O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ
Ibora to'liq holda
 
Yubiley tangalari

Banknotlar va tangalar

Foydali manbalar

Bosh sahifa > Bank tizimiga oid qonun hujjatlari > Qonunlar >

Yangilangan sana: 13.04.2011

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

XORIJDAN MABLAG' JALB QILISh TO'G'RISIDA

1996 yil 29 avgust, 263-I-son

(O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 y., 9-son, 126-modda)

1-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

«davlatning xorijdan mablag' jalb qilishi» — aktivlarni chet el manbalaridan (xorijiy davlatlar, ularning yuridik shaxslaridan va xalqaro tashkilotlardan) jalb etish hamda buning natijasida O'zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning o'z kreditlari (zayomlari)ni to'lashiga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi;

«kredit beruvchi» — xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi shartnoma bo'yicha aktivlar bergan yoki aktivlar berish niyatida bo'lgan xorijiy davlat yoki norezident (xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari). Agar norezidentlar bir nechta bo'lsa, u holda kreditorlar guruhidagi vakolatli boshqaruvchi vazifasini bajaruvchi norezident kredit beruvchi hisoblanishi mumkin.

2-modda. Xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi qonun hujjatlari

Xorijdan mablag' jalb qilish bilan bog'liq munosabatlar ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida O'zbekiston Respublikasining xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarida bayon etilganidan ko'ra boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnomalar qoidalari qo'llanadi.

3-modda. Xorijdan mablag' jalb qilish

Xorijdan mablag' quyidagi yo'llar bilan jalb qilinadi:

davlat yoki O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lmish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan zayomlar, tovarlar yoki xizmatlarni import qilish shaklida kreditlar jalb etilishi;

norezidentlar mablag'larining O'zbekiston Respublikasi moliya institutlari tomonidan depozitlarga jalb etilishi;

lizing operatsiyalari;

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va rezidentlarning obligatsiyalar, veksellar hamda boshqa xil qimmatli qog'ozlar chiqarib, chet el bozorlarida joylashtirishi;

boshqa tur va shakllardan foydalanish.

4-modda. Xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi shartnoma

Davlatning xorijdan mablag' jalb qilishi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi nomidan shartnomalar tuzish huquqiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ egadir.

Davlat navbatdagi moliya yili uchun xorijdan jalb qiladigan mablag'ning eng ko'p miqdori O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlatning xorijdan mablag' jalb qilishi to'g'risidagi shartnomalarni tuzish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

5-modda. O'zbekiston Respublikasining kafolatlari

Qarz oluvchi rezident xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi shartnomaga binoan o'z to'lov majburiyatlarini bajarmagan taqdirda uning qarzini to'lash haqida olingan majburiyat O'zbekiston Respublikasining kafolati hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi nomidan kafolatni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakil qilgan organ qarz oluvchi bilan tuzilgan shartnoma shartlari asosida beradi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o'zi bergan kafolatlar bilan bog'liq to'lovlarni amalga oshirgach, ana shu to'lovlar summasi hamda u bilan bog'liq xarajatlarni qarz oluvchidan so'zsiz undirib olish huquqiga ega.

Qarz oluvchi kafil oldidagi o'z shartnoma majburiyatlarini bajarmasa, u kafil bilan kelishmasdan foydani taqsimlashga hamda boshqa qarzlar bo'yicha to'lovlarni amalga oshirishga haqli emas.

Kafolatlarni berish tartibini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Qarang: O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 28 noyabrdagi 534-sonli «Jalb etiladigan xorijiy kreditlar bo'yicha O'zbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibi to'g'risida»gi va 2004 yil 8 yanvardagi 7-sonli «Jalb etiladigan xorijiy kreditlar bo'yicha O'zbekiston Respublikasi kafolatlari berilganligi uchun to'lov undirish tartibi to'g'risida»gi qarorlari.

Agar rezidentlarning qarz majburiyatlari kafolatlangan bo'lmasa, O'zbekiston Respublikasi ular yuzasidan javobgar bo'lmaydi.

6-modda. Kafolat fondi

Davlatning tashqi qarzi bo'yicha qarz majburiyatlari yuzasidan to'lovlarni bajarish uchun kafolat fondi tuziladi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o'zi kafolatlagan tashqi qarz bo'yicha majburiyatlari bilan bog'liq barcha to'lovlar kafolat fondi mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi. Kafolat fondining mablag'lari etishmagan taqdirda, etishmayotgan summa davlat byudjeti hisobidan to'ldiriladi.

Kafolat fondini tashkil etish va uning mablag'laridan foydalanish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

7-modda. Qarz oluvchining majburiyatlari

Qarz oluvchi quyidagilarni bajarishi:

o'zi tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishi;

xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risida tuzilgan shartnomalar hamda ular yuzasidan operatsiyalar haqida O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga, kafolatlangan qarzlar bo'yicha esa O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ham hisobotlar taqdim etishi;

har bir alohida tashqi qarz bo'yicha qarzning to'liq to'langanligi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga xabar berishi shart.

8-modda. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining vakolatlari

Xorijdan mablag' jalb qilish borasida O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

xorijdan mablag' jalb qilish masalalari yuzasidan xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar olib borish;

davlatning xorijdan mablag' jalb qilishi bo'yicha loyihalarni baholash;

davlatning xorijdan mablag' jalb qilishi bo'yicha shartnomalarni va kafolatlarni ro'yxatga olish;

davlat tashqi qarzini hisobga olish va kuzatib borish;

davlatning xorijdan mablag' jalb qilishi bo'yicha to'lovlar balansini yuritish, jalb etilgan mablag'lardan foydalanish va ularni to'lash ustidan nazoratni amalga oshirish;

davlat tashqi qarzi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga axborot taqdim etish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.

9-modda. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining vakolatlari

Xorijdan mablag' jalb qilish borasida O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

xorijdan mablag' jalb qilish masalalari bo'yicha xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar olib borish;

O'zbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlanmagan xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi shartnomalarni ro'yxatga olish;

xorijdan mablag' jalb qilishga doir operatsiyalarni hisobga olish va kuzatib borish;

umumiy tashqi qarzning hisobini yuritish;

davlat tashqi qarzlariga hisob-kitob-bank xizmati ko'rsatilishini tashkil etish;

O'zbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlangan xorijdan jalb qilingan mablag'larga hisob-kitob-bank xizmatlari ko'rsatish yuzasidan vakolatli banklarga agentlik vakolatlarini berish;

xorijdan mablag' jalb qilish bo'yicha ma'lumotlar bazasini yaratish;

Vazirlar Mahkamasiga rezidentlarning tashqi qarzi bo'yicha axborotlar taqdim etish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.

10-modda. Xalqaro moliya tashkilotlariga axborot taqdim etish

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro moliya tashkilotlariga O'zbekiston Respublikasining tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijdan mablag' jalb qilishi to'g'risida axborot taqdim etadi.

11-modda. Xorijdan mablag'larni jalb qilish bilan bog'liq masalalar yuzasidan bahslarni hal etish

Xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi shartnomalar bilan bog'liq masalalar yuzasidan qarz beruvchi bilan qarz oluvchi o'rtasida chiqqan bahslar, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, sud tartibida yoki taraflarning kelishuviga ko'ra — xolislar tekshiruvi tartibida hal etiladi.

12-modda. Qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Xorijdan mablag' jalb qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.

 

O'zbekiston Respublikasining Prezidenti 
                  I. KARIMOV

 

Toshkent sh.