O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI
¡ÇÁÅÊÈÑÒÎÍ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÀÑÈ ÌÀÐÊÀÇÈÉ ÁÀÍÊÈ
ÖÅÍÒÐÀËÜÍÛÉ ÁÀÍÊ ÐÅÑÏÓÁËÈÊÈ ÓÇÁÅÊÈÑÒÀÍ

Bosh sahifa > Markaziy bank tasarrufidagi korxona va tashkilotlar > Davlat asillik darajasini belgilash palatasi >

Yangilangan sana: 05.04.2010

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
07.12.2001 y. N 317-II

QIMMATBAHO METALLARDAN YaSALGAN BUYuMLARNING ASILLIK DARAJASI
VA TAMG'ALANIShI TO'G'RISIDA

Mazkur Qonunga quyidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan
O'zR 30.04.2004 y. 621-II-son Qonuni,
O'zR 15.09.2005 y. O'RQ-5-son Qonuni

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

2-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning
asillik darajasi va tamg'alanishi to'g'risidagi qonun hujjatlari

3-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan,
tamg'alanishi lozim bo'lgan buyumlar

4-modda. Qimmatbaho metallardan
yasalgan zargarlik buyumlari

5-modda. Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq

6-modda. Tish yasashga mo'ljallangan oltin quymalar

7-modda. Vakolatli davlat organi

8-modda. Asillik darajasini belgilash
palatasining vakolatlari

9-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan
buyumlarning asillik darajasi

10-modda. Qimmatbaho metallardan
yasalgan buyumlarni tamg'alash

11-modda. Davlat asillik darajasi tamg'alari

12-modda. Davlat asillik darajasi tamg'alarini
saqlash va ulardan foydalanish

13-modda. Tayyorlovchining shaxsiy tamg'asi

14-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan,
tamg'alanmaydigan buyumlar

15-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan,
qayta tiklangan buyumlar

16-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning
bildirilgan asillik darajasiga muvofiqligi

17-modda. Olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho
metallardan yasalgan buyumlarni tamg'alash tartibi

18-modda. Asillik darajasi to'lovi

19-modda. Nizolarni hal etish

20-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning
asillik darajasi va tamg'alanishi to'g'risidagi qonun
hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi realizatsiya qilishga mo'ljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini (probasini) aniqlash va tamg'alash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan
buyumlarning asillik darajasi va tamg'alanishi
to'g'risidagi qonun hujjatlari

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg'alanishi to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg'alanishi to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan,
tamg'alanishi lozim bo'lgan buyumlar

Zargarlik buyumlari, oltin zarvaraq, kumush zarvaraq va tish yasashga mo'ljallangan oltin quymalar qimmatbaho metallardan yasalgan, tamg'alanishi lozim bo'lgan buyumlardir.

4-modda. Qimmatbaho metallardan
yasalgan zargarlik buyumlari

Oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallardan (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiydan) yasalgan, asillik darajasiga ega bo'lgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamg'alanishi lozim bo'lgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari deb hisoblanadi.

5-modda. Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq

Oltin zarvaraq qalinligi 0,12 mikron bo'lgan oltin varaqlardan iborat bo'ladi.

Kumush zarvaraq qalinligi 0,32 mikron bo'lgan kumush varaqlardan iborat bo'ladi.

Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq asillik darajasiga ega bo'ladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamg'alanadi.

Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq turli predmetlarni bezash-pardozlash va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladi.

6-modda. Tish yasashga mo'ljallangan oltin quymalar

Asillik darajasiga ega bo'lgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamg'alanishi lozim bo'lgan tegishli shakldagi plastinalar tish yasashga mo'ljallangan oltin quymalar deb hisoblanadi.

7-modda. Vakolatli davlat organi

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (bundan buyon matnda Asillik darajasini belgilash palatasi deb yuritiladi) qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg'alash sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Asillik darajasini belgilash palatasi to'g'risidagi nizom O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlanadi. (O'zR 30.04.2004 y. 621-II-son Qonuni tahriridagi modda), (Oldingi tahririga qarang)

8-modda. Asillik darajasini
belgilash palatasining vakolatlari

Asillik darajasini belgilash palatasi:

O'zbekiston Respublikasida tayyorlanadigan hamda sotish uchun chet ellardan olib kirilayotgan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash, tekshirish va ularga davlat asillik darajasi tamg'alarini bosishni ta'minlaydi;

davlat asillik darajasi tamg'alarining, tayyorlovchilarga tegishli shaxsiy tamg'alarning izlarini texnik ekspertizadan o'tkazadi va ular yuzasidan xulosalar beradi;

qimmatbaho metallar bilan ishlash uchun ro'yxatdan o'tganlik guvohnomalarini beradi va belgilangan tartibda ulardan mahrum qiladi;

qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning ushbu Qonunda belgilangan asillik darajasiga muvofiqligi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajalari mazkur Qonunda belgilangan asillik darajasiga mos kelsa, ularga davlat asillik darajasi tamg'alari izlarini tushiradi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

9-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan
buyumlarning asillik darajasi

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlardagi asillik darajasi qotishmaning ming og'irlik birligida qancha birlikdagi qimmatbaho metall miqdori mavjudligini belgilaydi va bu arab raqamlari bilan ifodalanadi.

O'zbekiston Respublikasida asillik darajasining metrik tizimi qo'llaniladi:

1) zargarlik buyumlari uchun:

oltin  375 (uch yuz etmish beshinchi), 500 (besh yuzinchi), 583 (besh yuz sakson uchinchi), 585 (besh yuz sakson beshinchi), 750 (etti yuz elliginchi), 916 (to'qqiz yuz o'n oltinchi), 958 (to'qqiz yuz ellik sakkizinchi), 999 (to'qqiz yuz to'qson to'qqizinchi);

kumush  800 (sakkiz yuzinchi), 875 (sakkiz yuz etmish beshinchi), 916 (to'qqiz yuz o'n oltinchi), 925 (to'qqiz yuz yigirma beshinchi), 960 (to'qqiz yuz oltmishinchi), 999 (to'qqiz yuz to'qson to'qqizinchi);

platina  950 (to'qqiz yuz elliginchi), 999 (to'qqiz yuz to'qson to'qqizinchi);

palladiy  500 (besh yuzinchi), 850 (sakkiz yuz elliginchi), 999 (to'qqiz yuz to'qson to'qqizinchi);

2) oltin zarvaraq va kumush zarvaraq uchun  910 (to'qqiz yuz o'ninchi), 920 (to'qqiz yuz yigirmanchi), 930 (to'qqiz yuz o'ttizinchi), 940 (to'qqiz yuz qirqinchi), 950 (to'qqiz yuz elliginchi), 960 (to'qqiz yuz oltmishinchi), 970 (to'qqiz yuz etmishinchi), 980 (to'qqiz yuz saksoninchi), 990 (to'qqiz yuz to'qsoninchi), 1000 (minginchi);

3) tish yasashga mo'ljallangan mahsulotlar uchun:

oltin quymalar  900 (to'qqiz yuzinchi) va 916 (to'qqiz yuz o'n oltinchi).

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar quyidagi asillik darajasidan past bo'lishi mumkin emas:

oltin  375 (uch yuz etmish beshinchi);

kumush  800 (sakkiz yuzinchi);

platina  950 (to'qqiz yuz elliginchi);

palladiy  500 (besh yuzinchi).

Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan asillik darajasidan past darajaga ega bo'lgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar deb hisoblanmaydi va qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar sifatida realizatsiya qilinishi mumkin emas.

10-modda. Qimmatbaho metallardan
yasalgan buyumlarni tamg'alash

O'zbekiston Respublikasida tayyorlangan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq davlat asillik darajasi tamg'asi bilan tamg'alanishi lozim.

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar ularning bildirilgan asillik darajasini tasdiqlab berish maqsadidagina, nazorat tekshiruvidan o'tkazilgandan keyin tamg'alanadi.

Tamg'alash, boshqa ishlarni amalga oshirish tartibi, shuningdek asillik darajalarini va tekshiruvlarni tanlash usullari O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamg'alash qoidalariga muvofiq belgilanadi.

11-modda. Davlat asillik darajasi tamg'alari

Davlat asillik darajasi tamg'alari qimmatbaho metallning har bir turi uchun belgilangan shakldagi tamg'alar bo'lib, Asillik darajasini belgilash palatasining tasdiq belgisi hamda buyum tayyorlangan qimmatbaho metallning asillik darajasini ko'rsatuvchi raqamlardan iborat bo'ladi.

Davlat asillik darajasi tamg'alarining shakllari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

12-modda. Davlat asillik darajasi tamg'alarini
saqlash va ulardan foydalanish

Asillik darajasini belgilash palatasi davlat asillik darajasi tamg'alarining saqlovchisi va foydalanuvchisi hisoblanadi.

13-modda. Tayyorlovchining shaxsiy tamg'asi

Asillik darajasini belgilash palatasiga tamg'alash uchun taqdim etilgan, O'zbekiston Respublikasida tayyorlangan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarda tayyorlovchining shaxsiy tamg'asi qo'yilgan bo'lishi kerak.

Tayyorlovchining shaxsiy tamg'asi harf yoki harflar birikmasidan yoxud uni o'zga tayyorlovchilarning tamg'asidan farqlovchi boshqa belgidan iborat bo'ladi. Tayyorlovchining shaxsiy tamg'asida buyum tayyorlangan yil ko'rsatiladi.

Tayyorlovchining shaxsiy tamg'asi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Asillik darajasini belgilash palatasida ro'yxatdan o'tkazilishi lozim.

14-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan,
tamg'alanmaydigan buyumlar

Quyidagilar davlat asillik darajasi tamg'asi bilan tamg'alanmaydi:

ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida belgilanganidan past asillik darajasiga ega bo'lgan oltin, kumush, platina va palladiydan yasalgan buyumlar;

tarixiy yoki arxeologik ahamiyatga ega yoxud O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining belgilangan tartibda tuzilgan ekspert xulosasi mavjud bo'lgan yuksak badiiy qimmatga molik, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar; (O'zR 15.09.2005 y. O'RQ-5-son Qonuni tahriridagi xat boshi)

qurollar, vazalar, idishlar va boshqa ashyolar sirtidagi qimmatbaho metalli mayda o'yma naqshlar (qadama naqshlar);

ilmiy, texnik va boshqa maqsadlarga mo'ljallangan, qimmatbaho metallardan yasalgan asbob-anjomlar, laboratoriya idishlari va boshqa buyumlar;

qimmatbaho metallardan yasalgan xomaki mahsulotlar va quymalar;

O'zbekiston Respublikasining va boshqa davlatlarning tangalari;

yasama tishlar;

belgilar, farqlash belgilari va medallar, sport mukofotlari;

zarqog'ozlar.

Qonun hujjatlarida tamg'alanmaydigan, qimmatbaho metallardan yasalgan boshqa buyumlar ham nazarda tutilishi mumkin.

15-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan,
qayta tiklangan buyumlar

Qimmatbaho metallardan yasalgan, qayta tiklangan, realizatsiya qilishga mo'ljallangan buyumlar asillik darajasi tamg'asining izlari mavjudligidan va sifatidan qat'i nazar Asillik darajasini belgilash palatasida ularning bildirilgan asillik darajasiga mosligini aniqlash uchun nazorat tekshiruvidan o'tishi lozim.

Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumning asillik darajasi mavjud tamg'adagi asillik darajasiga mos kelsa, davlat asillik darajasining tamg'asi bosiladi.

Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumning asillik darajasi mavjud tamg'adagi asillik darajasiga mos kelmasa, bosilgan tamg'a yo'q qilinadi va buyumga belgilangan tartibda qayta tamg'a bosilishi lozim.

Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumga tamg'a bosilmagan bo'lsa, uning asillik darajasi belgilanganidan so'ng davlat asillik darajasining tegishli tamg'asi bosiladi.

16-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning
bildirilgan asillik darajasiga muvofiqligi

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyum, agar uning tarkibidagi sof oltin, kumush, platina yoki palladiyning miqdori bildirilganidan kam bo'lmasa, bildirilgan asillik darajasiga muvofiq deb hisoblanadi.

Asillik darajasi ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida belgilanganidan past bo'lgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tayyorlanishiga yo'l qo'yilmaydi.

17-modda. Olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho
metallardan yasalgan buyumlarni tamg'alash tartibi

Realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarga davlat asillik darajasi tamg'asi bosilishi kerak.

Qimmatbaho metallardan yasalgan, olib kirilayotgan, bildirilganidan boshqacha asillik darajasiga ega bo'lgan buyumlardagi tamg'a egasining roziligiga ko'ra yo'q qilinadi. Ushbu buyumlarga qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan asillik darajasiga eng yaqin asillik darajasi tamg'asi qayta bosilishi lozim. Egasi rozi bo'lmagan taqdirda ushbu buyumlarni u O'zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishga majburdir.

Olib kirilayotgan buyumlarni tamg'alash bilan bog'liq xarajatlar ularning egalari tomonidan qoplanadi.

Tranzit tarzida olib o'tilayotgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tamg'alanmaydi.

18-modda. Asillik darajasi to'lovi

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg'alash bilan bog'liq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun Asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan asillik darajasi to'lovi undiriladi.

Asillik darajasi to'lovining miqdori va uni to'lash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

19-modda. Nizolarni hal etish

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg'alanishi bilan bog'liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

20-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning
asillik darajasi va tamg'alanishi to'g'risidagi qonun
hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg'alanishi to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.

 

O'zbekiston Respublikasining
             Prezidenti                                                                                                 I. Karimov

 

"O'zbekiston Respublikasi qonunlar to'plami" 2002 yil, 1-son