko'rsatmalar chiqaradi, qoidabuzarlarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq sanktsiyalarni qo'llaydi;

o'z mablag'lari etarli darajada bo'lishiga doir majburiy normativlarni va qimmatli qog'ozlarga doir operatsiyalar bo'yicha tavakkalchiliklarni cheklovchi boshqa ko'rsatkichlarni, shuningdek qimmatli qog'ozlarga doir (davlat qimmatli qog'ozlari bundan mustasno) operatsiyalar yuzasidan hujjatlarni saqlash muddatlarini belgilaydi.

51-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini
tartibga solish bo'yicha vakolatli
davlat organining huquqlari

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi:

investorlarning, qimmatli qog'ozlar egalarining, davlatning manfaatlarini ko'zlab davlat boji to'lamasdan sudda da'vo qo'zg'atishga;

qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchisining faoliyati to'xtab qolishiga sabab bo'lmaydigan ayrim operatsiyalarini o'z vakolatlari doirasida to'xtatib turishga;

davlat boshqaruvi organlaridan, qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilaridan axborot va hujjatlarni o'z vakolatlari doirasida so'rash hamda olishga;

qimmatli qog'ozlar bozorida professional faoliyatni qo'shib olib borish tartibini belgilashga haqli.

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.

52-modda. Qimmatli qog'ozlar bozorini
tartibga solish bo'yicha vakolatli
davlat organining majburiyatlari

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi:

qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilarining murojaatlarini ko'rib chiqishi hamda investorlarning huquqlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda tekshiruvlar o'tkazishi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni ko'rishi;

davlat boshqaruvi organlaridan hamda qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilaridan investorlarning huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi, bundan axborotning uchinchi shaxslarga oshkor etilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

Emissiyaviy qimmatli qog'ozlar chiqarilishlarining yagona davlat reestrini va qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchilarining reestrini yuritishi;

o'z vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarning so'rovlariga o'ttiz kun ichida asoslantirilgan javob berishi;

qimmatli qog'ozlar bozorining holati va uning ishtirokchilari haqida jamoatchilikni xabardor qilishi shart.

Qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

8-BOB. QIMMATLI QOG'OZLAR BOZORI
IShTIROKChILARINING HUQUQLARI,
MAJBURIYaTLARI VA JAVOBGARLIGI

53-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilarining

huquqlari va majburiyatlari

54-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori professional

ishtirokchilarining va emitentlarning javobgarligi

55-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilariga

nisbatan qo'llaniladigan iqtisodiy sanktsiyalar

56-modda. Iqtisodiy sanktsiyalarning qo'llanilish tartibi

57-modda. Davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor

shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish

53-modda. Qimmatli qog'ozlar bozoriishtirokchilarining
huquqlari va majburiyatlari

Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:

qimmatli qog'ozlar bozoridagi o'z tavakkalchiliklarini sug'urta qilish;

qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari to'g'risida, qimmatli qog'ozlarning emissiyasini to'xtatib qo'yishga, qimmatli qog'ozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziyalarning amal qilishini to'xtatib turish, tugatish va ularni bekor qilishga doir barcha hollar haqida, qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari va emitentlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar to'g'risida, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organining da'vo arizalari bo'yicha emitentlarga yoki qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilariga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari haqida qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organidan axborot olish;

davlat organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish;

qimmatli qog'ozlar bozorida o'z huquqlari buzilganligi to'g'risidagi va etkazilgan zararlarning o'rnini qoplash haqidagi da'vo arizasi bilan sudga murojaat qilish.

Investorlar va qimmatli qog'ozlar egalari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari:

qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risidagi, emitentning joriy moliyaviy holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqidagi axborotni taqdim etishni emitentdan talab qilishga;

pul va boshqa to'lov vositalari, mol-mulk bilan, shuningdek pul qiymatiga ega bo'lgan huquqlar (shu jumladan, mulkiy huquqlar) asosida qimmatli qog'ozlarga qonun hujjatlarida va emitentning ta'sis hujjatlarida belgilangan tartibda investitsiyalarni amalga oshirishga;

qimmatli qog'ozlar bozorida o'z xizmatlarini taklif etayotgan qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilaridan o'zlari to'g'risidagi axborotni ushbu Qonunga muvofiq talab qilishga ham haqli.

Qimmatli qog'ozlar bozori ishtirokchilari qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga va qimmatli qog'ozlar bozorida o'zlari tuzgan shartnomalar shartlariga rioya etishlari shart.

Qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog'ozlar bozorining ishtirokchilari boshqa huquqlarga ham ega bo'lishlari va ularning zimmalarida boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.

54-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori
professional ishtirokchilarining va
emitentlarning javobgarligi

Qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari va emitentlar investor oldida etkazilgan zararlar doirasida qonun hujjatlariga muvofiq quyidagilar uchun mulkiy javobgar bo'ladi:

qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan axborotni investorning talabiga binoan taqdim etmaganlik yoki noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etganlik uchun;

qimmatli qog'ozlar emissiyasining belgilangan tartibini buzganlik uchun;

qimmatli qog'ozlarning insofsiz reklamasini amalga oshirganlik, qimmatli qog'ozlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilmagan chiqarilishining reklamasi, shuningdek muomalasi qonun bilan taqiqlangan qimmatli qog'ozlarning reklamasi uchun;

ular tomonidan investorlar bilan qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarini hamda emitentlar va qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchilarining javobgarligini cheklaydigan shartnomalar tuzilganligi uchun;

narxlar borasida hiyla-nayrang ishlatilganlikning aniqlangan faktlari uchun, shuningdek qimmatli qog'ozlar, qimmatli qog'ozlarning emitentlari, qimmatli qog'ozlarga doir narxlar to'g'risida, qasddan buzib ko'rsatilgan axborot, shu jumladan reklamada shunday axborot taqdim etish orqali investorni qimmatli qog'ozlarni sotib olishga yoki sotishga undaganlik uchun. Qimmatli qog'ozlar bozorida narxlar borasida hiyla-nayrang ishlatganlik alomatlari qonun hujjatlarida belgilanadi. Qimmatli qog'ozlar bozorida narxlar borasida hiyla-nayrang ishlatilganligi fakti sud tartibida e'tirof etiladi;

investorlar bilan tuzilgan shartnomalar shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek investor bilan tuzilgan shartnomada kelishilganidan farq qiladigan shartlar asosida bitim tuzganlik uchun.

Depozitariy, ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilganlardan tashqari, quyidagi hollarda ham o'z deponentlari oldida javobgar bo'ladi:

hujjatli qimmatli qog'ozlar, qimmatli qog'ozlar egalari va ularga tegishli qimmatli qog'ozlar to'g'risidagi yozuvlar, qimmatli qog'ozlar chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar va depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlar yo'qotilganda yoki yaroqsiz holga kelib qolganda. Depozitariy yo'qotilgan hujjatli qimmatli qog'ozlarni tayyorlashga ketadigan xarajatlarning o'rnini qoplaydi yoki ularning yangilarini o'z hisobidan tayyorlaydi, yo'qotilgan yozuvlarni, qimmatli qog'ozlar chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni va depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlarni tiklaydi;

uning tomonidan deponent o'ziga tegishli qimmatli qog'ozlar bilan bog'liq huquqlarini amalga oshira olmasligiga olib kelgan harakat (harakatsizlik) sodir etilganda. Depozitariy deponentga etkazilgan zararlarning o'rnini qoplaydi.

Qimmatli qog'ozlar emitentlarining majburiyatlari bo'yicha javobgarlik emitentlarning o'z zimmasida bo'ladi.

55-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori
ishtirokchilariga nisbatan qo'llaniladigan
iqtisodiy sanktsiyalar

Qimmatli qog'ozlar to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, qimmatli qog'ozlar bozorining ishtirokchilariga nisbatan:

mansabdor shaxsga nisbatan ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan qoidabuzarliklarni tugatish to'g'risidagi ko'rsatmani bajarishdan bo'yin tovlaganlik uchun - eng kam ish haqining qirq baravaridan etmish baravarigacha miqdorda;

emitentlar tomonidan qimmatli qog'ozlarni chiqarishning belgilangan tartibini investorlarga zarar etkazilishiga olib kelgan tarzda buzganlik uchun - qimmatli qog'ozlarni chiqarish hajmining 5 foizi miqdorida, biroq eng kam ish haqining yuz baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorda;

qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar tuzish va ularni ro'yxatdan o'tkazishning belgilangan tartibi qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan buzilganligi uchun - qimmatli qog'ozlarga doir bitim summasining 5 foizi miqdorida, biroq eng kam ish haqining etmish besh baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorda, mazkur qoidabuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda esa, qimmatli qog'ozlarga doir bitim summasining 10 foizi miqdorida, biroq eng kam ish haqining yuz baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorda;

investorlar, tekshiruvchi organlar va nazorat qiluvchi organlarni atayin noto'g'ri ma'lumotlar tarqatish (taqdim etish) orqali chalg'itganlik uchun - eng kam ish haqining uch yuz baravaridan to'rt yuz baravarigacha miqdorda iqtisodiy sanktsiyalar qo'llaniladi.

56-modda. Iqtisodiy sanktsiyalarning
qo'llanilish tartibi

Iqtisodiy sanktsiyalarni qo'llash sud tomonidan, qimmatli qog'ozlar bozorining ishtirokchilari sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror bo'lgan va sanktsiyalar summasini ixtiyoriy ravishda to'lagan hollarda esa, qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektning oxirgi hisobot sanasidagi aktivlari balans qiymati summasining jami 20 foizidan ortiq miqdorda qo'llanilgan iqtisodiy sanktsiyalarni undirish unga undiriladigan summani undirish to'g'risida qaror qabul qilingan kundan e'tiboran olti oy mobaynida oyma-oy teng miqdorda bo'lib-bo'lib to'lash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi.

57-modda. Davlat organlarining qarorlari,
ular mansabdor shaxslarining harakatlari
(harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish

Davlat organlarining ushbu Qonun bilan tartibga solinadigan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

9-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR

58-modda. Investorning tavakkalchiligi

59-modda. Qimmatli qog'ozlar bo'yicha da'vo muddatlari

60-modda. Nizolarni hal etish

61-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi

qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

62-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish

63-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

64-modda. Ushbu Qonunni kuchga kiritish tartibi

58-modda. Investorning tavakkalchiligi

Investitsiyalash ob'ekti sifatida qimmatli qog'ozlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari investorning tavakkalchiligidir.

59-modda. Qimmatli qog'ozlar
bo'yicha da'vo muddatlari

Emitent va qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilingan, emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni chiqarish bilan bog'liq bo'lgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish, emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini, emissiyaviy qimmatli qog'ozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun da'vo muddati emissiyaviy qimmatli qog'ozlarning chiqarilishini joylashtirish muddati tugagan paytdan e'tiboran bir yilni tashkil etadi.

Veksel saqlovchining indossantlarga qarshi va veksel beruvchiga qarshi talablari bo'yicha da'vo muddati belgilangan muddatda amalga oshirilgan protest kunidan e'tiboran yoki chiqimlarsiz oborot to'g'risida shartlashilgan taqdirda, to'lov muddati kunidan e'tiboran bir yilni tashkil etadi.

Indossantlarning bir-biriga va veksel beruvchiga talablari bo'yicha da'vo muddati indossant vekselni to'lagan kundan e'tiboran yoki unga nisbatan da'vo taqdim etilgan kundan e'tiboran olti oyni tashkil etadi.

Ushbu moddaning birinchi - uchinchi qismlarida nazarda tutilmagan boshqa hollarda, shuningdek boshqa qimmatli qog'ozlar bo'yicha da'vo muddatlari qonunga muvofiq belgilanadi.

60-modda. Nizolarni hal etish

Qimmatli qog'ozlar bozori sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

61-modda. Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi
qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.

62-modda. Ayrim qonun hujjatlarini
o'z kuchini yo'qotgan deb topish

Quyidagilar o'z kuchini yo'qotgan deb topilsin:

1) O'zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar va fond birjasi to'g'risida"gi 918-XII-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, N 9, 325-modda);

2) O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar va fond birjasi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida"gi 919-XII-sonli Qarori (O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, N 9, 326-modda);

3) O'zbekiston Respublikasining 1994 yil 23 sentyabrda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 2022-XII-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994 yil, N 11-12, 285-modda) XXI bo'limi;

4) O'zbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 179-I-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, N 12, 269-modda) I bo'limi;

5) O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar bozorining faoliyat ko'rsatish mexanizmi to'g'risida"gi 218-I-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, N 5-6, 56-modda);

6) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar bozorining faoliyat ko'rsatish mexanizmi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida"gi 219-I-sonli Qarori (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, N 5-6, 57-modda);

7) O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish haqida"gi 231-I-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, N 5-6, 69-modda) V bo'limi;

8) O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgustda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 281-I-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, N 9, 144-modda) V bo'limi;

9) O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 357-I-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 yil, N 2, 56-modda) VII bo'limi;

10) O'zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar bozorida depozitariylar faoliyati to'g'risida"gi 672-I-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 yil, N 9, 172-modda);

11) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998 yil 29 avgustda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar bozorida depozitariylar faoliyati to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida"gi 673-I-sonli Qarori (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 yil, N 9, 173-modda);

12) O'zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 832-I-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, N 9, 229-modda) IX bo'limi;

13) O'zbekiston Respublikasining 2001 yil 30 avgustda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi 262-II-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001 yil, N 9-10, 173-modda);

14) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 30 avgustda qabul qilingan "Qimmatli qog'ozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida"gi 263-II-sonli Qarori (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001 yil, N 9-10, 174-modda);

15) O'zbekiston Respublikasining 2002 yil 13 dekabrda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 447-II-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, N 1, 8-modda) IV, X va XX bo'limlari;

16) O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 27 avgustda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi 671-II-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004 yil, N 9, 171-modda) III bo'limi;

17) O'zbekiston Respublikasining 2005 yil 22 sentyabrda qabul qilingan "Tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyati tartibga solinishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'RQ-7-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, N 9, 311-modda) 2-moddasi;

18) O'zbekiston Respublikasining 2005 yil 19 dekabrda qabul qilingan "Ba'zi davlat boshqaruv organlarining qayta tashkil etilganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar kiritish to'g'risida"gi O'RQ-14-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, N 12, 413-modda) 2-moddasi;

19) O'zbekiston Respublikasining 2006 yil 10 oktyabrda qabul qilingan "Tadbirkorlik sub'ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'RQ-59-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, N 10, 536-modda) 10 va 30-moddalari;

20) O'zbekiston Respublikasining 2007 yil 23 iyulda qabul qilingan "O'zbe kiston Respublikasining iqtisodiy sohadagi ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'RQ-104-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, N 7, 325-modda) 1-moddasi.

63-modda. Qonun hujjatlarini
ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.

64-modda. Ushbu Qonunni kuchga kiritish tartibi

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Blankalar va sertifikatlar tarzida chiqarilgan hamda ushbu Qonun kuchga kirgan sanada muomalada bo'lgan aktsiyalar va korporativ obligatsiyalar depozitariyga topshirilishi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hujjatsiz shaklga o'tkazilishi kerak.

Blankalar va sertifikatlar tarzida chiqarilgan hamda ushbu Qonun kuchga kirgan sanada muomalada bo'lgan aktsiyalar va korporativ obligatsiyalarga doir bitimlar ular depozitariyga topshirilganidan keyingina amalga oshiriladi.

Blankalar va sertifikatlar tarzida chiqarilgan hamda aktsiyalar va korporativ obligatsiyalarning hujjatsiz shaklga o'tkazilishigacha bo'lgan davrda ularning egalari reestrlarini shakllantirish qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi belgilaydigan tartibda Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.

 

O'zbekiston Respublikasining Prezidenti 
                         I.Karimov