2008 YILDAGI MAKROIQTISODIY HOLAT VA REAL SEKTOR TAHLILI
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 8 fevral va 18 iyuldagi yig'ilishlarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotni barqaror, muvozanatli va izchil rivojlantirishning belgilangan prognozlariga erishildi hamda makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning mutanosibligi ta'minlandi.
Yalpi ichki mahsulot (YaIM). 2008 yilda YaIMning real o'sishi 9,0 foizni tashkil qildi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohasida yuqori sur'atlarda o'sish kuzatildi. Xususan, sanoatda ishlab chiqarish hajmi 12,7 foizga, qishloq xo'jaligida 4,5 foizga, transport va aloqada 16,7 foizga va qurilish ishlarida 8,3 foizga oshdi.
O'tgan yilda ko'rsatilgan xizmatlar hajmi 21,3 foizga o'sib, uning YaIM tarkibidagi ulushi 45,3 foizni tashkil qildi. Xususan, savdo va umumiy ovqatlanish xizmati 26,8 foizga hamda moliyaviy xizmatlar hajmi 32,2 foizga o'sdi.
Sanoatning muhim tarmoqlaridan hisoblangan yoqilg'i sanoatida o'sish sur'ati 23,9 foizni, mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoatida 23,5 foizni, yog'ochni qayta ishlash va qog'oz ishlab chiqarish sanoatida 19,8 foizni, oziq-ovqat sanoatida 28,2 foizni va qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida 9,8 foizni tashkil qildi.
Mashinasozlik sohasidagi o'sish asosan ushbu sohani texnik va texnologik jihatdan yangilash va rekonstruktsiya qilish hisobiga erishildi. Natijada, engil avtomobillar va avtobuslar ishlab chiqarish hajmi yuqori sur'atlarda o'sdi.
Shuningdek, iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish o'sish sur'ati 17,7 foizni, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 19,3 foizni va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 16,6 foizni tashkil qildi.
Qishloq xo'jaligida dehqonchilik mahsulotlari etishtirish 2,8 foizga, chorvachilik mahsulotlari etishtirish 6,7 foizga oshdi.
O'tgan yilda respublikamizda jami 6,7 mln. tonna boshoqli don mahsulotlari va 3,4 mln. tonna paxta etishtirildi.
Dehqonchilik mahsulotlaridan poliz ekinlari 16,8 foizga, kartoshka etishtirish 17,7 foizga, sabzavotlar etishtirish 11,7 foizga va mevalar etishtirish 10,5 foizga ko'paydi.
Qishloq xo'jaligida chorvachilikning ulushi 46,5 foizni tashkil etdi. Ushbu sohada go'sht etishtirish 6,6 foizga va sut etishtirish 6,5 foizga oshdi.
Qishloq xo'jaligi mahsulotlarining umumiy hajmida fermer va dehqon xo'jaliklari hissasi 98 foizdan yuqoridir.
Investitsiyalar. 2008 yilda iqtisodiyotdagi investitsiyalarning umumiy hajmi 2007 yilga nisbatan 28,3 foizga ortib, 8483,7 mlrd. so'mni tashkil etdi.
Asosiy kapitalga yo'naltirilgan investitsiyalarning 54 foizi xo'jalik sub'ektlari va aholining o'z mablag'lari, 21 foizi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 9,0 foizi esa byudjet mablag'lari hisobidan moliyalashtirildi.
Umumiy investitsiyalar salmog'ida ishlab chiqarishga yo'naltirilgan investitsiyalarning ulushi 75,4 foizni tashkil etib, uning 26,3 foizi transport va aloqa sohasiga, 13,8 foizi issiqlik energetika sohasiga va 16,7 foizi esa boshqa sohalarga yo'naltirildi.
Kichik biznes. Iqtisodiyotni erkinlashtirish va qulay tadbirkorlik muhitini yaratish yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlar kichik biznesning jadal sur'atlarda rivojlanishida muhim omil bo'ldi. Hisobot davrida YaIM tarkibida kichik biznes salmog'i 48,2 foizni tashkil etdi.
2008 yilda tijorat banklari tomonidan xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sub'ektlariga barcha moliyalash manbalari hisobidan ajratilgan kreditlar hajmi 2007 yilga nisbatan 68,2 foizga oshib 1250,7 mlrd. so'mni tashkil qildi.
Shuningdek, aholi bandligini oshirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Xususan, aholining ish bilan band qismining 72,7 foizi kichik biznes sohasiga, shu jumladan, 19,7 foizi kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga to'g'ri keladi.
Aholining turmush darajasi. Respublika iqtisodiy taraqqiyotining barqarorligi, o'sib borayotgan moliyaviy imkoniyat va zaxiralar aholining ish haqi va daromadlarini bosqichma-bosqich oshirish imkonini berdi. 2008 yilda o'rtacha oylik ish haqi 54,5 foizga o'sdi.
Inflyatsiya. Markaziy bank va Hukumat tomonidan narxlar barqarorligini ta'minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida inflyatsiyaning 2008 yil uchun belgilangan maqsadli ko'rsatkich doirasida bo'lishi ta'minlandi.
O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qo'mitasining bergan ma'lumotlariga ko'ra, 2008 yilda iste'mol baholari indeksi bo'yicha hisoblangan inflyatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil qildi.
Respublikamiz hududlarida tovarlar narxlarining o'zgarishi bo'yicha olib borilgan kuzatishlar, iste'mol mahsulotlari bozori kon'yunkturasi va ularning xalqaro bozordagi narxlari dinamikasi tahlili inflyatsiya darajasiga asosan nomonetar omillar ta'sir etayotganligini ko'rsatmoqda. Xususan, 2008 yilda inflyatsiya davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar narxlari (tariflari)ning tizimli oshirilishi hamda dunyo bozorida oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg'i resurslari bahosi oshishi hisobiga ro'y berdi.
2008 yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 2,7 foizga oshib, uning inflyatsiya darajasiga ta'siri 1,6 foizni tashkil qildi.
Nooziq - ovqat mahsulotlari narxlari 7,7 foizga o'sdi, bunda yoqilg'i narxi 17,4 foizga va qurilish materiallari 2,8 foizga qimmatlashdi.
Markaziy bank tomonidan monetar omillarning inflyatsiyaga ta'sirini bartaraf etish va milliy valyuta barqarorligini ta'minlashga qaratilgan qat'iy pul-kredit siyosatining yuritilishi inflyatsiyaning maqsadli ko'rsatkichlar doirasida bo'lishiga xizmat qilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyat. Mamlakatimizda eksportni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan valyuta siyosati va mamlakat eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tashqi savdo balansining ijobiy bo'lishini ta'minladi. 2008 yilda eksport hajmi 28,7 foizga oshib, tashqi savdo aylanmasi YaIMga nisbatan 69,2 foizni tashkil etdi.
2008 yilda respublikamiz jahonning 164 dan ortiq mamlakatlari bilan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirdi. Respublikaning jami tashqi savdo aylanmasida Evropa davlatlarining ulushi 62,8 foizni, Osiyo davlatlari 34,4 foizni, Amerika qit'asi davlatlari 2,6 foizni, Afrika, Avstraliya va Okeaniya davlatlari ulushi esa 0,2 foizni tashkil etdi.
PUL-KREDIT SOHASIDA AMALGA OShIRILGAN IShLAR
2008 yilda monetar siyosat O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida»gi Qonuni, «Monetar siyosatning 2008 yilga mo'ljallangan asosiy yo'nalishlari» va Vazirlar Mahkamasining «Pul-kredit ko'rsatkichlarini tartibga solish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» 2003 yil 4 fevraldagi 63-sonli qarori talablari asosida amalga oshirildi.
Xususan, qat'iy pul-kredit siyosatini yuritish davom ettirilib, bunda asosiy e'tibor, inflyatsiyaning belgilangan parametrlar doirasida bo'lishini, yalpi ichki mahsulot hajmining yuqori sur'atlarda o'sishini ta'minlashga yo'naltirildi.
2008 yilda Markaziy bank tomonidan pul taklifini samarali boshqarish hamda belgilangan makroiqtisodiy va pul-kredit ko'rsatkichlarga erishish, maqsadida monetar siyosatning bozor instrumentlaridan keng foydalanildi.
Ochiq bozor operatsiyalari bank tizimi likvidligini tartibga solish va moliya bozori barqarorligini ta'minlovchi instrument sifatida Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda keng qo'llanilib borilmoqda.
Monetar omillarning inflyatsiyaga ta'sirini bartaraf etish maqsadida o'tgan yilda ham Markaziy bank tomonidan ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish operatsiyalari davom ettirildi. Bunda tijorat banklarining bo'sh pul mablag'larini Markaziy bankning maxsus depozitlari va depozit sertifikatlariga jalb qilish operatsiyalaridan keng foydalanildi, amalga oshirilgan ushbu operatsiyalarning o'rtacha oylik hajmi 1222 mlrd. so'mni tashkil etdi.
Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan muomalaga chiqarilgan davlat o'rta muddatli obligatsiyalari hamda Markaziy bank obligatsiyalari bilan birlamchi va ikkilamchi bozorlarda oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish davom ettirildi.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi tomonidan yuridik shaxslar uchun chiqarilgan obligatsiyalarni investorlar o'rtasida joylashtirish bo'yicha ularning birlamchi va ikkilamchi savdolari muntazam ravishda o'tkazilib borildi.
Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalarini, jumladan, davlat qimmatli qog'ozlari bilan o'tkaziladigan REPO operatsiyalari ko'lamini yanada kengaytirish maqsadida «O'zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog'ozlari bilan REPO bitimlarini tuzish va ijro etish tartibi to'g'risida nizom» yangi tahrirda ishlab chiqilib, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008 yil 18 mayda 1829-son bilan davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Majburiy zaxira normalari. Markaziy bankning amaldagi majburiy zaxira fondiga deponentlash normasi iqtisodiyotda pul massasini boshqarish va banklar likvidligini tartibga solishning muhim vositalaridan biri bo'lib xizmat qilmoqda.
2007 yilning 1 sentyabridan boshlab majburiy zaxiralar normasi yuridik shaxslarning milliy va xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlari uchun bir xil 13 foiz miqdorida belgilangan edi.
Iqtisodiyotda pul taklifini boshqarish, inflyatsiyani jilovlash hamda bank tizimi barqarorligini ta'minlash maqsadida 2008 yilda ham majburiy zaxira normasiga o'zgartirish kiritildi.
Pul massasining maqsadli ko'rsatkichlaridan kelib chiqqan holda 2008 yilning 1 noyabridan boshlab majburiy zaxiralar normasi yuridik shaxslarning milliy va xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlari uchun 15 foiz etib belgilandi.

Markaziy bank iqtisodiyotdagi pul massasi hajmini boshqarishda pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri bo'lgan qayta moliyalash stavkasidan ham keng foydalanmoqda.
Markaziy bank tomonidan qat'iy pul-kredit siyosatini yuritishni davom ettirish maqsadida 2008 yilda qayta moliyalash stavkasi yillik hisobda 14 foiz darajasida ushlab turildi.
Jahon bozorida yoqilg'i resurslari va ayrim iste'mol tovarlari narxlarining keskin o'sishi natijasida inflyatsion kutilmalarning oshishi o'tgan yilda tijorat banklarining foiz siyosatiga o'z ta'sirini ko'rsatdi.
2008 yilning birinchi yarim yilligida tijorat banklari tomonidan jalb qilinayotgan depozitlar va ular tomonidan ajratilayotgan kreditlar bo'yicha foiz stavkalarining o'sish dinamikasi kuzatilgan bo'lsa, olib borilayotgan qat'iy monetar siyosat ta'sirida 2008 yilning ikkinchi yarmidan boshlab foiz stavkalari barqarorlashdi.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan jalb qilinayotgan jismoniy shaxslarning depozitlari bo'yicha o'rtacha tortilgan foiz stavkalari 2008 yil boshida 19,5 foizni tashkil etgani holda, yil oxiriga kelib 2,1 foizli bandga pasaydi va 17,4 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar bo'yicha barqaror foiz stavkasi dinamikasi kuzatildi. Xususan, 2008 yilda ular bo'yicha o'rtacha tortilgan foiz stavkalari deyarli o'zgarmagan holda o'rtacha 16,4 foizni tashkil qildi.
2008 yilda davlat qimmatli qog'ozlarining (davlat o'rta muddatli pul majburiyatlari) daromadlilik darajasi 6,0 foizdan 5,7 foizgacha pasaydi.
2008 yilda Markaziy bankning valyuta siyosati inflyatsion jarayonlarni jilovlash zaruriyatidan kelib chiqib, milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi keskin tebranishlarining oldini olish hamda eksportni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirildi.
Markaziy bank tomonidan valyuta bozorini tartibga solish borasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida so'mning almashuv kursi belgilangan maqsadli koridor doirasida bo'ldi. 2008 yilda AQSH dollarining so'mdagi nominal qiymati yil boshidagi 1290 so'mdan 1393 so'mga etdi.
2008 yilda mamlakatda ichki valyuta bozori faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, 2008 yilning fevral oyidan boshlab valyuta bozorida AQSH dollari bilan bir qatorda Evroda ham operatsiyalar amalga oshirila boshlandi.
Iqtisodiyotning ustuvor sohalarini moliyalashtirish va iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot Jamg'armasi hisobraqamida mablag'larning shakllantirilishi iqtisodiyotda pul massasining asossiz o'sishini oldini olish orqali ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlarning amalga oshirib borilishi natijasida 2008 yilda iqtisodiyotning pulga bo'lgan talabi to'liq qondirilgani holda pul-kredit ko'rsatkichlarining belgilangan maqsadli parametrlar doirasida bo'lishiga erishildi.
KREDIT INSTITUTLARIDA AMALGA OShIRILGAN ISLOHOTLAR
2008 yilda ham bank tizimida amalga oshirilgan islohotlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlarda belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishiga qaratildi. Xususan:
- aholi va tadbirkorlik sub'ektlari hamda investorlarning mablag'larini bank aktsiyalari va depozitlarga jalb qilish orqali banklarning kapitallashuv darajasini oshirish hamda resurs bazasini kengaytirish;
- banklarning investitsiya jarayonlarida, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlashdagi ishtirokini yanada kengaytirish va kichik biznes sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash;
- banklarda samarali nazoratni amalga oshirish, bank infratuzilmalarini kengaytirish, bank xizmatlari sifatini oshirish va mijozlarga yangi qulayliklar yaratish;
- hisob-kitoblar tizimini yanada takomillashtirish, naqd pullarning bank aylanmasiga jalb etilishini yanada kengaytirish;
- banklarni yakka tartibda baholash milliy reytingiga va xalqaro reyting kompaniyalarining reytinglariga ega bo'lishlarini ta'minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Banklar ustav kapitaliga xususiy kapitalni jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 17 ta tijorat banki aktsiyalari fond bozori listinggiga kiritildi va 2008 yil davomida ularning 20,6 mlrd. so'mlik aktsiyalari bevosita fond birjasida nominal qiymatidan yuqori narxlarda sotildi.
Natijada, o'tgan yil davomida aktsiyadorlar soni 23 ming 663 taga ortdi va ularning 98 foizdan ziyodini jismoniy shaxslar tashkil etdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va Qarorlariga asosan strategik ahamiyatga ega bo'lgan banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish orqali ularning moliyaviy barqarorligini ta'minlash hamda ularning investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi ishtirokini faollashtirish maqsadida 2008 yilda:
- davlat tijorat "Xalq banki”ning ustav kapitali 100 mlrd. so'mga;
- “O'zsanoatqurilishbank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitali 65,4 mlrd. so'm miqdoridagi qo'shimcha aktsiyalarni emissiya qilish orqali 100 mlrd. so'mga;
- “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitali qo'shimcha 66,2 mlrd. so'mlik aktsiyalar chiqarish orqali 141,5 mlrd. so'mga etkazildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, banklarning umumiy kapitali 2007 yilga nisbatan 40 foizga oshib, 2009 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 2104,3 mlrd. so'mga etdi.

Shuningdek, davlat tijorat “Xalq banki”ning ustav kapitalini 2009-2012 yillarda 200 mlrd. so'mga, 2009 yilda “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitalini 150 mlrd. so'mga, “Paxtabank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitalini 100 mlrd. so'mga, “G'allabank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitalini 50 mlrd. so'mga, “Asaka” davlat aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitalini 300 mlrd. so'mga etkazish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Banklar tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini kreditlar bilan qo'llab-quvvatlash maqsadida, jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag'larini bank depozitlariga jalb qilish orqali banklarning resurs bazasini kengaytirish borasidagi ishlar yanada faollashtirildi. Jalb qilingan jami depozitlar hajmi 2008 yilda 50,7 foizga oshib, 2009 yilning 1 yanvar holatiga 5771,6 mlrd. so'mni tashkil etdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 20 fevraldagi
PF-3968-sonli Farmoniga asosan, rezident - jismoniy shaxslardan depozit hisobvaraqlarga o'tkazilgan milliy va xorijiy valyutadagi pul mablag'larini qabul qilish bo'yicha imtiyozlarning yaratilganligi jismoniy shaxslarning banklardagi omonatlari hajmining oshishiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi.
2008 yilda davomida tijorat banklari tomonidan aholiga milliy valyutadagi 300 tadan ortiq, xorijiy valyutadagi 100 tadan ortiq jozibodor omonat turlari taklif etildi. Natijada, aholining kredit tashkilotlaridagi mablag'lari qoldig'i 2008 yilda 69 foizga oshib, 2009 yilning 1 yanvar holatiga 1 723,8 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 28 noyabrdagi PF-4057-sonli Farmoniga asosan miqdoridan qatiy nazar fuqarolarning tijorat banklari depozit hisobvaraqlardagi omonatlari to'liq kafolatlanganligi aholining bank tizimiga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
2009 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondida 41,5 mlrd. so'm miqdorida mablag'lar shakllantirildi.
Banklarning kapitali va mijozlardan jalb qilingan depozitlar hajmining o'sishi respublika iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlarida ishlab chiqarishni tarkibiy o'zgartirish, modernizatsiya qilish, istiqbolli va yuqori samarali investitsiya loyihalarini amalga oshirish, iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni moliyaviy qo'llab-quvvatlashda banklar ishtirokini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.
Xususan, iqtisodiyotning real sektoriga ajratilgan kreditlari hajmi 2008 yilda 34 foizga oshib, 2009 yil 1 yanvar holatiga 6 372 mlrd. so'mni tashkil etdi. Ushbu kreditlarning 78,3 foizi uzoq muddatli kreditlardir.
Banklar tomonidan uzoq muddatga ajratilgan investitsion kreditlardan olingan daromadlar bo'yicha soliq imtiyozlarining berilganligi banklarning ushbu jarayonlardagi ishtirokini rag'batlantirib kelmoqda. Natijada, tijorat banklari tomonidan ustuvor tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish hamda texnik qayta jihozlash uchun kreditlar ajratilishi yanada faollashdi.
2008 yilda kichik biznes sub'ektlariga barcha moliyalash manbalari hisobidan ajratilgan kreditlar 507 mlrd. so'mga oshib, 1250,7 mlrd. so'mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, banklarning aholiga uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish hamda uy-joy qurish, sotib olish uchun iste'mol va ipoteka kreditlari ajratish borasidagi ishlari ham davom ettirildi. 2008 yilda tijorat banklari tomonidan aholiga 250,9 mlrd. so'mlik ipoteka kreditlari ajratildi.
Umuman olganda, banklarning umumiy aktivlari 2008 yilda 30,1 foizga oshdi.
O'tgan yilda respublikamizda faoliyat ko'rsatayotgan tijorat banklari soni 30 taga etdi. Shundan 3 tasi davlat-tijorat banki, 11 tasi aktsiyadorlik-tijorat banki, 11 tasi xususiy bank va 5 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi banklar hisoblanadi.
Respublikamizning turli hududlarida faoliyat ko'rsatayotgan tijorat banklari filiallari soni 800 tani tashkil etdi.
Aholiga bank xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan tashkil etilgan mini-banklar soni 2008 yilda 107 taga ko'payib 2161 taga etdi va ular deyarli barcha turdagi bank xizmatlarini ko'rsatib kelmoqdalar.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 7 noyabrdagi PQ-726-sonli Qarori talablariga muvofiq, mijozlarga kassa xizmatlarini ko'rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda kommunal va boshqa to'lovlarni amalga oshirish uchun qulayliklar yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan tashkil etilgan maxsus kassalar soni 1 411 tadan oshdi. Jumladan, bozorlar hududida bank infratuzilmalarini kengaytirish maqsadida o'tgan yil davomida tadbirkorlardan bozor xizmatlari va boshqa to'lovlarni qabul qilish uchun 582 ta maxsus kassalar tashkil etildi.
Respublikamizda bank infratuzilmalarining kengayib borishi banklar o'rtasidagi raqobat muhitini yanada kuchaytirmoqda.
So'nggi yillarda bo'sh pul mablag'larini bank aylanmasiga jalb etish hamda naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini kengaytirish vositalaridan biri bo'lgan plastik kartochkalardan foydalanish tizimi jadal rivojlantirilmoqda.
Hukumat qarorlariga asosan, plastik kartochkalar bo'yicha to'lovlarni amalga oshirishda foydalaniladigan plastik kartochkalar tizimiga oid jihozlarni import qilishda bojxona imtiyozlarining berilganligi banklarning bu boradagi faoliyatlarini yanada rag'batlantirdi.
2008 yil davomida tijorat banklari tomonidan qo'shimcha ravishda 787,8 ming dona plastik kartochkalar muomalaga chiqarilib, savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalarida qo'shimcha 9 ming 752 dona terminallar o'rnatildi.
Muomalaga chiqarilgan bank plastik kartochkalari soni 4,5 mln. taga, savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalarida o'rnatilgan terminallar soni esa 27 ming 504 taga etkazildi.
Xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning kredit liniyalarini jalb qilish orqali banklarning investitsion jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish maqsadida respublika tijorat banklari tomonidan xalqaro reyting kompaniyalarining kreditga layoqatlilik reytinglarini olish bo'yicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, 2008 yilning aprel oyida O'zbekiston bank tizimiga nufuzli xalqaro reyting kompaniyalaridan biri — «Mudis» reyting agentligi tomonidan xalqaro reyting bahosi berilganligi mamlakatimiz moliya tizimining barqarorligidan dalolat beradi.
Xususan, «Mudis» agentligi bir yo'la 3 ta yo'nalish bo'yicha respublika bank tizimiga «barqaror» reyting bahosini berdi.
«Mudis» xalqaro reyting agentligining hisobotida ta'kidlanishicha, agentlikning ijobiy bahosi mustahkam bank nazorati tizimida, bank sektorining yuqori o'sish potentsialida, moliya tizimining tarkibiy o'zgarishi va milliy iqtisodiyotning yuqori darajada o'sishida o'z ifodasini topdi.
Bundan tashqari, 2008 yilda tijorat banklari tomonidan xalqaro reyting olish uchun «Mudis», «Fitch Reytings», «Standart end Purs», «Tompson Faynenshl Bank Votch», «Japan Kredit Reyting Ejensi», «Reyting Ejensi Malayziya» kabi nufuzli xalqaro reyting kompaniyalari bilan o'zaro hamkorlik ishlari davom ettirildi.
2008 yilda respublikamizda faoliyat yuritayotgan tijorat banklarining 12 tasi xalqaro «Mudis», «Fitch Reytings» va «Standart end Purs» reyting kompaniyalarining «barqaror» reyting bahosini olishga erishdilar.
|
Xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” reyting | ||
|
«Mudis» |
«Fitch reyting» |
«Standart end Purs» |
| TIF Milliy bank | O'zsanoatqurilishbank | TIF Milliy bank |
| Ipoteka-bank | Paxtabank | Kapitalbank |
| G'alla-bank | Asakabank | |
| Aloqabank | Xamkorbank | |
| Turonbank | Ipak yo'li bank | |
| Kredit standart bank | ||
Shuningdek, xalqaro amaliyot negizida banklar tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarning milliy individual reyting tizimini joriy etish maqsadida, O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi tomonidan Markaziy bank hamda qimmatli qog'ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bilan kelishilgan holda tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Shunga muvofiq, 2008 yil davomida «Axbor-Reyting» milliy reyting agentligi tomonidan 21 ta tijorat bankiga turli darajadagi reyting baholari berildi.
Nobank kredit tashkilotlarining (kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar) qonunchilik bazasini takomillashtirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar nobank kredit tashkilotlari tarmog'i kengayib, banklar va nobank kredit tashkilotlari o'rtasidagi raqobat muhiti kuchayishiga zamin yaratmoqda.
Xususan, bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, 2009 yil 1 yanvar holatiga ularning soni 138 taga, shu jumladan, kredit uyushmalari soni 78 taga, mikrokredit tashkilotlari 26 taga hamda lombardlar 34 taga etdi.
Nobank kredit tashkilotlarining asosiy ko'rsatkichlari ham sezilarli darajada o'sib bormoqda. Xususan, kredit uyushmalarining jami aktivlari 2008 yilda 63,8 mlrd. so'mga oshib, 2009 yil 1 yanvar holatiga 112 mlrd. so'mni, ularning kredit portfeli esa 59,5 mlrd. so'mga oshib, 102,4 mlrd. so'mni tashkil qildi.
Shuningdek, 2008 yilda mikrokredit tashkilotlari va lombardlarning jami aktivlari hamda kredit portfeli hajmining juda yuqori sur'atlarda o'sishi kuzatildi.
MONETAR SIYoSATNING 2009 YILGA MO'LJALLANGAN MAQSAD VA VAZIFALARI
2009 yilga mo'ljallangan monetar siyosatning asosiy yo'nalishlari Hukumat tomonidan joriy yil uchun prognoz qilingan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar parametrlariga muvofiq holda milliy valyuta barqarorligini ta'minlash hamda bank tizimi oldiga qo'yilgan ustuvor yo'nalishlarni amalga oshirish maqsadlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.
Xususan, 2009 yilga mo'ljallangan pul-kredit ko'rsatkichlari:
- inflyatsiyaning yillik darajasi 7-9 foizdan oshmasligi;
- YaIMning real o'sishi 8,0 foizni hamda uning deflyatori 18 foizni tashkil etishi;
- byudjet taqchilligini YaIMning 1 foizidan oshmagan miqdorda bo'lishi va uning to'liq noinflyatsion manbalar hisobidan qoplanishi;
- tashqi savdo aylanmasi sof qoldig'ining 5 mlrd. AQSH dollaridan yuqori bo'lishi kabi makroiqtisodiy ko'rsatkichlardan kelib chiqqan holda belgilandi.
Kelgusi yilda ham Markaziy bankning monetar siyosati yuqori sur'atlardagi iqtisodiy o'sishini qo'llab-quvvatlashga va inflyatsiyaning maqsadli ko'rsatkichlar doirasida bo'lishiga qaratiladi.
O'tgan yillardagi kabi 2009 yilda ham pul massasining o'sishi asosan tashqi savdo balansi ijobiy saldosining barqaror bo'lishi hisobiga ro'y beradi. Ijobiy saldo balansi so'mning xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kursining barqaror bo'lishini ta'minlaydi.
2009 yilda valyuta almashuv kursi siyosati eksportni rag'batlantiruvchi va inflyatsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizm sifatida qo'llaniladi. Shundan kelib chiqqan holda, o'zgarib boruvchi-boshqariladigan almashuv kursi strategiyasi qo'llaniladi va almashuv kursi maqsadli koridor doirasida ushlab turiladi. Bunda asosiy e'tibor so'mning real effektiv almashuv kursining barqarorligini ta'minlashga qaratiladi.
2009 yilda ishlab chiqarishning yuqori sur'atlarda o'sishi o'z navbatida pulga bo'lgan talabni oshiradi. Shunga muvofiq Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotning pulga bo'lgan talabini to'liq qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirib boriladi. Xususan, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektoriga ajratiladigan kreditlar miqdorini 40 foizga oshirish yoki milliy valyutada qo'shimcha ravishda 1 700 mlrd. so'mlik kreditlar ajratilishi mo'ljallanmoqda.
Investitsion maqsadlarga yo'naltirilgan kreditlar bilan bir qatorda, ipoteka krediti, mikrokredit va iste'mol kreditlari, kichik biznesni qo'llab-quvvatlashga ajratiladigan kreditlar hajmini oshirib borish rejalashtirilgan. Ushbu kredit qo'yilmalari respublikada barqaror iqtisodiy o'sishni va iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining ko'payishiga xizmat qiladi.
Monetar omillarning inflyatsiya darajasiga ta'sirini oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan monetar siyosatning bozor instrumentlaridan keng foydalaniladi.
Xususan, Markaziy bank tomonidan amalga oshirilgan sterilizatsiya operatsiyalarining, ya'ni tijorat banklari bo'sh pul mablag'larini maxsus depozitlarga va davlat qimmatli qog'ozlariga jalb qilish operatsiyalarining o'rtacha oylik hajmi 1,5 martaga oshadi.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy mablag'lar bilan ta'minlash va iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasida qo'shimcha mablag'larni jamg'arib borish davom ettiriladi.
Inflyatsion kutilmalarning oldini olish maqsadida 2009 yilda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi yillik hisobda 14 foiz darajasida ushlab turiladi.
2009 yil uchun inflyatsiya darajasining maqsadli ko'rsatkichi baholari hukumat tomonidan tartibga solinadigan monopol xarakterga ega bo'lgan tovar va xizmatlar narxlarining o'rtacha 10 foizdan oshmasligiga asoslangan.
Hukumat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar tariflari (narxlari) ning belgilangan darajadan yuqori bo'lmasligini qat'iy nazorat qilish hamda jahon bozorida ro'y berayotgan narxlar o'zgarishining ichki bozorga ta'sirini bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib borish nomonetar omillarning inflyatsiya darajasiga ta'sirini pasaytirishga xizmat qiladi.
Bank tizimining joriy likvidligini ta'minlash va pul bozorini rivojlantirish maqsadida:
- monetar siyosatning ochiq bozordagi ishtirokini, xususan davlat qimmatli qog'ozlari bilan o'tkaziladigan REPO operatsiyalarini faollashtirish va valyutaviy SVOP operatsiyalarini joriy etish;
- majburiy rezervlarning minimal miqdorini bank tizimining moliyaviy barqarorligi va likvidlik darajasidan kelib chiqqan holda o'zgartirib borish;
- Markaziy bankning depozit sertifikatlari hamda davlat qimmatli qog'ozlarining ikkilamchi bozordagi oldi-sotdi operatsiyalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari ko'riladi.
KREDIT INSTITUTLARIDA AMALGA OShIRILIShI REJALAShTIRILGAN ISLOHOTLAR VA USTUVOR YO'NALIShLAR
2009 yil uchun prognoz qilingan makroiqtisodiy shart-sharoitlar bank tizimining barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi, banklarning faolligi va umuman iqtisodiyotning rivojlanishiga qo'shadigan hissasi oshadi. Shu bilan birga, o'tgan yillardagi kabi asosiy e'tibor bank tizimi barqarorligini ta'minlashga va ularning investitsion jarayonlardagi faolligini yanada kengaytirishga qaratiladi.
Huquqiy va investitsion muhitni yaxshilash, kredit tashkilotlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning kapitallashuv darajasini oshirish, bank tizimi raqobatbardoshligini ta'minlash, bank sohasida boshqaruv va nazoratni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu omillar umumiy bank xizmatlari sifatining yaxshilanishiga va zamonaviy bank texnologiyalarining tatbiq etilishiga zamin yaratadi.
Bank sohasining investitsion jozibadorligini saqlab turish birinchi navbatda, mahalliy va strategik chet el investorlariga qo'shimcha aktsiyalarni sotish hisobiga banklarning kapitallashuv darajasini oshirish imkonini beradi.
2009 yilda Markaziy bankning bank boshqaruvi va nazorati sohasidagi faoliyati yuqorida qayd etilgan maqsadlarni amalga oshirishga hamda omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratiladi.
Joriy yilda ham bank tizimidagi islohotlar davom ettirilgani holda Markaziy bank tomonidan quyidagi yo'nalishlardagi chora-tadbirlar davom ettiriladi:
I. Kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish yuzasidan:
- Bazel qo'mitasining bank nazorati bo'yicha Bazel II hujjatida taklif etilgan yondashuvlarni, xususan «Kapitalga minimal talablar»da ko'zda tutilgan xususiy kapitalning etarlilik darajasini baholashning soddalashtirilgan, standartlashtirilgan metodini joriy etish;
- kredit tashkilotlarida likvidlik bilan bog'liq xatarlarni (risklar) boshqarish tizimi holatini baholash va boshqarishdagi yondashuvlarni, kredit operatsiyalari va shartnomalarni amalga oshirish chog'ida kredit tashkilotlari tomonidan qo'llaniladigan xavf-xatarlar (risklar) boshqaruvini takomillashtirish;
- umumlashtirilgan asosda banklarning moliyaviy holatini baholashning nazorati sifatini yaxshilash, ularning faoliyatida yuzaga keladigan muammolarni dastlabki bosqichlarda aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlarning o'z vaqtida va to'liq qaytarilishi yuzasidan ularning mas'uliyatini oshirish hamda nazorat ishlarini kuchaytirish;
- tavakkalchilikni boshqarishda sug'urta mexanizmlaridan foydalanishni keng yo'lga qo'yish;
- kredit tashkilotlari faoliyati oshkoraligi va shaffofligini ta'minlash, banklarda korporativ boshqaruv darajasini yanada oshirish hamda ularni boshqarish usullarini takomillashtirish;
- tijorat banklari aktsiyalarining investorlar tomonidan sotib olinishini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
- yakka tartibdagi baholash milliy reytingiga va xalqaro reyting kompaniyalarining reytinglariga ega bo'lish borasidagi ishlarni davom ettirish;
- Markaziy bankning inspektsiya sohasidagi faoliyatining asosiy vazifasi sifatida kredit tashkilotlari barqarorligiga ta'sir etuvchi bank faoliyatining asosiy yo'nalishlari bo'yicha kredit tashkilotlari faoliyatini tekshirishlarini tashkil etish va o'tkazishdan iborat bo'ladi.
II. Bank tizimining barqarorligini ta'minlash hamda ularning kapitallashuv darajasi va resurs bazasini yanada oshirish, jumladan:
- tijorat banklarining jami kapitalini kelgusi yilda kamida 20 foizga, hamda xo'jalik sub'ektlarining banklardagi depozitlari va aholining omonatlarini kamida 35 foizga oshirish;
- aktsiyadorlarning bo'sh pul mablag'larini bank aktsiyalariga jalb qilish orqali banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish maqsadida, banklar tomonidan aktsiyalar emissiyasini amalga oshirish va ularni aktsiyadorlar o'rtasida joylashtirish ishlarini faollashtirish;
- tijorat banklarining o'z (regulyativ) kapitalining bank aktivlariga bo'lgan nisbatining minimal miqdori 10 foizdan kam bo'lmasligini ta'minlash (Xalqaro Bazel qo'mitasining talablariga ko'ra ushbu ko'rsatkich 8 foizni tashkil etadi);
- davlat tijorat “Xalq banki”ning ustav kapitalini 2009-2012 yillarda
200 mlrd. so'mga etkazish;
- “Paxtabank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitalini 2009 yilda 100 mlrd. so'mga etkazish;
- “G'allabank” aktsiyadorlik-tijorat bankning ustav kapitalini 50 mlrd. so'mga etkazish;
- “Asaka” davlat-aktsiyadorlik tijorat banki ustav kapitalini 300 mlrd. so'mga etkazish;
- “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik-tijorat banki ustav kapitalini 150 mlrd. so'mga etkazish rejalashtirilgan.
III. Banklarning yuqori iqtisodiy o'sish sur'atlarini rag'batlantirish borasidagi faoliyatini kengaytirish, investitsion faoliyatini kuchaytirish, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash jarayonlarida banklarning ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida:
- biznes uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida bank xizmatlari ko'rsatish tizimini rivojlantirish va tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektoriga milliy valyutada ajratilgan kreditlar hajmini kamida 40 foizga oshirish;
- joriy yilda mikrokredit, iste'mol krediti va aholining uy-joyga bo'lgan talabini qondirish maqsadida banklar tomonidan kelgusi yilda ajratiladigan ipoteka kreditlari miqdorini 2008 yilga nisbatan 40 foizga oshirish;
- eksport faoliyati bilan shug'ullanadigan tadbirkorlik sub'ektlarining aylanma mablag'larni to'ldirish uchun yillik 9,8 foiz (Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 70 foizi) asosida 12 oygacha bo'lgan muddatga imtiyozli kreditlar ajratish;
- investitsion moliyalashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, ya'ni investitsion loyihalarni ekspertiza qilish, tashkilotlarni to'liq moliyaviy tahlil qilish va ular faoliyatini baholash yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish;
- tijorat banklari tomonidan zamonaviy dasturiy mahsulotlar va texnologiyalarni, shuningdek yangi moliyaviy vositalarni, shu jumladan subordinatsiyalangan qarz, bank aktsiyalariga konvertatsiyalanadigan obligatsiyalar, talab qilish huquqini boshqa shaxsga o'tkazish kabi vositalarni joriy qilish;
- sotib olingan bankrot korxonalarda ishlab chiqarish faoliyatini tiklash bo'yicha investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ekspertizadan o'tkazish va moliyalashtirishda qatnashish, shuningdek ushbu korxonalarni keyinchalik strategik investorlarga sotish yuzasidan tijorat banklarida olib borilayotgan ishlarni faollashtirish ko'zda tutilgan.
IV. Pul mablag'larini bank aylanmasiga jalb qilishni yanada kuchaytirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish maqsadida:
- plastik kartochkalardan keng foydalangan holda hisob-kitob qilish tizimini yanada kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi hamda plastik kartochkalar va terminallar sonini 2009 yil oxiriga borib mos ravishda 5 mln. donaga va 30 ming donaga etkazish, ular orqali o'tkaziladigan tranzaktsiyalar miqdorini 30 foizga oshirish;
- banklardagi aholi mablag'lari hajmining bir maromda o'sib borishini ta'minlash maqsadida, doimiy ravishda yangi jozibador omonat turlarini taklif etib borish;
- bank mijozlariga qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, yangi bank xizmati turlarini va ularning hajmini kengaytirib borish, plastik kartochkalar bilan hisob-kitoblar qilish tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish;
- qishloq joylarida tashkil etilgan bank infratuzilmalari, xususan mini-banklar va maxsus kassalar faoliyatini takomillashtirish orqali bank xizmatlaridan foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish;
- to'lov instrumentlari, ma'lumotlarni qabul qilish, nazorat va qayta ishlash tartibini xalqaro amaliyotga moslashtirish yo'li bilan to'lovlar va pul mablag'lari o'tkazmalarini amalga oshirish qoidalarini takomillashtirish ishlari davom ettiriladi.
V. Bank tizimini yuqori bilim va tajribaga ega bo'lgan, zamonaviy fikrlaydigan yuqori malakali xodimlar bilan butlash, mutaxassislarni yangi yo'nalishlar bo'yicha qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yuzasidan:
- kredit tashkilotlarini boshqarishda kredit tashkilotlari rahbarlari va ta'sischilarning ish nufuzini baholash mexanizmini yaratgan holda professional sifatlarga ega bo'lgan shaxslarning boshqaruvda ishtirok etishini ta'minlash;
- kredit tashkilotlari xodimlarining amaliy hamda professional etikasini, banklar rahbarlari va xodimlarining mijozlarga xizmat ko'rsatish va bank siriga rioya qilish yuzasidan mas'uliyatini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish;
- banklar xodimlarini muammoli korxonalarni inqiroz holatida boshqarish yo'nalishlari bo'yicha qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, loyihaviy moliyalashtirish, investitsion loyihalarni ekspertizadan o'tkazish va amalga oshirish, zarar ko'rib ishlaydigan hamda nochor korxonalarni tiklash va modernizatsiya qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- olib boriladigan ishlarning muhim qismlaridan biri sifatida hukumat, ijro etuvchi organlar, Banklar uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda, bank faoliyati va bank xizmatlari sohasida xodimlarni tegishli milliy va xalqaro dasturlarda ishtirok etishini ta'minlash orqali ularning moliyaviy bilim va malakasini oshirishdan iborat bo'ladi.
VI. Nobank kredit tashkilotlari tizimini rivojlantirish borasida:
mikromoliyalashtirish jarayonlarini yanada faollashtirish, xususan nobank kredit tashkilotlari tarmog'ini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, joylarda mikrokreditlash, kredit uyushmalari, lombardlar va mikrokredit tashkilotlari faoliyatini yanada kengaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko'rib boriladi.
Xususan:
- mikromoliyaviy xizmatlarga ehtiyojmand aholining to'liq qamrab olinishini ta'minlagan holda mamlakatning chekka mintaqalarida nobank kredit tashkilotlari tarmog'ini kengaytirishga asosiy e'tiborni qaratish;
- nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirib borish orqali ular faoliyatini tartibga solishning samarali tizimini yaratish;
- nobank kredit tashkilotlari resurs bazasining xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari hamda davlat maqsadli jamg'armalarining kredit liniyalari hisobiga shakllanishiga ko'maklashish;
- nobank kredit tashkilotlarining ijroiya organlari va xodimlariga ushbu tizimni rivojlantirish borasida mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini etkazish, mavjud qonun hujjatlari yuzasidan batafsil tushunchalar berish maqsadida Kredit uyushmalari assotsiatsiyasi hamda Mikromoliyalashtirish tashkilotlari va kredit uyushmalarining milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda maxsus treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.