O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ

Bosh sahifa > Savol-javoblar >

Yangilangan sana: 07.02.2012

Savol: Byudjet tashkilotida ishlayman. Yaqinda bizga xizmat ko'rsatuvchi bank tomonidan  plastik kartochkalar taklif qilindi. Shu sababdan menda ikkita savol tug'ildi.
             1. Bugungi kunda plastik kartochkalarning O'zbekistonda rivojlanishi qay tarzda?
             2. Plastik kartochkalardan qanday va qaerlarda foydalanish mumkin? Sh.Bo'ronov, Samarqand viloyati

Javob: Ta'kidlash joizki, Yurtboshimiz boshchiligida amalga oshirilgan sa'y-harakatlar natijasida, respublikamizda ham jahon andozalari talablariga mos zamonaviy yangi bank xizmat turlaridan biri bo'lgan plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qilish tizimi yaratildi.

Plastik kartochkalar bu - zamon talabi, shuning uchun har bir tijorat banki o'z mijozlariga jahon talablariga javob beradigan zamonaviy bank xizmatlarini ko'rsatishga intilmoqda. 

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tijorat banklari depozitlariga aholi va xo'jalik sub'ektlari bo'sh pul mablag'larini jalb etishni yanada rag'batlantirish qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida» 2009 yil 6 apreldagi, «Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» 2006 yil 3 avgustdagi hamda Vazirlar Mahkamasining «Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida» 2004 yil 24 sentyabrdagi qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida, respublikada plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. 

Tijorat banklari tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishni yanada jadallashtirish maqsadida shahar va tuman hokimliklari, manfaatdor idoralar, kompaniyalar, uyushmalar bilan birgalikda qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2009 yil 1 sentyabr holatiga tijorat banklari tomonidan jami 5 mln. 300 dan ortiq plastik kartochkalar muomalaga chiqarildi va ulardan plastik kartochka egalari samarali foydalanishi uchun 36 ming 900 dan ortiq savdo va xizmat ko'rsatish sohasi ob'ektlarida hisob-kitob terminallari o'rnatildi.

Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimi yildan yilga shiddat bilan rivojlanib borayotganini, muomaladagi plastik kartochkalar hamda savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlariga o'rnatilgan terminallar soni keskin o'sib borishidan ham anglash mumkin. 

Jumladan, o'tgan yilning 1 sentyabriga nisbatan tijorat banklari tomonidan muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 30 foizga, o'rnatilgan terminallar soni esa 99 foizga oshgan.

Shu bilan birga, o'tgan yilning 1 sentyabriga nisbatan bankomat va terminallar orqali amalga oshirilgan amaliyotlar 3 baravarga ko'paydi.

O'z navbatida, tijorat banklari tomonidan hozirgi kundagi savdo va xizmat ko'rsatuvchi ob'ektlarning terminallarga bo'lgan ehtiyojlarini bosqichma-bosqich joriy yil oxirigacha to'liq qondirish yuzasidan kerakli ishlar olib borilmoqda. 

Hukumat tomonidan plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 2010 yilning 1 yanvarigacha tijorat banklari tomonidan savdo va xizmat ko'rsatuvchi ob'ektlarga o'rnatilgan terminallar sonini 60 mingtaga etkazish plastik kartochka egalariga yanada qulayliklar yaratish yuzasidan barcha zaruriy choralar belgilab olingan.

Bundan tashqari, plastik kartochkalar yordamida to'lovlarni qabul qiluvchi  terminallar bilan ta'minlanishi kerak bo'lgan chakana savdo va pullik xizmatlar sohasi ob'ektlari ro'yxatini kengaytirish va ularni bosqichma-bosqich to'lov terminallari bilan jihozlash choralari ko'rilishi ko'zda tutilmoqda.

Ikkinchi savolingizga javob berish uchun, plastik kartochka o'zi nima, undan foydalanishning qanday qulay va afzalliklari borligi to'g'risida to'xtalishga to'g'ri keladi..

Plastik kartochka xarid qilingan tovar va ko'rsatilgan xizmat uchun naqd pulsiz hisob-kitob qilishning zamonaviy, ishonchli va qulay vositasidir.

Ya'ni, bank sizga hisobvaraq ochgan holda pulingizni plastik kartochkaga tushiradi va u orqali to'lov uchun pul ko'chirish amaliyotini bajaraverasiz. Plastik kartochkalardan to'lovlarni qabul qilish uchun maxsus uskuna (terminal) mavjud bo'lib, u barcha tijorat banklari kassalarida, shuningdek, bank bilan shartnoma tuzgan savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalarida o'rnatilgan. Plastik kartochkalardagi mablag'ingizni bank kassalari yoki bankomatlarda naqd pul ko'rinishida olishingiz ham mumkin.

Shuni alohida qayd etish lozimki, plastik kartochkaning juda ko'p qulayliklari bor, xususan:

hisob-kitoblarning tezkorligi, ya'ni sizning navbatda turib yoki kassa oldida naqd pulingizni bir necha bor sanashga sarf qiladigan vaqtingizni tejaydi, shuningdek har qanday joyda va istalgan vaqtda masofadan turib to'lovni amalga oshirish mumkin;

bank kartochka hisobvarag'ida turgan pullaringizga hisoblanadigan foiz ko'rinishida qo'shimcha daromad olasiz. Hozir tijorat banklari tomonidan plastik kartochkalardagi mablag'larga eng kamida yillik 14 foiz ustama haqi to'lanmoqda;

pulni yo'qotib qo'yish, o'g'irlatish yoki ularni sanashdagi xatolar bilan bog'liq xatarlar plastik kartochka orqali amalga oshiriladigan muomalada mavjud emas.

Plastik kartochkalar hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalaniladigan axborotni o'zida saqlab qoladi. Barcha xaridlar va ko'rsatilgan xizmatlar uchun amalga oshirilgan to'lovlar to'g'risidagi ma'lumotlarni yodda tutishga zarurat qolmaydi. Chunki maxsus uskuna yordamida plastik kartochkadagi pulning harakati to'g'risida bir necha soniyada ma'lumot olish mumkin.

Shuni ham qayd etish lozimki, plastik kartochka, berilgan hudud va tijorat bankidan qat'iy nazar, respublikamizning barcha hududlari va tijorat banklarida amal qiladi, eng muhimi, oylik ish haqini plastik kartochkada olayotgan fuqaro mehnat ta'tilida yoki xizmat safarida bo'lsa ham unga o'z vaqtida ish haqini istalgan tijorat bankida o'rnatilgan kassa terminallari orqali olish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Agar e'tibor qaratadigan bo'lsak, plastik kartochkalar nafaqat tovar xarid qilayotgan yoki ko'rsatilgan xizmatga haq to'layotgan fuqarolarga, balki barcha xo'jalik yurituvchi sub'ektlar uchun ham mehnatga haq to'lash tizimini soddalashtiradi va pirovardida mamlakatda to'lov intizomini mustahkamlaydi.

Endi plastik kartochkalardan foydalanish qoidalari to'g'risida qisqacha to'xatilib o'tsak.

Birinchi navbatda plastik kartochka egasining hisobiga kelib tushgan pul mablag'laridan foydalanish uchun avvalambor ularni bank kartochkasiga o'tkazish («zagruzka» qilish) kerak bo'ladi. Buning uchun plastik kartochka egalari bank xodimlariga murojaat qilishlari yoki o'zlari mustaqil ravishda bankomatdan foydalangan holda bank kartochkasiga o'tkazishlari mumkin.

Plastik kartochka egalari mazkur plastik kartochkalardagi mablag'lardan:

tijorat banki va uning filiallari (mini-bank, kassa)dan yoki bankomatlardan naqd pul mablag'larini olishlari uchun;

savdo va xizmat ko'rsatish obektlarida xarid qilingan mahsulot yoki ko'rsatilgan xizmatlar uchun haq to'lashda yoki plastik kartochkani jamg'arma sifatida o'z mablag'larini ko'paytirish vositasi sifatida foydalanishlari mumkin.

 1-holatda, kartochka egalari hisobidan pul mablag'larini echish operatsiyasi, bank kassalarida kassir-terminali yordamida yoki bankomat orqali bajarilishi mumkin.

Plastik kartochka egasi hisobidan pul mablag'larini echish bank kassasida quyidagi harakatlar ketma-ketligini nazarda tutadi:

kartochka egasi bank xodimiga plastik kartochkani taqdim etib, o'zi uchun zarur bo'lgan summani aytadi;

dastavval bank xodimi plastik kartochkaning tashqi ko'rinishini, uning raqamini, amal qilish muddatini, egasining ismi va sharifini, imzosi mavjudligini tekshiradi;

bank xodimi kassir terminali yordamida mijoz plastik kartochkasidan zarur bo'lgan elektron pullarni echish operatsiyasini amalga oshiradi (bunda plastik kartochka egasi mustaqil ravishda kassir terminalning PIN-klaviaturasida pul mablag'larini echish uchun o'zining maxfiy kodini kiritadi), so'ngra mijozga kassir terminalidan olingan, o'tkazilgan operatsiyaning to'g'riligini tasdiqlovchi qog'oz chekni va zarur naqd pul mablag'larini beradi.

Bankomatlardan foydalangan holda naqd pul olinishida esa quyidagi amaliyotlar bajariladi.

Avvalombor, plastik kartochka egasi plastik kartochkasini bankomatning axborotlarni o'qiydigan qurilmasiga kiritadi. Shundan so'ng bankomat monitorida operatsiyalar menyusi paydo bo'ladi va unda kartochka egasiga quyidagi operatsiyalardan birini tanlash taklif etiladi:
- naqd pul berish;
- kartochkaga mablag'larni o'tkazish;
- kartochka parolini o'zgartirish;
- kartochka balansini olish;
- kartochka orqali amalga oshirilgan operatsiyalar tarixi;
- pul mablag'larini kartochkaning yopiq hisobidan ochiq hisobiga o'tkazish.

Plastik kartochka egasi «Naqd pul berish» operatsiyasini tanlaydi va bankomatning tegishli funktsional klavishasini bosadi.

Plastik kartochka egasi «Naqd pul berish» operatsiyasini tanlaganidan so'ng, u asosiy menyuda ko'rsatilgan summani yoki mijoz klaviaturasi yordamida kerakli summani kiritish mumkin, shundan so'ng bankomat kartochka egasidan kartochkadan pul mablag'larini echish uchun maxfiy parolini so'raydi. Kartochka egasi mijoz klaviaturasi yordamida  maxfiy parolni kiritganidan so'ng, kartochka egasi tomonidan kiritilgan maxfiy parol bilan kartochkada saqlanayotgan parolni taqqoslash amalga oshiriladi.

Plastik kartochka egasi tomonidan parol to'g'ri kiritilganidan so'ng, bankomat naqd pul hamda bajarilgan moliyaviy operatsiya to'g'risida chek beradi va kartochkani egasiga qaytaradi. Shu bilan bankomat orqali naqd pul echish amaliyoti tugatiladi.

2-holatda, savdo va xizmat ko'rsatish obektlarida xarid qilingan mahsulot yoki ko'rsatilgan xizmatlar uchun plastik kartochka orqali haq to'lashda mas'ul xodim (sotuvchi) terminal yordamida plastik kartochkadan olinishi zarur bo'lgan pullarni echish operatsiyasini amalga oshiradi (bunda plastik kartochka egasi mustaqil ravishda kassir terminalning PIN-klaviaturasida pul mablag'larini echish uchun o'zining maxfiy kodini kiritadi), so'ngra plastik kartochka egasiga terminaldan olingan operatsiyaning to'g'riligini tasdiqlovchi qog'oz cheki beriladi.

Savol: O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va O'zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo'mitasining qarorlariga asosan 2009 yil 6 avgustdan boshlab, mamlakatimizdagi barcha savdo ob'ektlari plastik kartochkalar bo'yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun terminallarga ega bo'lishi majbur. Bu erda savdo ob'ektlariga qaysilar kiradi? Ushbu holatdan istisno bo'lgan savdo-sotiq joylari ham bormi? A.H. Ibragimov, tadbirkor, Toshkent shahri

Javob: To'g'ri, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Davlat soliq qo'mitasi bilan birgalikda «To'lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo'llash tartibi to'g'risida»gi Nizom ishlab chiqildi va Adliya vazirligida 2009 yil 27 iyulda 1986-son bilan davlat ro'yxatiga olindi. Mazkur Nizom joriy yilning 6 avgustidan kuchga kirdi. 

Mazkur Nizomga muvofiq, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari - mulkchilik shakllaridan, sotuv hajmidan, inshootning o'lchamidan va hokazolardan qat'iy nazar, tovarlar sotish va xizmatlar ko'rsatishga mo'ljallangan (moslashtirilgan) joy yoki inshoot.

Nizom talablariga ko'ra quyidagi savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlarida to'lov terminali majburiy o'rnatilishi lozim:

aviatsiya va temiryo'l pattalarini sotish kassalari;

uy-joy kommunal xizmatlar ko'rsatuvchi korxonalar huzurida ochilgan aholidan to'lovlarni qabul qilish shaxobchalari;

telefon, shu jumladan uyali aloqa telefonlari xizmatlari uchun to'lovlarni qabul qilish shaxobchalari;

aholidan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni qabul qilish shoxobchalari;

avtomobillarga yonilg'i quyish shoxobchalari;

savdo zali maydoni 150 kvadrat metrdan ortiq bo'lgan turg'un savdo shoxobchalari;

restoranlar;

ish haqi to'lash plastik kartochkalardan foydalanib amalga oshiriladigan korxonalar va muassasalardagi umumiy ovqatlanish ob'ektlari;

mehmonxonalar;

aloqa bo'limlari.

Mazkur savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari rahbarlari to'lov terminallarining uzluksiz ishlashini ta'minlashlari shart.

Savol:  Terminallar o'rnatilgan supermarketlar va boshqa do'konlarda ba'zi mahsulotlarning narxi boshqa joylardagidan ko'ra sezilarli darajada baland. Bunday tovarlarni (ayniqsa, dehqonchilik mahsulotlari) bozordan naqd pulga xarid qilish ancha arzon. Terminallar bozorlarga ham o'rnatilishi mumkinmi? Bu borada qanday muammo va qiyinchiliklar mavjud? I.Sotiboldiev, Qo'qon shahri

Javob: Shu o'rinda bir narsaga urg'u berib o'tish lozim, plastik kartochka asosida naqd pulsiz-hisob kitoblarni amalga oshirilishida hech bir fuqaroni o'zlari istagan savdo ob'ektlaridan xarid qilish erkinliklari chegaralab qo'yilmaydi. Har bir plastik kartochka egasi o'z ehtiyojini qondirish uchun o'zi istagan savdo ob'ektlaridan xohlagan tovarlarni sotib olishi mumkin. Agar mazkur savdo ob'ektlarida terminallar o'rnatilmagan bo'lsa, plastik kartochkadagi mablag'larni plastik kartochka egalari bank kassalaridagi terminallar yoki bankomatlardan naqd pul olish orqali xarid qilishlari mumkin. 

Bundan tashqari, hozirgi kunda plastik kartochka egalariga qulayliklar yaratish maqsadida, tijorat banklari tomonidan dehqon bozorlarida tashkil etilayotgan yarmarkalarda terminallar o'rnatilgan bo'lib, mazkur terminallar orqali meva hamda sabzovat mahsulotlarini xarid qilinishi tashkil etilgan.

Savol: Aytingchi, plastik kartochkalardan to'lanayotgani bois sotuvchi tovarga ustama foiz qo'yishi mumkinmi? Bunday holatlar bugungi kunda uchrab turibdi. B.Shermuxamedov, Toshkent shahri.

Javob:  Ustama haq o'rnatishga haqi yo'q, albatta. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan Davlat soliq qo'mitasi tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan «To'lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo'llash tartibi to'g'risida»gi Nizom talablariga ko'ra, bank plastik kartochkalari orqali to'lovlar amalga oshirilganda tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari asossiz ravishda oshirilishiga yo'l qo'yilmaydi.

Xattoki bunday salbiy holatlar, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O'zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ga muvofiq, Ma'muriy javobgarlik va Jinoyat kodekslariga asosan, javobgarlikka tortilishiga sabab bo'ladi.

Agar plastik kartochkadan foydalanuvchilar narxni sun'iy ravishda oshirish yoki plastik kartochkani qabul qilishdan bosh tortish holatlariga duch kelsa, bevosita Davlat soliq qo'mitasi va Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash davlat qo'mitasining joylardagi bo'linmalariga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin.

Savol: Men yaqindan boshlab plastikdan foydalana boshladim. Shu orada menda ikkita savol paydo bo'ldi. Birinchisi, plastik kartochkadan mablag'ni echayotganda banklar pulning qancha foizini olib qolishga haqli? Shu o'rinda qaysi bankning  bu stavkalari qanchadan belgilanganini bilmoqchiman.
            Ikkinchi savolim, bir bankning plastik kartochkasidagi mablag'ni boshqa bank bankomatidan echib olish mumkinmi? B.Tojiev, Surxondaryo viloyati

Javob: Shuni alohida qayd etish lozimki, tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish maqsadida, yagona tariflar ishlab chiqilgan bo'lib, hozirgi kunda barcha tijorat banklari mazkur yagona tariflar bo'yicha plastik kartochkalar asosida hisob-kitoblarni amalga oshirmoqda.

Xususan, mazkur yagona tariflarga ko'ra, plastik kartochka egalari xizmat ko'rsatuvchi bank kassalaridan ish haqi loyihasi bo'yicha naqd pul olish amaliyotlarini amalga oshirganlarida xizmat haqi olinmaydi.

Plastik kartochkaga qonunchilikda belgilangan tartibda turli maqsadlarda, masalan, ijara haqi, avtomobil yoki bino sotishdan naqd pulsiz shaklda kelib tushgan mablag'larni bank kassalaridan naqd pul shaklida olinayotganda shartnoma shartlariga muvofiq, lekin olingan mablag'ning 0,5 foizidan oshmagan miqdorida xizmat haqi olinishi mumkin.

Ikkinchi savolingizga, albatta mumkin, deb javob beramiz. Plastik kartochka qaysi tijorat banki tomonidan emissiya qilinganidan qatiy nazar, ular orqali to'lovlar respublikaning barcha hududlarida istalgan terminallarda qabul qilinadi.

Bu degani, siz bir bankning plastik kartochkasiga ega bo'lib, boshqa tijorat banki tomonidan o'rnatilgan terminal orqali bemalol to'lovlarni yoki bankomatdan naqd pul olish amaliyotlarini amalga oshirishingiz mumkin yoki aksincha.

Savol: Oylik maosh haqidan plastikka tushirilgan va boshqa yo'llar orqali plastikka tushirilgan naqd pulsiz to'lovlar o'rtasida imtiyozlar, foizlar borasidan farq mavjudmi? B.Murodaliev, Andijon viloyati

Javob: Bor, ish haqi loyihalari asosida plastik kartochkalar orqali bajariladigan amaliyotlar bo'yicha banklar tomonidan xizmat haqlari olinmaydi. Naqd pulsiz shaklda kelgan mablag'larni bank kassalaridan naqd pulda olishda shartnoma shartlaridan kelib chiqib, banklar tomonidan olinayotgan mablag'ning 0,5 foizigacha miqdorida xizmat haqlari undirilishi mumkin.

Savol: Men Toshkent shahrida yashayman. Jamoat transportidan foydalanaman. Hozirgi paytda barcha metrostantsiya bekatlari terminallar bilan to'liq ta'minlanmagan. Boshqa transport vositalarida ham terminallar qo'yish rejalari bormi? A.Akbarov, xizmatchi

Javob: Butun mamlakatda biryo'la hammani plastik kartochkadan foydalanishga o'rgatish va hamma joyda terminal qo'yish uchun katta mashaqqat va juda ko'p miqdorda mablag' talab etiladi. Shu sababli plastik kartochkalar tizimini rivojlantirish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari rahbarlari to'lov terminallarining uzluksiz ishlashini ta'minlashlari shart. To'lov terminali texnik yoki dasturiy nosoz holatga kelib qolganda, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari rahbarlari o'n kun muddat ichida to'lov terminallarini soz holatga keltirish choralarini ko'rishlari lozim.

Shuni ham ta'kidlash lozimki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tijorat banklari depozitlariga aholi va xo'jalik sub'ektlari bo'sh pul mablag'larini jalb etishni yanada rag'batlantirish qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida» 2009 yil 6 apreldagi, «Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» 2006 yil 3 avgustdagi hamda Vazirlar Mahkamasining «Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida» 2004 yil 24 sentyabrdagi 445-sonli qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida, respublikada plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. 

Hukumat tomonidan plastik kartochkalar bo'yicha naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan, Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, Davlat soliq qo'mitasi hamda O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, tijorat banklari  hamda Markaziy bank zimmalariga yuklatilgan.

Savol: Savdo ob'ektlarida plastik kartochkalar qabul qilinmasa ularga nisbatan qanday jazo qo'llaniladi?  X.Hakimov, tadbirkor, Sirdaryo viloyati.

Javob:  Savolingiz o'rinli. Ha, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va pullik xizmat ko'rsatish korxonalarida tijorat banklari tomonidan xorijiy valyuta mablag'lari evaziga olib kelingan terminallarni ataylab ishlatmaslik holatlari  uchrab turibdi.

Shu bilan birga, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari tomonidan turli vajlar bilan hisob-kitob terminallari orqali to'lovlarni qabul qilishdan bosh tortish, tovar va xizmatlar plastik kartochkalar orqali alohida, naqd pulda alohida narxda sotish holatlari ma'lum bo'lmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan Davlat soliq qo'mitasi birgalikda ishlab chiqqan «To'lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo'llash tartibi to'g'risida»gi Nizom talablariga ko'ra, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlarida bank plastik kartochkalari orqali to'lovlarni qabul qilish bo'yicha to'lov terminallarining mavjudligi va ulardan majburiy ravishda foydalanish ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Nizom talablariga ko'ra, savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlarining sotuvchi-xodimlari tomonidan to'lov terminallaridan foydalanishni bilmaslik sababi bilan bank plastik kartochkalari orqali to'lovlarni qabul qilmaslik holati savdo va xizmat ko'rsatish qoidalarining buzilishi deb hisoblanadi.

Savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlari sotuvchi-xodimlari (mas'ul shaxslar) tomonidan to'lov terminalining nosozligi bahona qilinib, bank plastik kartochkalari orqali to'lovlar qabul qilinmasa, ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Shu o'rinda ta'kidlash o'rinliki, plastik kartochkada xizmat ko'rsatish tadbirkorlik sub'ektlari uchun  foydalidir. Bu borada Hukumatimiz tomonidan imtiyozlar belgilangan. Xususan, Prezidentimizning "Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2006 yil 3 avgustdagi qaroriga asosan xizmat ko'rsatish sohasi korxonalariga plastik kartochkalar  qo'llanib to'langan hajmdan amaldagi stavkaga nisbatan 10 foiz pasaytirilgan stavka bo'yicha daromad (foyda) solig'i to'laydilar.

Savol: Banklar tomonidan oylik maoshi yoki nafaqalarni 100 foiz plastik kartochkaga o'tkazilishi qonuniymi? S.Po'latov, Samarqand viloyati

Javob: O'zbekiston Respublikasinin Fuqarolik kodeksi 773-moddasiga asosan mijoz bankdagi hisobvaraqda turgan o'z pul mablag'larini mustaqil tasarruf etadi.

Bank mijozning pul mablag'laridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablag'larini o'z xohishiga ko'ra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvarag'i shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas.

Mijozning bankdagi hisobvaraqda turgan pul mablag'lari Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd pul shaklida olinishi mumkin.

Shuning uchun, fuqarolar o'zlarining ixtiyoriy arizalariga ko'ra qonuniy daromadlarini bir qismini yoki to'liqligicha milliy valyutadagi plastik kartochkalarga o'tkazishi mumkin.

Bunda, tijorat banklari tomonidan plastik kartochkalarni foydalanishga berilishi banklar hamda uning mijozlari o'rtasida yozma shaklda tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.

Savol: Plastik kartochka yo'qotilganda yoki yaroqsiz holga kelib qolganda uni yangisiga almashtirib berish uchun kartochka egasidan pul talab qilinishi to'g'rimi? Jarimani aniq miqdori belgilanganmi? K.Po'latova, Toshkent shahri

Javob: O'zbekiston Respublikasining Prezidentining 2010 yil 19 apreldagi PQ-1325-sonli Qarorining 6-bandiga asosan Markaziy bank O'zbekiston banklar assotsiatsiyasi bilan birgalikda tijorat banklarining so'mli bank plastik kartochkalari orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar to'lov tizimida mijozlarga xizmat ko'rsatish bo'yicha yagona tariflar ishlab chiqishi hamda  ularga rioya qilishi ustidan tizimli monitoring o'rnatishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, 2011 yilning 5 dekabrida Markaziy bank O'zbekiston banklar assotsiatsiyasi bilan birgalikda "Banklararo to'lov tizimida mijozlarga xizmat ko'rsatishda milliy valyutada emissiya qilingan plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishda bank va nobank kredit tashkilotlari tomonidan amal qilinishi lozim bo'lgan tariflar Rejasi” ishlab chiqilgan (Markaziy bankning cbu.uz saytida ushbu ma'lumotlar joylashtirilgan).

Ushbu tariflar Rejasining 2.1-bandiga asosan yo'qotilgan yoki shikastlangan plastik kartochkalarini qaytadan emissiya qilishda, ya'ni yangi plastik kartochkaga almashtirib berish jarayonida jismoniy shaxslardan Markaziy bankning kursi bo'yicha 5 evro (2012 yilning 25 yanvar holatiga 11584 so'm 82 tiyin) miqdorida xizmat haqi undiriladi.

Savol: Viza kartochkalarining banklarning boshqa plastik kartochkalaridan nima farqi bor? Ular bilan bog'liq qandaydir cheklovlar mavjudmi? Viza kartochkalari halqaro kuchga egami? M.Olimov, Sirdaryo viloyatidan

Javob: VISA - plastik kartochkalar boshqa plastik kartochkalaridan On-line rejimida ishlashi bilan farqlanadi. Plastik kartochka hisob raqamidagi qoldiq mablag'larni hamda savdo pullik xizmat ko'rsatish sohalarida amalga oshirilgan to'lovlarning harakatini nazorat qilib turish imkoniyati mavjud.

DUET – tizimida esa bank plastik kartochkalari elektron xamyon vazifasini bajarib, mijoz o'z hisobraqamidagi mablag'larini terminal, bankomat yoki infokioskalar yordamida plastik kartochkaga ko'chirib oladi. Ushbu tizimda ishlovchi plastik kartochkalardagi mablag'larni begona shaxslar tomonidan soxtalashtirish va ruxsatsiz foydalanishiga yo'l qo'ymaydi.

Shuningdek, VISA plastik kartochkalari (O'zsanoatqurilishbankning “so'm”li kartalaridan tashqari) xalqaro ko'lamda foydalanishga mo'ljallangan bo'lib, undagi mablag'lar xarakati xorijiy valyutada amalga oshiriladi.

Savol: Kommunal to'lovlarni to'lab kelish uchun plastik kartochkamni o'g'limga bergandim. Ammo jamg'arma kassasi xodimi plastik o'g'limga tegishli bo'lmagani uchun to'lovni amalga oshirmabdi. Mening plastik kartochkamdan oila a'zolarim foydalanishi mumkin emasmi? Plastik kartochka qanday holatda, nega “blokirovka”ga tushib qoladi? D.Sharipov, Sirdaryo viloyati Guliston shahri

Javob: O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011 yil 25 iyundagi 19/2-sonli Qarori bilan “Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni O'zbekiston Respublikasida muomalada bo'lishi tartibi to'g'risidagi Nizom”ga o'zgartirishlar kiritilib, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 13 iyulda 1344-2-son bilan davlat ro'yxatiga olindi (2011 yiling 23 iyulidan kuchga kirgan).

Ushbu o'zgarishga asosan barcha savdo va pullik xizmat ko'rsatish shoxobchalarida plastik kartochka egalaridan tashqari ularning roziligiga ko'ra boshqa shaxslar (oila a'zolari, do'stlari va boshqalar) ham foydalanishlari mumkin.

Shuni ham eslatib o'tish joizki, amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan bank muassasalarida, shu jumladan minibank va barcha turdagi kassalarda bank plastik kartochkalari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda plastik kartochka egasining shaxsni tasdiqlovchi hujjati talab qilinadi yoki boshqa shaxslar tomonidan plastik kartochka egasining yozma ishonchnomasi asosida hisob-kitoblar amalga oshiriladi.

Bank plastik kartochkasi bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonida “Pin-kod”ni 3 marta noto'g'ri tergan hollarda plastik kartochka avtomatik tarzda blokirovka holatiga tushadi.

“Pin-kod” bu bank kartasi egasining shaxsiy identifikatsion raqami hisoblanib, plastik kartochka yo'qotilganda yoki kartochka egasining ruxsatisiz boshqa shaxslar tomonidan to'lovlarni amalga oshirilganda mablag'lar xavfsizligini ta'minlash, plastik kartochka orqali firibgarlik hamda o'g'irliklarni oldini olish maqsadida o'rnatiladi.

Savol: Mamlakatimizda plastik kartochka tizimiga to'liq o'tish jarayoni qachonga mo'ljallangan? N.Yusupova, Buxoro viloyati

Javob: Respublikamizda bank plastik kartochkalari bilan hisob-kitoblar hajmlarini, terminal, bankomat va infokiosklar tarmog'ini kengaytirish, umuman olganda naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish borasida mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu sohadagi yutuqlarimizdan biri, mahalliy sharoitda to'lov terminallari, plastik kartochkalarni ishlab chiqarishga mo'ljallangan korxona faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, bu ham olib borilayotgan ishlarimizni yanada jadallashtirishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda, qariyb 8 mln. 300 ming donadan ortiq plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan bo'lib, ular orqali to'lovlarni qabul qilish maqsadida savdo va pullik xizmat ko'rsatish sub'ektlariga 100 ming tadan ortiq to'lov terminallari o'rnatilgan.

Platik kartochkalarni muomalaga chiqarish, to'lov terminallari va ular bilan hisob-kitoblar tizimini kengayishi, bu – daromad oluvchilar (plastik kartochkalardan foydalanuvchilar) sonining ortib borishi hamda yangi savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalarining tashkil etilishi natijasida ularning talabiga ko'ra bosqichma-bosqich o'zgarib boradi.

Banklarning oldiga qo'yilgan asosiy vazifa esa, plastik kartochka egalariga yanada qulayliklar yaratish hamda savdo va pullik xizmat ko'rsatish korxonalarini to'lov terminallari bilan ta'minlash va ularga samarali bank xizmatlarini ko'rsatish hisoblanadi.