2009 YILDAGI MAKROIQTISODIY HOLAT VA
REAL SEKTOR TAHLILI

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 fevralda o'tkazilgan yig'ilishida belgilab berilgan 2009 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari ijrosini ta'minlash, Xukumatimiz tomonidan 2009-2012 yillarga mo'ljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ta'sirini yumshatish va bartaraf etishga doir ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni saqlab qolishga erishildi.

2009 yilda mamlakatimiz moliyaviy-iqtisodiy, byudjet va bank-kredit tizimining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta'minlash, iqtisodiyotning real sektori korxonalariga yordam ko'rsatish, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida ko'rilgan chora-tadbirlar o'zining amaliy samarasini berdi.

Hususan, iqtisodiyotda tarkibiy o'zgarishlarni, uning muhim tarmoqlari korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashni faol davom ettirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ichki iste'molni rag'batlantirish, eksport qiluvchi korxonalarni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlar o'tgan yilda iqtisodiy o'sishning barqaror yuqori sur'atlarini ta'minladi.

Yalpi ichki mahsulot (YaIM). O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qo'mitasining ma'lumotlariga asosan, 2009 yilda yalpi ichki mahsulotning  o'sishi 8,1 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o'sishi - 9,0 foizni, qishloq xo'jaligi mahsulotlari – 5,7 foizni, chakana tovar aylanmasi – 16,6 foizni, pullik xizmatlar ko'rsatish hajmining o'sishi – 12,9 foizni tashkil qildi.

2009 yilda ko'rsatilgan xizmatlar hajmining YaIM tarkibidagi ulushi 47,2 foizni tashkil qildi. Xususan, aloqa va axborotlashtirish xizmati 21,6 foizga, savdo va umumiy ovqatlanish xizmati 21,8 foizga, maishiy xizmatlar hajmi 22,6 foizga hamda moliyaviy xizmatlar 24,7 foizga o'sdi.

Sanoatda ishlab chiqarishning yuqori o'sish sur'atlari mashinasozlik va metallni qayta ishlash (o'sish sur'ati 17,4 foiz), neft-kimyo (11,4 foiz), yoqilg'i (10,3 foiz), qora metallurgiya (8,4 foiz), qurilish materiallari (8,7 foiz), oziq-ovqat (8,2 foiz) hamda yog'ochni qayta ishlash va qog'oz ishlab chiqarish (19,1 foiz)  sohalarida kuzatildi.

Qishloq ho'jaligida 2009 yilda boshoqli don mahsulotlari etishtirish hajmi 9,8 foizga, poliz ekinlari etishtirish 9,2 foizga, sabzavotlar etishtirish 9,3 foizga va mevalar etishtirish 10,0 foizga ko'paydi. O'tgan yili etishtirilgan don mahsulotlari hajmi 7,3 mln. tonnadan ortiqni va paxta hosili 3,4 mln. tonnani tashkil etdi.

Inflyatsiya. Narxlar barqarorligini ta'minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida inflyatsiyaning 2009 yil uchun belgilangan prognoz ko'rsatkich doirasida bo'lishi ta'minlandi.

O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo'mitasining ma'lumotlariga ko'ra, iste'mol baholari indeksi bo'yicha hisoblangan inflyatsiya darajasi 2009 yilda 7,4 foizni tashkil etdi.

Respublika hududlarida tovarlar va xizmatlar narxlarining o'zgarishi bo'yicha olib borilgan kuzatishlar, shuningdek, iste'mol mahsulotlari bozori kon'yunkturasi va ularning xalqaro bozordagi narxlari dinamikasi tahlili 2009 yilda inflyatsiyaga asosan nomonetar omillar ta'sir etganligini ko'rsatdi.

Markaziy bank tomonidan milliy valyuta barqarorligini ta'minlashga qaratilgan qat'iy pul-kredit siyosatining yuritilishi monetar omillarning inflyatsiyaga ta'sirini bartaraf etishga xizmat qildi.

Investitsiyalar. Hukumat tomonidan investitsiyalarni rag'batlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar 2009 yilda ham respublikada yuqori investitsion faollikni saqlab qolish imkonini berdi. Xusucan, iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2008 yilga nisbatan 24,8 foizdan ziyodga oshib, 8,2 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 68 foizga o'sib, ularning asosiy qismini tashkil etgan to'g'ridan-to'g'ri kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,8 barobar oshdi.

Asosiy kapitalga yo'naltirilgan investitsiyalarning 46,9 foizi xo'jalik sub'ektlari va aholining o'z mablag'lari, 27,8 foizi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 8,1 foizi esa byudjet mablag'lari hisobidan moliyalashtirildi.

Yangi ish o'rinlarini yaratish. 2009 yilda ish bilan bandlikni oshirish borasida ko'rilgan amaliy choralar natijasida mamlakatimizda 940 mingdan ziyod yangi ish o'rinlari yaratildi, ularning 500 mingga yaqini qishloq joylarida tashkil etildi. Kichik biznes sohasida 390 mingdan ziyod, shu jumladan xizmat ko'rsatish sohasida 270 mingdan ortiq yangi ish o'rinlari ochildi.

Sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosidagi kasanachilikni hamda pudrat shartnomasi asosidagi uy mehnatini rivojlantirish natijasida 130 mingga yaqin ish o'rni yaratildi.

Bandlik darajasini oshirishga qaratilgan bunday chora-tadbirlar inqiroz sharoitida aholini ishonchli himoya qilish, uning daromadi va moddiy farovonligini oshirish imkonini ta'minladi.

Respublikamizda mehnatni rag'batlantirish, ish haqini oshirib borish va aholi daromadlari o'sishini ta'minlashga qaratilgan siyosatning amalga oshirilishi natijasida 2009 yilda aholining real daromadlari 26,5 foizga, ish haqi, pensiya va nafaqalar o'rta hisobda 40 foizga oshdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat. Respublika Hukumati tomonidan eksport qiluvchi korxonalarni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, eksport qilinayotgan mahsulotlar turlarini va eksport bozorlari geografiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2009 yilda O'zbekiston tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi saqlanib, 2,3 mlrd. AQSH dollarini tashkil qildi.

2009 yilda eksport hajmi avvalgi yilga nisbatan 2,4 foizga, shu jumladan, energiya manbalari va neft mahsulotlari eksporti 42,2 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 39,0 foizga o'sdi.

2009 yilda import hajmi 2,7 foizga kamaydi. Ayni paytda, import tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari importining 5,5 foizga, mashina va uskunalar importining 5,0 foizga oshishi kuzatildi.

Respublikamiz o'tgan yilda jahonning 167 dan ortiq mamlakatlari bilan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirdi. Jami tashqi savdo aylanmasida Evropa davlatlarining ulushi 59,6 foizni, Osiyo davlatlari 37,3 foizni, Amerika qit'asi davlatlari 2,8 foizni, Afrika, Avstraliya va Okeaniya davlatlari ulushi esa 0,3 foizni tashkil etdi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mamlakatlari hamda xorijiy mamlakatlar bilan an'anaviy savdo aloqalarining mustahkamlanishi davom etmoqda. MDH davlatlaridan Rossiya, Qozog'iston va Ukraina, uzoq xorijiy mamlakatlardan Janubiy Koreya, Xitoy, Eron, Turkiya va Shveytsariya kabi davlatlar mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi. 2009 yilda MDH davlatlari bilan amalga oshirilgan tashqi savdo aylanmasi jami tashqi savdo aylanmasining 37,7 foizini tashkil qildi.

Pul-kredit sohasida amalga oshirilgan ishlar

2009 yilda Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati "O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida”gi Qonun, “Monetar siyosatning 2009 yilga mo'ljallangan asosiy yo'nalishlari” va Vazirlar Mahkamasining “Pul-kredit ko'rsatkichlarini tartibga solish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2003 yil 4 fevraldagi 63-sonli qarori talablari asosida amalga oshirildi.

Xususan, inflyatsiya darajasining 8 foizdan oshmasligini ta'minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan qat'iy pul-kredit siyosati yuritilib, Hukumat bilan birgalikda ichki iste'mol bozorida narxlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan boshqa antiinflyatsion chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

2009 yilda monetar omillarning inflyatsiya darajasiga ta'sirini oldini olish maqsadida monetar siyosatning bozor instrumentlaridan keng foydalanildi.

Ochiq bozordagi operatsiyalar bank tizimi likvidligini tartibga solish va moliya bozori barqarorligini ta'minlovchi instrument sifatida Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda qo'llanilib borildi.

Markaziy bank tomonidan o'tgan yilda ham, pul-kredit ko'rsatkichlarining maqsadli parametrlaridan kelib chiqqan holda, xalqaro rezervlarning ko'payishi hisobiga yuzaga kelgan ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish operatsiyalari muntazam o'tkazib borildi. Jumladan, 2009 yilda Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining bo'sh pul mablag'larini Markaziy bankning maxsus depozitlari va obligatsiyalariga jalb qilish operatsiyalarining o'rtacha oylik hajmi 2008 yilga nisbatan 1,4 martaga oshib, 1,7 trln. so'mni tashkil qildi.


Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan muomalaga chiqarilgan davlat o'rta muddatli obligatsiyalari hamda Markaziy bank obligatsiyalari bilan birlamchi va ikkilamchi bozorlarda oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish davom ettirildi.

Majburiy rezervlar. 2009 yilda tijorat banklari mijozlarining depozitlar bo'yicha o'rnatilgan majburiy rezerv talablari muomaladagi pul massasini va bank tizimi likvidligini tartibga solishning muhim vositalaridan biri sifatida qo'llanildi, ushbu instrumentning qo'llanilish mexanizmiga kiritilgan o'zgartirishlar uning samaradorligini yanada oshirdi.

Pul massasining maqsadli parametrlaridan kelib chiqqan holda hamda tijorat banklari tomonidan uzoq muddatli depozitlar jalb qilinishini yanada rag'batlantirish maqsadida 2009 yilning 1 sentyabridan majburiy rezervlar normasi tijorat banklari depozitlarining muddatiga qarab tabaqalashtirildi. Jumladan, majburiy rezervlar normasi, muddati 1 yilgacha bo'lgan depozitlar uchun - 15%, muddati 1 yildan 3 yilgacha bo'lgan depozitlar uchun - 12%, muddati 3 yildan ortiq bo'lgan depozitlar uchun - 10,5% miqdorida o'rnatildi.

Shu bilan birga, majburiy rezervlarni hisob-kitob qilish davri bir oydan o'n to'rt kunga qisqartirildi va bu tijorat banklariga likvidlikni yanada samarali va tezkor boshqarish  imkoniyatini bermoqda.


2009 yilda amaldagi va kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqib Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 14 foiz miqdorida ushlab turildi.  Bu esa, o'z navbatida pul bozorida foiz stavkalarining barqarorligini ta'minlashga xizmat qildi.

Shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy mablag'lar bilan ta'minlash va iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi hisobvarag'ida 3,7 mlrd. dollar miqdorida mablag'lar shakllantirilishi ham tashqi omillarning pul massasiga ta'sirini kamaytirishga xizmat qildi.

Foiz stavkalari dinamikasi

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining O'zbekiston iqtisodiyotiga ta'sirini oldini olishga qaratilgan Hukumat qarorlari asosida tijorat banklarining real sektor korxonalarini uzoq muddatli kreditlash bo'yicha resurs bazalarini hamda aholining bo'sh pul mablag'larini bank depozitlariga jalb qilinishini kengaytirish bo'yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tijorat banklarining foiz siyosatiga o'z ta'sirini ko'rsatdi.

Jumladan, o'tgan yilda jismoniy shaxslarning tijorat banklaridagi depozitlari bo'yicha o'rtacha foiz stavkalari yil davomida 14 foiz atrofida saqlanib qoldi.

Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan investitsion loyihalarni, eksport qiluvchi korxonalar va kichik biznes sub'ektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlashga ajratilgan imtiyozli kreditlar hajmining oshishi natijasida 2009 yilda kreditlar bo'yicha o'rtacha foiz stavkasi yil boshidagi 16,4 foizdan yil oxiriga kelib 15,9 foizgacha pasaydi.

Valyuta siyosati

2009 yilda Markaziy bank milliy valyuta barqarorligini ta'minlash borasida aniq maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Valyutani tartibga solishda o'zgarib boruvchi-boshqariladigan almashuv kursi strategiyasining qo'llanilishi tashqi iqtisodiy kon'yunkturaning mamlakatimiz moliya tizimiga salbiy ta'sirini bartaraf etish va ichki valyuta bozorida muvozanatni ta'minlash imkoniyatini berdi.

Markaziy bank milliy valyuta almashuv kursini maqsadli koridor doirasida ushlab turish uchun valyuta bozorida xorijiy valyutalarni sotuvchi va sotib oluvchi sifatida qatnashib, valyuta operatsiyalarini amalga oshirib bordi. Natijada, 2009 yilning oxiriga kelib, bir AQSH dollarining nominal qiymati 1511,4 so'mni tashkil qilib, milliy valyutaning nominal devalvatsiyasi 8,5 foizga teng bo'ldi.

So'mning AQSH dollaridan boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kurslari ushbu valyutalarning tashqi valyuta bozorlaridagi AQSH dollariga nisbatan kurslari va ichki valyuta bozorida so'mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi dinamikasi ostida shakllandi. 2009 yilda so'mning evroga nisbatan devalvatsiyasi 8,0 foizni, yapon ienasi va funt sterlingga nisbatan esa mos ravishda 7,2 va 12,4 foizni tashkil qildi.

O'tgan yilda jahonda ro'y bergan moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramasdan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarning raqobatbardoshligini ta'minlashga qaratilgan valyuta siyosatining yuritilishi hamda Hukumat tomonidan eksportni qo'llab-quvvatlash borasida ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakat tashqi savdo balansida ijobiy saldoga erishilganligi respublikaga xorijiy valyutalar tushumini oshirib, ichki valyuta bozoridagi savdolar hajmini kengaytirish imkonini berdi.

Markaziy bank tomonidan yuqorida qayd etib o'tilgan chora-tadbirlarning amalga oshirib borilganligi natijasida iqtisodiyotning pulga bo'lgan talabi to'liq qondirilgan holda pul-kredit ko'rsatkichlari va inflyatsiyaning belgilangan maqsadli parametrlar doirasida bo'lishiga erishildi.

Kredit institutlarida amalga oshirilgan ishlar

Bank tizimi va uning rivojlanishi       

2009 yilda chuqurlashgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida Hukumatimiz tomonidan 2009 – 2012 yillarga mo'ljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi dastur doirasida bank-moliya tizimining barqarorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi o'zining ijobiy samarasini berdi.

Ko'rilgan tadbirlar qatorida bank tizimining barqarorligini yanada mustahkamlash, banklarning kapitallashuv darajasini, ularning resurs bazasini yanada oshirish orqali bank-kredit tizimining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta'minlash, banklarning iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

Banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash borasida ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida, so'nggi ikki yilda tijorat banklarining umumiy kapitali 2 barobar ko'payib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 3 trln. 10 mlrd. so'mga etdi.

Birgina 2009 yilning o'zida etakchi banklarning nizom jamg'armalarini oshirish uchun qo'shimcha ravishda 500 mlrd. so'mdan ortiq davlat mablag'lari ajratildi.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va qarorlariga asosan Xalq banki, Asakabank, “O'zsanoatqurilishbank”, “Mikrokreditbank”, “Agrobank”, “Qishloq qurilish bank”larning ustav kapitallarini belgilangan parametrlarga etkazish borasidagi ishlar davom ettirilib:

- Davlat tijorat Xalq bankining ustav kapitali 130 mlrd. so'mga;

- “O'zsanoatqurilishbank” aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitali 110 mlrd. so'mga;

- “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitali              150 mlrd. so'mga;

- “Agrobank” aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitali 100 mlrd. so'mga;

- “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitali 90 mlrd. so'mga;

- “Asaka” davlat aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitali 300 mlrd. so'mga etkazildi.

Shuningdek, davlat-tijorat Xalq bankining ustav kapitalini 2009-2012 yillarda 200 mlrd. so'mga, “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik-tijorat bankining ustav kapitalini 150 mlrd. so'mga etkazish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Banklar ustav kapitaliga xususiy kapitalni jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida «Toshkent» RFBning listingiga kiritilgan banklar soni 18 taga etdi va 2009 yil davomida ularning 17,4 mlrd. so'mlik aktsiyalari bevosita fond birjasida investorlarga sotildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunga kelib O'zbekiston bank tizimi xalqaro talablarga javob beradigan barqaror tizimlardan biriga aylanib, ayni paytda u belgilangan qator normativlar bo'yicha mustahkam pozitsiyaga ega bo'ldi.

Xususan, 2010 yilning 1 yanvar holatiga banklar kapitalining etarlilik darajasi 23 foizdan yuqori darajani tashkil etdi va bu banklar nazorati bo'yicha Bazel qo'mitasi tomonidan belgilangan xalqaro me'yordan qariyb 3 barobarga ko'pdir.



Shu bilan birga, xalqaro standartlarga asoslangan samarali bank nazoratining yuritilishi, aktivlarning likvidligi va sifati ustidan doimiy monitoring o'tkazilishi O'zbekistonning tijorat banklariga etakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan ijobiy baho berilishiga xizmat qilmoqda.

Hozirgi paytda umumiy aktivlari mamlakatimiz bank tizimining 90 foizdan ortig'ini tashkil qiladigan 14 ta tijorat banki «Fitch Ratings», «Moody's investors service», “Standart & Poor"s” kabi nufuzli xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” reyting bahosini olishga muvaffaq bo'ldi.

Bank tizimi barqarorligining asosiy omillaridan biri bank tizimining likvidligi hisoblanadi. Ushbu ko'rsatkichning ham etarli darajada saqlanayotgani O'zbekiston banklarini xalqaro miqyosdagi eng ishonchli va barqaror sheriklar qatoridan mustahkam joy olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi paytda bank tizimining umumiy joriy likvidligi banklarning tashqi to'lovlar bo'yicha joriy majburiyatlardan 10 barobar ko'pdir. Bu esa respublikamiz bank tizimining mustahkam himoyasi yaratilganligidan dalolat beradi.

Ayni paytda bank tizimining umumiy aktivlari hajmi aholi va yuridik shaxslarning hisobvaraqlaridagi mablag'lar miqdoridan 2 barobardan ham ortiq bo'lib, bu depozitlarni ishonchli himoya qilish hamda ularga o'z vaqtida va to'la hajmda xizmat ko'rsatishni kafolatlaydi.

Tijorat banklarining jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag'larini bank depozitlariga jalb qilish borasida amalga oshirgan ishlari natijasida mijozlarning banklardagi depozitlari hajmi 2008 yilga nisbatan 1,5 baravarga oshib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 8 703 mlrd. so'mga etdi.

Fuqarolarning tijorat banklari depozit hisobvaraqlaridagi omonatlarining miqdoridan qat'iy nazar to'liq qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlanganligi va aholining kredit tashkilotlaridagi omonatlari hajmini ko'paytirishni rag'batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar aholining bank tizimiga bo'lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Natijada, faqat 2009 yilning o'zida aholining kredit tashkilotlaridagi omonatlari miqdori 1,7 barobar oshib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 2 914 mlrd. so'mni tashkil etdi.


Banklar kapitali va depozitlarining yuqori sur'atlarda o'sishi, o'z navbatida, ularning iqtisodiyotning real sektorini moliyaviy qo'llab-quvvatlashdagi ishtirokini faollashtirishga, bank aktivlari va kredit qo'yilmalari hajmining ko'payishiga ijobiy ta'sir qildi.

Jumladan, banklarning jami aktivlari 2009 yilda 30 foizga oshib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga 15 trln. 703 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Banklar tomonidan real sektorga yo'naltirilgan kredit qo'yilmalari qoldig'i 2009 yilda 34,3 foizga oshib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 8 trln. 558 mlrd. so'mni tashkil etdi. Tijorat banklarining uzoq muddatli kreditlari ulushini oshirish bo'yicha ko'rilgan choralar tufayli 3 yildan ortiq muddatga berilgan kreditlarning banklar kredit portfelining umumiy hajmidagi ulushi hozirgi paytda 69 foizga etdi va so'nggi o'n yilda 28 barobar ko'paydi.


Shu bilan birga, banklarning kredit portfeli tarkibi tubdan o'zgardi. Agar 2000 yilda kredit portfelining qariyb 54 foizi tashqi qarzlar evaziga shakllangan bo'lsa, 2009 yilga kelib, banklarning jami kredit portfelining 84 foizi ichki manbalar hisobidan shakllantirildi. Boshqacha qilib aytganda so'nggi 10 yil ichida iqtisodiyotning real sektorini kreditlashga yo'naltirilgan ichki manbalar 25 barobardan ziyodroq ko'paydi.

Iqtisodiyotning real sektori korxonalariga, tadbirkorlik sub'ektlariga va aholiga kreditlar ajratish, investitsiyalash hajmlarini oshirish bilan bir qatorda banklar tomonidan ularga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish borasida ham tegishli ishlar amalga oshirildi.

Hozirgi paytda respublikada 31 ta tijorat banki faoliyat ko'rsatayotgan bo'lib, shundan 3 tasi davlat-tijorat banki, 13 tasi aktsiyadorlik-tijorat banki, 10 tasi xususiy bank va 5 tasi chet el kapitali ishtirokidagi banklar hisoblanadi. Ushbu banklarning respublika hududlarida 810 ta filiali samarali faoliyat ko'rsatmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 martdagi
PQ-1083-sonli qaroriga asosan qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, qishloq joylarida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishini uzoq muddatli imtiyozli kreditlash tizimini keng joriy etish maqsadida “G'allabank” aktsiyadorlik-tijorat banki negizida “Qishloq qurilish bank” aktsiyadorlik tijorat banki tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 martda PQ-1084-sonli qaroriga muvofiq iqtisodiyotning agrar sektorini yanada barqaror rivojlantirish, qishloq xo'jaligi sohasi sub'ektlarining moddiy va moliyaviy bazasini mustahkamlash, zamonaviy qayta ishlovchi korxonalarni jadal barpo etish, ichki bozorni mahalliy oziq-ovqat tovarlari bilan to'ldirishga yo'naltirilgan keng turdagi bank xizmatlarini ko'rsatish maqsadida “Paxtabank” aktsiyadorlik-tijorat banki “Agrobank” aktsiyadorlik tijorat bankiga aylantirildi.

Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning “Shinxan” banki vakolatxonasi ochildi va 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra yirik xorijiy banklarning respublikamizdagi vakolatxonalari soni 8 taga etdi.

Respublika hududlarida, ayniqsa qishloq joylarida bank infratuzilmasini yanada kengaytirish orqali aholiga va fermer xo'jaliklariga ko'rsatilayotgan bank xizmat turlarini ko'paytirish, ularga bank xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish hamda banklar o'rtasidagi raqobat muhitini yanada kuchaytirish maqsadida, 2009 yilda qo'shimcha 157 ta, shu jumladan qishloq joylarda qo'shimcha 113 ta mini-banklar tashkil etilib, ularning umumiy soni 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 2 318 taga, shu jumladan, qishloq joylarida 1 605 taga etdi.

Shu bilan birga, mijozlarga kassa xizmatlarini ko'rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ularga qulayliklar yaratish maqsadida tashkil etilgan maxsus kassalar soni bir yil davomida 221 taga ortib, 2010 yil 1 yanvar holatiga ko'ra 1 632 tani tashkil etdi.

Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar doirasida amaldagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirib borildi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 6 apreldagi PQ-1090-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda “To'lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo'llash tartibi to'g'risidagi Nizom” ishlab chiqildi.

Ushbu Nizomga binoan terminal o'rnatilishi majburiy bo'lgan savdo va xizmat ko'rsatish korxonalari tomonidan to'lov terminallari bilan jihozlash hamda ulardan foydalanish talablariga rioya qilmaslik holatlari nazorat-kassa mashinalarini o'rnatish va foydalanish tartibi, savdo va xizmat ko'rsatish qoidalarini buzish holatlariga tenglashtirildi hamda ular zimmasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik yuklatildi.

Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida, 2009 yilda banklar tomonidan qo'shimcha 1 mln. 544 ming dona plastik kartochkalar muomalaga chiqarilib, ularning umumiy soni 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 6 mln. 59 ming donaga etkazildi. Shu bilan birga, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlarida o'rnatilgan terminallar soni 2009 yil davomida 33 ming 127 taga oshib, yil oxiriga kelib 60 ming 631 donani tashkil etdi. Plastik kartochkalar bilan amalga oshirilgan to'lovlar miqdori o'tgan yilda 2008 yilga nisbatan 3 baravarga ko'paydi.          

 Shuningdek, 2004 yildan boshlab Markaziy bank huzurida tashkil etilgan Kredit axboroti milliy instituti tomonidan qarz oluvchilarning kredit tarixi va banklararo axborot almashinuvi tizimining samarali ishlashi ta'minlanmoqda. Bu tizim aniq vaqt rejimida ishlab, unga barcha bank filiallari bog'langan hamda yuridik va jismoniy shaxslarning kredit talabnomalarini ko'rib chiqishda ushbu tizimdan majburiy ravishda foydalaniladi.

Bu esa, kreditlash jarayonidagi ma'lumotlar nomutanosibligi, noto'g'ri qaror qabul qilinishining oldini olishga va shu orqali bank tizimida kredit tavakkalchiligini kamaytirish hamda banklarning kredit portfeli sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasida bank tizimida amalga oshirilgan ishlar

Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 18 noyabrdagi PF-4053-sonli va 28 noyabrdagi PF-4058-sonli Farmonlari talablariga muvofiq banklar tomonidan iqtisodiyotning real sektori korxonalarini, xususan kichik biznesni qo'llab-quvvatlash, ularning moliyaviy barqarorligini ta'minlash, eksport salohiyatini oshirish bilan bog'liq ishlar amalga oshirildi.

Xususan, jahon bozorida ayrim mahsulotlar narxlari va ularga bo'lgan talabning pasayishi hisobiga moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan mahsulot eksport qiladigan korxonalarning barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida, ularga aylanma mablag'larini to'ldirish uchun 2009 yilda umumiy miqdori 233 mlrd. so'mlik imtiyozli kreditlar berildi.

Past rentabelli va iqtisodiy nochor korxonalarni tugatish va bu jarayonga tijorat banklarini jalb qilishga qaratilgan ishlar korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirishda muhim rol o'ynadi.

Jumladan, mamlakatimiz bo'yicha, yirik korxonalarni ham qo'shganda, jami bankrot deb e'lon qilingan 240 ta korxonadan 154 tasi yangi mulkdorlarga sotildi, 86 tasi esa tijorat banklari balansiga o'tkazildi.

Tijorat banklari balansiga o'tkazilgan 70 ta iqtisodiy nochor korxonada ishlab chiqarish to'liq qayta tiklanib, istiqbolli sarmoyadorlarga sotildi, qolganlarida moliyaviy sog'lomlashtirish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo'yicha ishlar olib borilmoqda.

Mazkur korxonalarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish hamda ushbu korxonalarni potentsial investorlarga sotish maqsadida banklar tomonidan 57,5 mlrd. so'mlik investitsiyalar kiritildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlariga asosan, 2009 yilga mo'ljallangan iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog'lomlashtirish va faoliyatini tiklash bilan bog'liq tadbirlarning to'liq bajarilishi ta'minlandi.

Iqtisodiy o'sishni ta'minlash, yangi ish o'rinlarini tashkil qilish, aholining daromadlari va farovonligini oshirishda tobora muhim o'rin tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratildi.

 Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasida Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ularga bir qator soliq va kredit imtiyozlarining berilishi ushbu sohaning yanada rivojlanishiga imkon yaratdi.

2009 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga barcha moliyalash manbalari hisobidan ajratilgan kredit resurslarining umumiy hajmi 50 foizga oshib, 1 trln. 852 mlrd. so'mni tashkil etdi. Ushbu kreditlarning 322,1 mlrd. so'mi kichik biznes sub'ektlariga ajratilgan mikrokreditlar bo'lib, bu ko'rsatkich 2008 yilga nisbatan 1,6 baravarga ko'pdir.

Faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub'ektlarining soni 2009 yilda 16,3 mingtaga o'sib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 196,5 mingtaga etib, ular tomonidan yalpi ichki mahsulotning qariyb 50 foizi ishlab chiqarilmoqda.

Bunday natija, birinchi navbatda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik davlat tomonidan doimiy qo'llab-quvvatlanayotganining samarasidir. 2009 yilda kichik sanoat korxonalari uchun yagona soliq to'lovi 8 foizdan 7 foizgacha pasaytirildi, yakka tadbirkorlar uchun esa qayd etilgan soliq miqdori o'rtacha 1,3 barobar kamaytirildi.

Shuningdek, kichik biznes sohasida aholi bandligini yanada oshirish borasida ahamiyatga molik ishlar bajarildi. Jumladan, 2009 yilda kichik biznesda ish bilan band bo'lganlarning jami ish bilan band bo'lgan aholi tarkibidagi ulushi 74,8 foizga etdi.

Nobank kredit tashkilotlarining rivojlanishi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2010 yilgacha O'zbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturi to'g'risida” 2007 yil 8 iyundagi 114-sonli qaroriga asosan Markaziy bank tomonidan respublika xududlarida mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi  tashkilotlar va kredit uyushmalari tizimini rivojlantirish, aholining keng qatlamlariga mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish ko'lamini kengaytirish bo'yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2009 yilda Markaziy bank tomonidan 26 ta kredit uyushmasi, 6 ta mikrokredit tashkiloti va 14 ta lombardlarga faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar berildi.

Natijada, respublika bo'yicha nobank kredit tashkilotlarining umumiy soni 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 183 taga etib, shundan, kredit uyushmalari 103 tani, mikrokredit tashkilotlari 32 tani va lombardlar 48 tani tashkil etdi.

2009 yilda kredit uyushmalari xizmatidan foydalanuvchilar, ya'ni ularning a'zolari soni 53,4 mingtaga yoki 54 foizga ortib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 153,1 mingtaga etdi.

O'tgan yilda kredit uyushmalarining kapitali qariyb 2 barobarga, jalb qilingan depozitlari miqdori 1,9 barobarga, ular tomonidan ajratilgan kreditlari miqdori 1,8 barobarga ortdi. Natijada, kredit uyushmalarining jami aktivlari miqdori 212,1 mlrd. so'mni, kapitali 48,8 mlrd.so'mni, depozitlari miqdori 151,3 mlrd. so'mni va ajratilgan kreditlar qoldig'i 184,1 mlrd. so'mni tashkil qildi.

Shuningdek, 2009 yilda lombardlarning aktivlari 114 foizga oshib, 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra 3 863 mln. so'mni, kredit qo'yilmalari qoldig'i 113 foizga oshib, 3 212 mln. so'mni, kapitali esa 120 foizga oshib, 3 524 mln. so'mni tashkil etdi.

Monetar siyosatning 2010 yilga mo'ljallangan
 maqsad va vazifalari

2010 yilda pul-kredit sohasida va bank tizimida ko'zda tutilgan tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2009 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2010 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag'ishlab 2010 yil 29 yanvarda  o'tkazilgan yig'ilishidagi dasturiy ma'ruzalarida bank tizimi oldiga qo'yilgan dolzarb vazifalarni hamda 2010 yil uchun belgilangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozlarining bajarilishini ta'minlashga qaratiladi.

2009-2012 yillarga mo'ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturida ko'zda tutilgan islohotlarni, jumladan iqtisodiyotni tarkibiy o'zgartirish va diversifikatsiya qilish, bozor infratuzilmasini yanada rivojlantirish, kichik biznesni qo'llab-quvvatlash, eksportni rag'batlantirish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarni davom ettirilishi, 2010 yilda ham iqtisodiy rivojlanishning yuqori va barqaror sur'atlarini, samaradorligini hamda makroiqtisodiy muvozanatni ta'minlaydi.

2010 yilga mo'ljallangan pul-kredit ko'rsatkichlari:

-inflyatsiyaning yillik darajasi 7-9 foiz atrofida bo'lishi;

-YaIMning real o'sishi 8,3 foizni tashkil etishi;

-byudjet taqchilligini YaIMning 1 foizidan oshmagan miqdorida bo'lishi va uning to'liq noinflyatsion manbalar hisobidan qoplanishi;

-tashqi savdo aylanmasi sof qoldig'ining ijobiy bo'lishi kabi prognoz ko'rsatkichlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi.

Xususan, 2010 yil uchun pul massasining maqsadli ko'rsatkichlari iqtisodiyotning 8,3 foizlik o'sishi hisobiga pulga bo'lgan real talabning oshishi va inflyatsiya darajasining 7-9 foiz atrofida ushlab turilishini inobatga olgan holda belgilandi.

2010 yilda jahon iqtisodiyotida prognoz qilinayotgan ijobiy o'zgarishlar, o'z navbatida, O'zbekiston Respublikasi uchun tashqi bozor kon'yunkturasining yaxshilanishi, eksport mahsulotlariga bo'lgan talabning oshishi, strategik ahamiyatga ega bo'lgan eksport tovarlari narxlarining ko'tarilishiga olib kelishi kutilmoqda. Shu bilan bir qatorda, respublikada qulay investitsion muhitning yaratilganligi natijasida muhim strategik loyihalarni amalga oshirish uchun 2010 yilda 3 mlrd. AQSH dollaridan ziyod yoki o'tgan yilga nisbatan 30 foizdan ko'p xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi  prognoz qilinmoqda.

O'z navbatida, Markaziy bank tomonidan tashqi omillar hisobiga pul massasining asossiz o'sishini va ularning inflyatsiya darajasiga ta'sirini oldini olish maqsadida 2010 yilda monetar siyosatning bozor instrumentlaridan keng foydalanilishi davom ettiriladi.

Xususan, Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan sterilizatsiya operatsiyalarining, ya'ni tijorat banklarining bo'sh pul mablag'larini Markaziy bankdagi maxsus depozitlarga va davlat qimmatli qog'ozlariga jalb qilish operatsiyalarining o'rtacha oylik hajmini pul agregatlarining maqsadli ko'rsatkichlaridan kelib chiqib hamda to'lov balansining ijobiy saldosini inobatga olgan holda, 1,4 martagacha oshirish mo'ljallanmoqda.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy mablag'lar bilan ta'minlash hamda jahon bozorida narxlar o'zgarishining ichki bozorga salbiy ta'sirini oldini olish maqsadida tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasiga tegishli mablag'larni jamlash davom ettiriladi. Bu, o'z navbatida, pul massasini maqsadli chegarada ushlab turishga xizmat qiladi.

Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini 2010 yildagi pul-kredit ko'rsatkichlarining maqsadli parametrlaridan va inflyatsion kutilmalardan kelib chiqib 14 foiz miqdorida saqlab turish mo'ljallanmoqda.

2010 yilda valyuta siyosati respublikamizda iqtisodiy o'sishning yuqori sur'atlarini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan eksportni rag'batlantirishga va ichki bozorda tashqi omillar hisobiga narxlar o'sishini kamaytirishga qaratiladi. Ushbu maqsadda 2010 yilda valyuta almashuv kursining maqsadli koridor doirasida bo'lishi ta'minlanadi. Bunda, asosiy e'tibor so'mning real effektiv almashuv kursi dinamikasiga qaratiladi. 2010 yilga belgilangan asosiy pul-kredit ko'rsatkichlarining parametrlari real effektiv almashuv kursining pasayishini ta'minlab, eksportning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Iqtisodiyotning pulga bo'lgan talabini qondirib borish maqsadida pul-kredit sohasida aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Kreditlarning ajratilishida "Inqirozga qarshi choralar dasturi"da belgilangan vazifalarni amalga oshirish,  barqaror iqtisodiy o'sishni va yangi ish o'rinlarini yaratishni ta'minlash maqsadida investitsion loyihalarni moliyalashtirish hamda kichik biznesni qo'llab quvvatlash muhim ustuvorlikka ega bo'ladi.

Ta'kidlash joizki, 2010 yil uchun inflyatsiya darajasining maqsadli ko'rsatkichini ishlab chiqishda 2010 yilda respublikamizda ish haqi va ijtimoiy  to'lovlarning 1,3 martaga oshirilishi hamda jahon bozorida iste'mol mahsulotlari narxlarining o'rtacha 5 foizga o'sishi kabi prognoz ko'rsatkichlar inobatga olingan.

Monetar siyosat instrumentlari va ulardan foydalanish

2010 yilda Markaziy bank muomaladagi pul massasini tartibga solishda monetar siyosatning bozor instrumentlaridan foydalanish bilan bir qatorda ularning samaradorligini oshirib boradi.

Markaziy bank tijorat banklari likvidligining etarli darajada bo'lishini ta'minlash maqsadida vakillik hisobvarag'idagi mablag'larni muntazam ravishda monitoring qilib boradi va ularning optimal darajada bo'lishi uchun barcha zarur choralarni amalga oshiradi.

Majburiy rezervlar normasi bank tizimining moliyaviy barqarorligi va likvidlik darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi, zaruriyat tug'ilganda, o'zgartiriladi.

Bank tizimi likvidligini tartibga solish va moliya bozori barqarorligini ta'minlash maqsadida Markaziy bank ochiq bozordagi operatsiyalarni amalga oshirib boradi. Xususan, bank tizimida ortiqcha likvidlik yuzaga kelgan hollarda, tijorat banklarining bo'sh pul mablag'larini Markaziy bankning maxsus depozitlariga jalb qilish va davlat qimmatli qog'ozlariga joylashtirish bilan bog'liq operatsiyalar amalga oshiriladi.

Bank tizimida vaqtinchalik likvidlik etishmovchiligi holati yuzaga kelganda Markaziy bank likvidlik berish instrumentlaridan, ya'ni davlat qimmatli qog'ozlari bilan amalga oshiriladigan REPO hamda valyutaviy SVOP operatsiyalaridan foydalanadi.

Ichki valyuta bozoridagi barqarorlikni va so'mning almashuv kursining belgilangan koridor doirasida bo'lishini ta'minlash maqsadida Markaziy bank banklararo valyuta bozorida oldi-sotdi operatsiyalarni amalga oshiradi.

Kredit institutlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan
islohotlar va ustuvor yo'nalishlar

2010 yilda bank tizimining ustuvor vazifalari Inqirozga qarshi choralar dasturida joriy yilga belgilangan vazifalarning to'liq bajarilishini ta'minlash, qo'shimcha ravishda bank aktsiyalarini muomalaga chiqarish orqali  banklarning kapitallashuv darajasini oshirish, ularning uzoq muddatli resurs bazasini kengaytirish, bank infratuzilmasini yanada  rivojlantirish, tijorat banklarining investitsion faoliyatini hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashdagi faolligini yanada kuchaytirishdan iborat bo'ladi.

Shu bilan bir qatorda, Hukumat tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq kichik biznes sub'ektlari va aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettiriladi.   

O'z navbatida Markaziy bankning faoliyati bank tizimining barqarorligini ta'minlash,  omonatchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratiladi. Kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish ishlari davom ettiriladi.

Tijorat banklarining investitsion faoliyatini yanada kengaytirish, eksport qiluvchi korxonalarni hamda kichik biznesni qo'llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettiriladi, xususan:

Iqtisodiyotning real sektor korxonalari tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida tijorat banklarining ushbu loyihalarda o'z kredit resurslari bilan faol ishtirok etishlarini ta'minlash, ularni yirik investitsiya institutlariga aylantirish bilan bog'liq chora-tadbirlar amalga oshiriladi.     

Yuqorida ta'kidlangan vazifaning iqtisodiy rivojlantirishning yuqori va barqaror sur'atlarini ta'minlashdagi ahamiyatidan kelib chiqib, tijorat banklarining faoliyatini baholash mezonlarini o'zgartiriladi. Bunda ularning ishi uzoq muddatli kredit qo'yilmalari ulushininng o'sishi va buning uchun ichki manbalarni jalb etish nuqtai nazaridan kelib chiqib baholanadi.  

tijorat banklarining yangi korxonalarni barpo etish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash hamda qishloq joylarida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq investitsion faoliyati yanada kuchaytiriladi. Bu maqsadda tijorat banklarida:

·  investitsion loyihalar hujjatlarini, ayniqsa ularning moliyaviy jihatdan o'zini qoplashi va rentabelligini chuqur tahlil qilish asosida puxta tanlab olish, kompleks baholash hamda sifatli ekspertiza qilishni ta'minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish;

·  tavakkalchilik, garovlar va boshqa ta'minot turlarining bozor qiymatini puxta baholashni hisobga olgan holda, berilgan investitsion kreditlarning o'z vaqtida hamda to'liq qaytarilishini ta'minlaydigan ishonchli mexanizmlardan foydalanishni kengaytirish;

·  investitsion faoliyatni amalga oshirayotgan banklar bo'linmalarini professional tayyorlangan yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlash, ularni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishga doir ishlar davom ettiriladi.  

2010 yilda investitsion loyihalarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan banklar tomonidan 3,2 trln. so'm miqdorida kreditlar ajratilishi prognoz qilinmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi mablag'lari hisobidan 1,4 trln. so'm miqdorida, qishloq joylarida yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun “Qishloq qurilish bank” tomonidan 250 mlrd. so'mdan ortiq kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda;

barqaror eksport salohiyatiga ega korxonalarga imtiyozli kreditlar ajratish hamda ularning bank kreditlari bo'yicha mavjud qarzlarini restrukturizatsiya qilish yo'li bilan ularni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, shuningdek iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog'lomlashtirish, ishlab chiqarish faoliyatini tiklash va ularga yangi investorlarni jalb qilish  borasidagi ishlar yanada kengaytiriladi;

mahsulot ishlab chiqarilishini yanada kengaytirish maqsadida, xom-ashyo va materiallar sotib olish uchun oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga aylanma mablag'larini to'ldirish uchun ajratiladigan kreditlar hajmi oshiriladi;

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni rivojlantirishni moliyalashtirishda banklarning rolini kuchaytirish bo'yicha ishlar davom ettiriladi. Mazkur sohaga 2010 yilda o'tgan yilga nisbatan kredit resurslari miqdorini 1,4 barobarga ko'paytirish, mikrokreditlar hajmini esa 1,3 barobarga oshirish ko'zda tutilmoqda.

“Barkamol avlod yili” dasturi doirasida belgilangan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2010 yilda tijorat banklari tomonidan 3,3 trln. so'mlik kredit mablag'larini yo'naltirish mo'ljallangan.  

Tijorat banklarining resurs bazasini va bank infratuzilmasini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar doirasida:

2010 yilda tijorat banklarining umumiy kapitalini qo'shimcha aktsiyalarni fond birjasida joylashtirish orqali kamida 20 foizga oshirish, yaqin ikki yilda esa uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan hajmini 10 foizga etkazish;

banklardagi aholi mablag'lari hajmining bir maromda o'sib borishini ta'minlash va doimiy ravishda yangi jozibador omonat turlarini taklif etib borish, xususan 2010 yilda aholi va xo'jalik sub'ektlarining bo'sh mablag'larini banklarning uzoq muddatli depozitlariga jalb etishni kamida 30 foizga ko'paytirish va bu yo'nalishda banklararo raqobatni yanada kuchaytirish;

tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasini mustahkamlash uchun tijorat banklari tomonidan 2009-2010 yillarga mo'ljallangan, yuridik shaxslar o'rtasida joylashtiriladigan 200 mlrd. so'mdan kam bo'lmagan hajmdagi uzoq muddatli obligatsiyalar chiqarishni yakunlash;

naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish, plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qilish ko'lamini va sifatini oshirish bilan bog'liq ishlarni davom ettirish, aholining plastik kartochkalar orqali muomala qiladigan depozitlarining sonini oshishini rag'batlantirish;

qishloq joylarida bank xizmatlari sifatini oshirish va hajmini kengaytirish, xususan mini-banklar va maxsus kassalar faoliyatini takomillashtirish orqali bank xizmatlaridan foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish, bank tuzilmalari sonini yanada ko'paytirish;

yakka tartibdagi baholash milliy reytingiga va xalqaro reyting kompaniyalarining reytinglariga ega bo'lish borasidagi ishlarni davom ettirish;

hisobvaraq egasiga ma'lumot olish va bank hisobvarag'ini elektron aloqa orqali real vaqt rejimida boshqarish imkonini beruvchi zamonaviy dasturiy mahsulotlar va texnologiyalarni joriy etish hamda to'lov instrumentlari, ma'lumotlarni qabul qilish, nazorat va qayta ishlash tartibini xalqaro tajribaga moslashtirish yo'li bilan to'lovlar va pul o'tkazmalarini amalga oshirish qoidalarini takomillashtirish ishlari amalga oshiriladi. 

Kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solishni kuchaytirish borasidagi asosiy e'tibor quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratiladi:

kredit tashkilotlarida likvidlik bilan bog'liq tavakkalchillikni boshqarish tizimi holatini baholash va boshqarishdagi yondashuvlarni, kredit operatsiyalari va shartnomalarni amalga oshirish chog'ida kredit tashkilotlari tomonidan qo'llaniladigan tavakkalchilik boshqaruvini takomillashtirish;

umumlashtirilgan asosda banklarning iqtisodiy holatini baholash nazoratining sifatini yaxshilash, banklar faoliyatida yuzaga keladigan muammolarni dastlabki bosqichlarda aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlarning o'z vaqtida va to'liq qaytarilishi yuzasidan ularning ma'suliyatini oshirish hamda nazorat ishlarini kuchaytirish, shu bilan birga tavakkalchilikni boshqarishda sug'urta mexanizmlaridan foydalanishini keng yo'lga qo'yish;

kredit tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, banklarda korporativ boshqaruv darajasini yanada oshirish, ularni boshqarish usullarini takomillashtirish va kredit tashkilotlari aktsiyalarining investorlar tomonidan sotib olinishini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

banklarni inspektsiya qilishda asosiy e'tibor kredit tashkilotlari faoliyatidagi bank tizimi barqarorligi, kredit tashkilotlari omonatchilari hamda kreditorlarining qonuniy manfaatlariga xavf soluvchi vaziyatlar va moliyaviy holatidagi beqarorlik belgilarini aniqlashga, jumladan, quyidagilarga  jiddiy e'tibor qaratiladi:

- kredit tashkilotlari tomonidan kredit xatarini, uning kredit tashkilotlari kapitali va umumiy moliyaviy barqarorligiga ta'sirini baholash mexanizmlarining to'g'ri yo'lga qo'yilishini ta'minlashga;

- kredit tashkilotlarining buxgalteriya hisobi va hisobotlarida muddati o'tgan qarzdorlik hamda kreditlar bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlar uchun etarli zahira shakllantirishning haqqoniy aks ettirilganligini aniqlashga;

- kredit tashkilotlarida qo'llanilayotgan likvidlik holatini va likvidlikni yo'qotish xatarini baholash uslublari hamda likvidlikni boshqarish vositalarini tahlil qilishga;

- banklar tomonidan mijozlarning hisobvaraqlariga mablag'larni o'tkazish va ko'chirishning o'z vaqtida amalga oshirilishini, ayniqsa, jalb etilgan aholi omonatlari va ularga hisoblangan foizlarning shartnomada belgilangan muddatlarda qaytarilishi borasidagi qonunchilik talablariga banklar tomonidan qat'iy rioya etilishini ta'minlashga;

- shubhali operatsiyalarni, jumladan, Markaziy bank tomonidan o'rnatilgan kapital etarliligi va boshqa iqtisodiy normativlar ko'rsatkichlarini soxta bajarish maqsadida kapital miqdorini, o'tkazish lozim bo'lmagan aktivlar hisobiga oshirishga qaratilgan hisob-kitoblarni amalga oshirishning sxemalarini aniqlashga;

- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishini ta'minlashga;

- banklardagi ichki audit tizimini, bank tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatning bankning ichki siyosati, biznes-rejasi va qonunchilikka mosligi hamda xatarlilik darajasi borasidagi haqqoniy ma'lumotlar, tahlillar va tavsiyalar bilan bank Kengashini tezkor ta'minlash borasidagi ularning vazifalarini bajarishi va berilgan tavsiyalarning to'liq bajarilganligini talabchan baholashga qaratiladi.

Nobank kredit tashkilotlari tizimini rivojlantirish borasida:

nobank kredit tashkilotlari tarmog'i infratuzilmasini rivojlantirish, respublika hududlarida, ayniqsa, chekka mintaqalarda nobank kredit tashkilotlari tarmog'ini kengaytirish va bu orqali aholining keng qatlamiga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatilishini faollashtirish;

nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga doir amaldagi qonunchilik bazasini takomillashtirish hisobiga nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimini xalqaro tajribaga moslashtirish choralari ko'riladi;

nobank kredit tashkilotlarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, ular o'rtasida raqobat muhitini kuchaytirish choralarini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratiladi;

mikrokredit tashkilotlari va kredit uyushmalari milliy assotsiatsiyasining institutsional salohiyatini oshirishga doir ishlar amalga oshiriladi.