Markaziy bank tomonidan ilg‘or xorijiy davlatlar regulyatorlarining tajribalari asosida Moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Konsepsiya Markaziy bankning moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish sohasida tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini, sohaga oid kelgusidagi siyosati va yondashuvlarini belgilab beradi.
Shu bilan birga, konsepsiyada iste’molchilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoit yaratish, ularning kutilmalari va ehtiyojlariga mos keladigan moliyaviy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash hamda moliyaviy xizmatlarni yetkazib beruvchilarning yanada mas’uliyatli faoliyat yuritishiga e’tibor qaratiladi.
Konsepsiya doirasida iste’molchi uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanishda quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
• moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaffofligi;
• mahsulotlar va xizmatlarning iste’molchilar ehtiyojlariga muvofiqligi;
• mahsulotlar va xizmatlarni erkin tanlash imkoniyati;
• xizmatlar ko‘rsatilishida iste’molchilarga adolatli (hurmat bilan) munosabatda bo‘lish;
• mahsulotlar va xizmatlardan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlanishi;
• iste’molchilar tomonidan o‘z murojaatlari va shikoyatlarini bildirish bo‘yicha qayta aloqaning mavjudligi;
• iste’molchilar bilan yuzagan kelgan nizolarni hal etish jarayonlarining tashkil etilganligi;
• qiyinchilikka duch kelgan iste’molchilarga murakkab vaziyatlarda ko‘mak berish;
• aholining himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash.
Bundan tashqari, konsepsiyani amaliyotga joriy etish orqali:
• bank-moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish;
• mijozbay ishlash tizimini yanada rivojlantirish;
• moliyaviy xizmatlarni yetkazib beruvchilarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida adolatli xulq-atvor madaniyatini shakllantirish;
• Markaziy bankning tizimli va faol nazoratini yo‘lga qo‘yishga erishish ko‘zlanadi.